O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yil 7-mart kuni Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishda mamlakatimizda ayollar tadbirkorligini yangi bosqichga ko‘tarish va ularning bandligiga ko‘maklashish borasida qator vazifalar belgilab berildi hamda “Xotin-qizlarning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PQ-122-sonli qarori qabul qilindi.
Joriy yilning 7-avgust kuni Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash uchun grant mablag‘larini (100 mln dollar) jalb etish masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Senat aʼzolari, masʼul vazirlik va idoralar vakillari, nodavlat notijorat tashkilotlari, siyosiy partiyalar vakillari ishtirok etdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda kichik biznes, xususiy va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Yil boshidan 3,5 mlrd dollarlik 3 mingta loyiha ishga tushirilib, 76 mingta yuqori daromadli doimiy ish o‘rni yaratildi. Tadbirkorlik uchun 82 trln so‘mlik kredit va 15,5 trln so‘mlik subsidiya berilib, 600 ming aholi biznesga jalb qilindi.
Xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalarini keng qo‘llab-quvvatlash maqsadida grantlar, texnik ko‘mak va boshqa tashqi beg‘araz ko‘mak mablag‘larini faol jalb etish, xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar va jamg‘armalar bilan aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha dolzarb vazifalar ham muhokama qilindi.
Tadbirda vazirlik va idoralar, nodavlat tashkilotlar vakillariga grant olish yuzasidan takliflar tayyorlash va taqdim qilish tartibi haqida tushunchalar berildi.
Tashqi ishlar vazirligiga, Investitsiyalar sanoat va savdo vazirligiga xorijdagi vakolatxonalar bilan birgalikda xalqaro donor tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va tayyorlangan takliflarni ularga yetkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Bunda Saudiya Arabistoni, Qatar, Yaponiya, Janubiy Koreya va Germaniya kabi davlatlarga alohida eʼtibor qaratish kerakligi aytib o‘tildi.
Shuningdek, masʼul vazirlik va idoralar bilan birgalikda 14 yo‘nalishda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga xalqaro moliya tashkilotlarining grant mablag‘larini jalb etish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqildi.
Manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan tayyorlangan jami 140,5 mln dollar miqdorida o‘zbek tilidagi 59 ta grant loyihasi konsepsiyalari bo‘yicha fikr va takliflar bildirildi.
Yig‘ilishda kelgusidagi rejalar ham belgilab olindi.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
- Qo'shildi: 07.08.2024
- Ko'rishlar: 1196
- Chop etish