(Prezidentimizning interv`yusini o'qib)
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “Yangi O'zbekiston” gazetasi bosh muharririga bergan interv`yusini o'qib, quyidagi fikr-mulohazalar tug'ildi.
Tarixiy interv`yu
“Yangi O'zbekistonni barpo etish – bu shunchaki xohish-istak, sub'ektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega bo'lgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy-ma'rifiy vaziyatning o'zi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga to'la javob beradigan ob'ektiv zaruratdir”.
Ushbu fikrlar interv`yuda ta'kidlangan. Mazkur interv`yu xalqimiz, xorijiy va xalqaro jamoatchilik tomonidan qizg'in o'rganilmoqda.
Bu bejiz emas. Chunki, avvalambor, bu – davlatimiz rahbari keyingi besh yilda milliy ommaviy axborot vositasiga bergan ilk interv`yudir.
Shu ma'noda, ushbu yangi voqelik:
birinchidan, O'zbekiston Prezidentining mamlakatimiz ommaviy axborot vositalariga ishonishi;
ikkinchidan, so'z va axborot erkinligini qat'iy qo'llab-quvvatlashi;
uchinchidan, jurnalistlar va blogerlarni har doim himoya qilish hamda rag'batlantirishga tayyorligining yana bir amaliy tasdig'i bo'ldi.
Prezidentimizning interv`yusi Harakatlar strategiyasi doirasida o'tgan davrda amalga oshirilgan keng qamrovli ishlarning o'ziga xos sarhisobidir. Ha, aynan – sarhisob, hisobot emas. Chunki jurnalistning savollariga javoblarda qachon qanday hujjat qabul qilindi-yu, uning ijrosi qay tarzda ta'minlandi degan mazmundagi rasmiyatchilik uchun aytiladigan quruq gaplar uchramaydi.
Davlatimiz rahbari keyingi yillarda qo'lga kiritilgan natijalarni sanash bilan kifoyalanib qolmadi va mamlakatimiz hayotining turli sohalarida hal etilishi kerak bo'lgan muammolar mavjudligiga ko'z yumish yo'lidan ham bormadi. Aksincha, hammasi joyida, degan kayfiyat bilan bunday muammolarni bilib – bilmaganga, ko'rib – ko'rmaganga olib, g'aflat uyqusiga botib yuraverishni o'zimizga, xalqimizga, kelajakka nisbatan xiyonat ekanini ochiq va oshkora aytdi.
Interv`yuning xususiyati: xalqchillik va xolislik
“Mening tabiatim bunday soxta hayotni mutlaqo qabul qilolmaydi. Xalqimiz menga ishonch bildirdi, ana shu yuksak ishonchni oqlash, el-yurtimizga munosib hayot sharoitini yaratib berish – men uchun hayotimning ma'no-mazmunidir. Men millionlab insonlarning taqdiri uchun mas'uliyatni zimmamga olgan ekanman, islohotlar borasida boshqacha yo'l tutishim, hammasini avvalgidek qoldirishim aslo mumkin emas”, dedi O'zbekiston Prezidenti.
Yurtboshimiz Yangi O'zbekistonni barpo etishga qaratilgan fikrlari, orzu-umidlaridan iborat o'z pragmatik qarashlarini izchillik bilan ochib berdi.
Prezidentimizning fikricha, “Yangi O'zbekiston – demokratiya, inson huquq va erkinliklari borasida umume'tirof etilgan norma va printsiplarga qat'iy amal qilgan holda, jahon hamjamiyati bilan do'stona hamkorlik tamoyillari asosida rivojlanadigan, pirovard maqsadi xalqimiz uchun erkin, obod va farovon hayot yaratib berishdan iborat bo'lgan davlatdir”.
Bu – Yangi O'zbekiston haqidagi lo'nda va xalqona ta'rifdir. Chindan ham, inson huquqlari sohasida keyingi besh yilda muhim yangilanishlarga erishildi.
