Yangilangan Konstitutsiya orqali Yangi O‘zbekistonni barpo etishning konstitutsiyaviy asoslari yanada mustahkamlandi.
Ushbu asoslarni hayotga tatbiq etish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar haqida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Xalqaro huquq va davlat huquqi fanlari” kafedrasi dotsenti, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Zarina Isroilova o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
– Yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilinishi amalga oshirilayotgan islohotlar xalqimiz tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanayotganidan dalolat berdi.
Shu bilan birga, islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish, har bir fuqaroga o‘z salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratish maqsadida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi qabul qilindi.
Prezidentimizning 2023 yil 11 sentyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan Ctrategiyada barqaror iqtisodiy o‘sish orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin olish belgilangan. Aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish, aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish, xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish, mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta’minlash kabi masalalar qamrab olindi.
Eng muhimi, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish va uning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish barcha davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida eng ustuvor vazifa etib belgilandi. Bu bo‘yicha ularning birinchi rahbarlariga shaxsiy mas’uliyat yuklandi.
Strategiyada Yangi O‘zbekistonni barpo etishda Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar rolini yanada oshirishga e’tibor qaratildi. Boisi, parlament xalq vakilligining oliy organi bo‘lib, uning roli oshirilishi aholi manfaatlarini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Partiyalarning asosiy vazifasi ham odamlar talablarini ilgari surish, ularni amalga oshirish yo‘lida harakat qilishdir.
Strategiya doirasida parlament va uning organlari ish jarayonlarini raqamli transformatsiya qilish, shu jumladan, ular tomonidan qarorlar qabul qilish va e’lon qilish jarayonlari yuz foiz raqamlashtiriladi.
Saylovchilar bilan elektron muloqot qilish, deputat so‘rovini elektron tarzda yuborish va nazorat qilish imkoniyati ta’minlanadi.
Qonunchilikka oid takliflarni kiritish va ko‘rib chiqish tartibi joriy qilinadi.
Demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish maqsadida vakillik organlariga saylovning aralash (majoritar-proporsional) tizimi joriy qilinadi.
Bu boradagi vazifalar ijrosi doirasida 2023 yil 18 dekabrda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi.
Konstitutsiyaviy qonun bilan Saylov kodeksiga hamda bir qator qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Saylov kodeksiga Qonunchilik palatasi saylovi aralash (majoritar, proporsional) saylov tizimi asosida o‘tkazilishiga oid qo‘shimcha kiritildi.
Bunda saylov okruglari bir mandatli va yagona saylov okruglariga ajratiladi. Qonunchilik palatasining 75 nafar deputati majoritar saylov tizimi asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari proporsional saylov tizimi (nomzodlar ro‘yxati) asosida siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar bo‘yicha yagona saylov okrugidan saylanadi.
Yagona saylov okrugida deputatlikka nomzodlar siyosiy partiyalar tomonidan nomzodlar ro‘yxati asosida taqdim etiladi.
Saylov komissiyalari tizimi takomillashtirilib, Markaziy saylov komissiyasi, hududiy saylov komissiyalari, tuman va shahar saylov komissiyalari, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlariga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari va uchastka saylov komissiyalari tizimi tashkil etilishi belgilandi.
Markaziy saylov komissiyasi a’zolar soni to‘qqiz nafar etib belgilandi. Uning kamida bir nafar a’zosi Qoraqalpog‘iston vakili bo‘ladi. Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining raisi besh yillik muddatga saylanishi va ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Markaziy saylov komissiyasining raisi etib saylanishi mumkin emasligi belgilab qo‘yildi.
“O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, referendum tashkil etish va o‘tkazishda referendum okruglarini tuzish tartibi bekor qilindi.
Mazkur vazifa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy saylov komissiyalari, tuman va shahar saylov komissiyalari, uchastka saylov komissiyalari tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.
Markaziy saylov komissiyasining ovoz berish yakunlarini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi qarori ustidan Oliy sudga shikoyat qilish muddati referendum yakunlari e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘n kundan besh kunga qisqartirildi.
Referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda ommaviy axborot vositalari vakillarining ishtirok etish tartibi belgilandi.
Mamlakatimizda bo‘ladigan navbatdagi saylov va referendum bilan bog‘liq siyosiy jarayonlar yuqoridagi kabi yangi qonunchilik asosida bo‘lib o‘tadi.
O‘zA muxbiri
N.Abduraimova
yozib oldi.
- Qo'shildi: 23.01.2024
- Ko'rishlar: 2779
- Chop etish