O'zbekiston ilk bor 2021-2023 yillarda BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zoligiga saylandi va 2021 yil 1 yanvardan bu boradagi vazifasini bajarishga kirishdi. Endilikda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining nufuzli xalqaro tashkilotning oliy minbaridan turib o'zbek tilida ilgari surgan va jahon hamjamiyati tomonidan keng qo'llab-quvvatlangan milliy, mintaqaviy va xalqaro tashabbuslari izchillik bilan ro'yobga chiqarilmoqda.
E'tibor bering: mustaqillikning o'tgan chorak asri davomida O'zbekiston Respublikasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari uchun mas'ul biron-bir tuzilmasiga a'zo bo'lib kirishi haqida gap bo'lishi mumkin emasdi. Aksincha, ushbu tashkilotlar O'zbekistonni inson huquqlari borasida har doim tanqid qilish bilan band edi.
Binobarin, bundan o'ttiz yil oldin mustaqillik shu ozod yurtda yashaydigan har bir insonning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining to'la ta'minlanishi kafolati bo'lib maydonga chiqdi.
Mustaqil O'zbekiston – konstitutsiyaviy davlat
O'zbekistonda zamonaviy davlatchilik asoslari yaratilib, konstitutsiyaviy tuzumga asos solindi. Davlat hokimiyatining uchta mustaqil tarmog'i – qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari qaror topdi. Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, istiqlol yillarida O'zbekistonda tom ma'nodagi konstitutsiyaviy davlat barpo etildi. Konstitutsiyaviy davlat deganda:
birinchidan, Konstitutsiyada belgilangan davlat hokimiyati idoralari tuzilgani va faoliyati yo'lga qo'yilgani;
ikkinchidan, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari ta'minlanayotgani;
uchinchidan, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati izchil kengayib borayotganini tushunish lozim.
Bundan tashqari, Prezidentimiz ta'kidlaganidek, “O'zbekiston Respublikasining suvereniteti va davlat mustaqilligini, sarhadlarimiz daxlsizligi, xalqimizning tinch-osoyishta hayoti hamda milliy manfaatlarimizni ishonchli himoya qilishga qodir bo'lgan Qurolli Kuchlar tashkil etildi. Milliy valyutamiz – so'm joriy etildi va oltin-valyuta zaxiralarimiz shakllantirildi”.
Shu o'rinda mustaqillik va davlat ramzlari haqida muxtasar to'xtalishga to'g'ri keladi. Nega deganda, aksariyat yurtdoshlarimiz “davlat ramzlari” deganda, faqat Davlat bayrog'i, Davlat gerbi va Davlat madhiyasini tushunadilar. Shuning uchun bu muhim timsollar qatoriga – davlatning nomi, poytaxti, milliy valyutasi, mukofot va unvonlari, Konstitutsiyasi va Prezidenti ham kirishini qayd etish maqsadga muvofiqdir.
“Markaziy Osiyo ruhi”
Ochilish va ochiqlik haqida ikki og'iz so'z. Bu tushunchalar keyingi besh yilda O'zbekiston davlati va jamiyati rivojlanishining tub mohiyatiga singib bormoqda. Avvalo, O'zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlariga O'zbekistonni, qo'shni va qardoshlarimizga xalqimizning mehrli bag'rini ochdi.
Natijada azal-azaldan o'zaro qardosh va birodar bo'lgan mamlakatlarimiz ko'pgina mintaqaviy va global masalalar, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot bo'yicha yaqin hamkorlikda harakat qilishni boshladi. Prezidentimiz qayd etganidek, “Jahon siyosatshunosligida “Markaziy Osiyo ruhi” degan ibora paydo bo'ldi”.
Shu bilan bir qatorda, O'zbekiston so'nggi yillarda xalqaro hamjamiyatga o'z eshiklarini keng ochib qo'ydi. O'tgan tarixan qisqa davrda yurtimizning jahon miqyosidagi siyosiy o'rni va nufuzi keskin oshdi. Dunyoda Yangi O'zbekistonga nisbatan qiziqish, intilish va ishonch ruhi, mamlakatimiz bilan hamkorlikka erishish tamoyillari kuchaydi.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, O'zbekiston Prezidentiga xalqaro hamjamiyatning ishonchi juda yuqori va bu ishonch tobora ortib hamda mustahkamlanib bormoqda. Yaqinda Toshkentda bo'lib o'tgan Yoshlar huquqlari bo'yicha butunjahon konferentsiyasida, koronavirus sharoitiga qaramay, 40 dan ortiq davlatdan 150 dan ziyod vakil ishtirok etgani hamda o'ndan ortiq nufuzli tashkilotning rahbarlari onlayn tarzda faol qatnashgani bu fikrimizning yorqin isbotidir.
Interv`yuda qayd etilganidek, “ichki va tashqi siyosatimizdagi ana shunday uyg'unlik xalqimiz manfaatlarini ko'zlab amalga oshirilmoqda va buning natijasini oddiy odamlar o'z hayoti va taqdirida his etmoqda. Yana bir muhim tomoni shundaki, O'zbekiston bugun o'zining uzoqni ko'zlagan siyosati bilan mintaqamiz va jahondagi siyosiy jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylandi”.
Davlat – xalq xizmatida
Ochiqlik haqida so'z borar ekan, eng asosiysi, mamlakat ichkarisidagi ochiqlikning ahamiyati beqiyos ekanini ta'kidlash lozim. Bunda, birinchi navbatda, Prezidentimiz davlat idoralarini xalqimizga ochib bergani haqida so'z bormoqda. So'nggi yillarda “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan muhim konstitutsiyaviy tamoyilni hayotimizga izchil, tizimli va qat'iyat bilan joriy etishga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
Sodda qilib aytganda, bugungi kunda davlat idoralari xalqning xizmatkoriga aylanmoqda. Prezidentimiz o'z faoliyatining dastlabki kunlaridanoq olib borayotgan ushbu siyosatning zamirida quyidagi omillar yotibdi.
Birinchi omil: Yurtboshimiz mamlakat oliy boshqaruvida ish boshlashiga qadar ijro etuvchi hokimiyatning quyi tizimi – tuman, viloyat hokimligidan toki yuqori tizimi – Bosh vazir lavozimida ham ko'p yillar ishlagan. Interv`yuda qayd etilganidek, “Bir paytlar men ham hokim bo'lib ishlaganman. U vaqtlardagi sharoitni hozirgi imkoniyatlar bilan mutlaqo solishtirib bo'lmaydi. Ko'p-ko'p masalalarda qo'l-oyog'imiz bog'langan edi, hamma narsani “tepa”ning qosh-qovog'iga qarab bajarishga to'g'ri kelardi”.
Ikkinchi omil: Shavkat Mirziyoev istiqlol arafasida va mustaqillikning dastlabki yillarida milliy parlament deputatligiga saylanib, qonun chiqaruvchi hokimiyatning mas'ul lavozimlarida xizmat qilgan. Shu asnoda O'zbekiston davlat mustaqilligining e'lon qilinishi, Konstitutsiyamizning ishlab chiqilishi va qabul qilinishi, umuman, Vatanimiz mustaqilligining 30 yillik tarixidagi burilish nuqtalariga daxldor eng asosiy jarayonlarda bevosita ishtirok etgan hamda o'zining aynan yaratuvchanlik faoliyatini yaqqol namoyon etgan.
Uchinchi omil: Yurtboshimiz mamlakat hayotini, xalq dardini, odamlarimizning tashvishlari va ehtiyojlarini ich-ichidan juda yaxshi biladi. Xalqning ichiga kirib va ishonchini qozonib, odamlarning dardu tashvishlari bilan yashashni o'zining hayotdagi bosh maslagi deb hisoblaydi. Zero, xalqqa xizmat qilish – Prezident Shavkat Mirziyoev hayotining butun ma'no-mazmunidir.
Milliy taraqqiyotning ustuvor vazifalari
Bu bilim va tajriba jamiyatning barcha qatlami vakillari – olimlar va ijodkorlar, yoshlar va xotin-qizlar, din xizmatchilari va shifokorlar, sud`yalar va prokurorlar bilan yuzma-yuz uchrashuvlar negizida keyingi davrda yanada mukammallashdi. Shu jihatdan, interv`yuda qayd etilganidek, milliy taraqqiyotimizning hozirgi bosqichida mamlakat miqyosidagi oltita eng ustuvor vazifa:
ijtimoiy siyosat;
iqtisodiy taraqqiyot;
hozirgi global pandemiya davrida tadbirkorlarni o'z muammolari girdobiga tashlab qo'ymaslik;
agrar sektorni zamon talablari asosida rivojlantirish;
xalqimizning sog'ligi va hayotini asrash;
yangi sharoitda ma'naviy-ma'rifiy ishlarni kuchaytirish sohalari bo'yicha g'oyat hayotiy va amaliy yechimlar kun tartibiga qo'yilgani diqqatga sazovor.
Yurtboshimiz katta-kichik rahbarlarning bilimi va tajribasi, tashkilotchilik salohiyati, el-yurt ishi uchun fidoyiligini yuksak qadrlaydi. “Ayniqsa, quyi pog'onadagi rahbarlar o'z dunyoqarashini o'zgartirib, oddiy fuqaroga yelkadosh bo'lib, tadbirkorga do'st bo'lib ishlamasa, biz qanchalik ko'p kuch va mablag' sarflamaylik, farmon va qarorlar qabul qilib, sharoit yaratmaylik, joylarda islohotlarimizning oldinga yurishi qiyin bo'ladi”, deydi Prezidentimiz.
Shunday ekan, turli bo'g'indagi rahbar o'rinbosarlari o'z boshlig'ining soyasida yuradigan vaqt o'tdi. Endi shaxsiy mas'uliyat va javobgarlik barcha boshqaruv idoralari xodimlari uchun bosh mezon bo'ladi.
Hozirgi kunda odamlarni qiynayotgan muammolarni joylarda, mahallaning o'zida hal etishga alohida e'tibor berilmoqda. Davlatimiz rahbari ta'biri bilan aytganda, “har bir hokimning kabineti “Xalq qabulxonasi”ga aylanishi lozim”. Shunda har qaysi rahbar hududdagi haqiqiy ahvoldan to'la xabardor bo'ladi, ishida unum va samaraga erishadi.
Yangi O'zbekiston – yangi dunyoqarash
Interv`yuda Yangi O'zbekistonni barpo etishning yetakchi omillari sodda va tushunarli tilda izohlab berildi. Prezidentimizning uqtirishicha, bu muhim jarayonda tarixiy, siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy-ma'rifiy, tashqi siyosiy va amaliy omillar ob'ektiv zaruratdir.
Bu mas'uliyatli jarayonda, davlatimiz rahbari qayd etganidek, “inson huquq va erkinliklari”, “qonun ustuvorligi”, “ochiqlik va oshkoralik”, “so'z erkinligi”, “din va e'tiqod erkinligi”, “jamoatchilik nazorati”, “gender tenglik”, “xususiy mulk daxlsizligi”, “iqtisodiy faoliyat erkinligi” singari fundamental demokratik tushunchalar va hayotiy ko'nikmalar hozirgi vaqtda real voqelikka aylanib borayotgani e'tiborlidir”.
Bugungi kunda biz erishgan eng muhim natija – demokratik islohotlarimiz ortga qaytmaydigan tus olgani, deydi O'zbekiston Prezidenti. “Bugungi O'zbekiston – kechagi O'zbekiston emas, bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas”, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.
Yodingizda bo'lsa kerak: 2015-2016 yillarda xalqimizning ma'naviy darg'alari bo'lmish bir necha atoqli olimu adiblarimizdan izma-iz ayrilib qoldik. O'sha davrda Prezident Shavkat Mirziyoev: “Bugun bizga Abdulla Oripov, Erkin Vohidovlar yetishmayapti”, deb bot-bot takrorlardi.
Bu afsus va armonlar beiz ketmadi, aksincha, ezgu niyat, ezgu so'z va ezgu amalga aylandi. Sevimli shoirlarimizning ijod maktablariga asos solindi, yubiley sanalari keng nishonlandi, kitoblarini muntazam nashr etish va izchil o'rganish yo'lga qo'yildi. Hattoki ardoqli shoiru adiblarimizning oila a'zolariga ham yuksak e'tibor va g'amxo'rlik ko'rsatildi: ularning jafokash umr yo'ldoshlari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Interv`yuda Abdulla Oripov va Erkin Vohidov she'riy misralari ham keltirilgani timsolida Prezidentimizning mehr-oqibati o'tkinchi va soxta emas, aksincha, samimiy va barqaror ekaniga yana bir bor amin bo'ldik. Ayni chog'da, davlatimiz rahbari Imom Buxoriy, Amir Temur, Alisher Navoiy kabi ulug' ajdodlarimiz, jadid-ma'rifatparvar bobolarimizning ma'naviy merosiga ham murojaat qilganlari bejiz emas.
Bu – ma'naviy uyg'onish va yuksalishga da'vat. Zero, “Bugun odamlar uyg'onmoqda, jamiyat uyg'onmoqda. Ma'naviy uyg'oq jamiyat – bu, hech shubhasiz, qudratli kuchdir”.
O'tmishda mutafakkir ajdodlarimiz adolatli rahbar, oqil va odil yurt egasi degan ezgu g'oyani ilgari surganlar. Jumladan, Alisher Navoiy hazratlari bu haqda: “Shohki, ish adl ila bunyod etar, Adli buzuq mulkni obod etar” kabi misralarni bitib qoldirgan.
Keyingi yillarda o'sha orzu-niyatlarning yaqqol ro'yobini ko'rmoqdamiz. Binobarin, “Bugun odamlarda adolatga, haqiqatga ishonch paydo bo'lmoqda. Ular turli darajadagi rahbar va mansabdorlarning ish faoliyatiga xolisona baho bermoqda, kamchiliklarni oshkora tanqid qilmoqda. Milliy taraqqiyotimiz uchun bu juda muhim ahamiyatga ega”.
Yangi O'zbekistonga – yangi dunyoqarash xosdir. Odatda, nazariyadan amaliyotga o'tiladi, g'oyalar e'tiqodga aylanadi. Shu nuqtai nazardan, bugungi kunda Yangi O'zbekiston g'oyasi va falsafasi hayotimiz voqeligiga, kundalik turmushimizning amaliyoti va ko'nikmalariga aylanib borayotgani juda ham muhim.
Shu bilan birga, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta'kidlaganidek, “Bugungi O'zbekiston — bu hali tom ma'nodagi, biz orzu qilayotgan, intilayotgan Yangi O'zbekiston emas. Hali bu marraga yetish uchun oldimizda juda olis va mashaqqatli yo'l turibdi. Yo'limiz shu paytgacha oson bo'lgani yo'q, bundan keyin ham oson bo'lmaydi. Lekin biz dadil oldinga borishdan, kerak bo'lsa, kutilmagan, ammo pirovard natijasi samarali va xalqimiz manfaatlariga javob beradigan noan'anaviy qarorlar qabul qilishdan cho'chimasligimiz zarur”.
Akmal Saidov,
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari,
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori
19.08.2021
“Yangi O'zbekiston” gazetasi
- Qo'shildi: 23.08.2021
- Ko'rishlar: 3676
- Chop etish