O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning «Yangi O'zbekiston» gazetasi bosh muharririga bergan interv`yusi mamlakatimiz aholisi va xalqaro jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilinmoqda. Ushbu suhbatda O'zbekistonning oxirgi 5 yillikdagi rivojlanish yo'li, ichki va tashqi siyosati, hozirgi kundagi ustuvor vazifalar haqida so'z borgan.
Jahon amaliyoti shuni ko'rsatadiki, davlat rahbarining ommaviy axborot vositalari bilan o'zaro muloqoti keng jamoatchilikni amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi vazifalar hakida tezkor xabardor qilishning samarali vositasi hisoblanadi.
Ushbu interv`yuda mamlakatimizning o'ttiz yillik davr ichida erishgan yutuqlariga e'tibor qaratilgan. Unda, shuningdek davlatimiz rahbarining Yangi O'zbekistonni siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy-ma'rifiy va tashqi siyosat sohalarida rivojlantirish borasidagi eng asosiy kontseptual qarashlari qamrab olingan.
Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasi doirasida keyingi 5 yilda 300 dan ortiq qonun, shu jumladan 6 ta kodeks, Prezidentning 3 mingdan ortiq farmon va qarorlari, davlat va jamiyat qurilishi, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sohalariga doir 15 ta kontseptsiya qabul qilindi.
Shu qisqa muddat mobaynida qonunlarni qabul qilish jarayoni 2,5 barobar oshdi. Jumladan, mamlakatimiz Asosiy qonuniga kiritilgan 15 ta qo'shimcha va o'zgartirishlardan 8 tasi so'nggi 4 yilda qabul qilingan.
Shu bilan birga, Prezident Shavkat Mirziyoev “Uchinchi Renessans” va “Yangi O'zbekiston” kontseptsiyalari nimani anglatishi haqida atroflicha so'zlab berdi. Xususan, “Yangi O'zbekiston – demokratiya, inson huquq va erkinliklari borasida umume'tirof etilgan norma va printsiplarga qat'iy amal qilgan holda, jahon hamjamiyati bilan do'stona hamkorlik tamoyillari asosida rivojlanadigan, pirovard maqsadi xalqimiz uchun erkin, obod va farovon hayot yaratib berishdan iborat bo'lgan davlatdir”.
Davlat rahbari suhbat davomida mamlakatimiz sud-huquq tizimini isloh etish, inson huquqlari va qonun ustuvorligini ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ham batafsil to'xtaldi.
Interv`yuda bu sohadagi ishlar: “Inson huquq va erkinliklarini ta'minlash, so'z va diniy e'tiqod erkinligi, gender tenglik bo'yicha erishayotgan yutuqlarimiz nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda izchil mustahkamlanib bormoqda”, deya e'tirof etildi.
Darhaqiqat, so'nggi yillarda inson huquqlari sohasida yangi O'zbekistonning xalqaro imiji sezilarli darajada o'zgardi. O'zbekiston o'z tarixida birinchi marta BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashiga a'zo etib saylandi.
BMT Kengashining 2021 yil 22 fevralda Jeneva shahrida videoanjuman shaklida bo'lib o'tgan 46-sessiyasida Prezidentimiz muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Yurtboshimiz tomonidan inson huquqlari sohasida 7 ta ustuvor yo'nalish bo'yicha 18 ta aniq tashabbus bildirildi.
Aytish kerakki, O'zbekiston 2021-2023 yillar davriga mazkur Kengash a'zosi etib ilk bor saylangani mamlakatimizda so'nggi besh yilda inson huquqlarini ta'minlashga qaratilgan islohotlarning xalqaro hamjamiyati tomonidan muhim e'tirofi bo'ldi.
Shuningdek, AQSH Davlat departamenti tomonidan O'zbekiston diniy erkinlik sohasidagi “maxsus kuzatuvdagi davlatlar” ro'yxatidan chiqarildi. Mamlakatimizning odam savdosiga qarshi kurash sohasida erishgan yutuqlari ham xalqaro maydonda e'tirof etildi.
Davlat rahbarining interv`yusini “Yangi O'zbekiston kontseptsiyasi va strategik rivojlanish dasturi” deb ta'riflash mumkin. Bunga bir necha asoslar mavjud.
Birinchidan, bu – Prezidentimizning milliy ommaviy axborot vositalariga bergan birinchi interv`yusi bo'lib, unda Harakatlar strategiyasi doirasidagi keng qamrovli islohotlarning mazmun-mohiyati va muhim samaralari qayd etildi.
Ikkinchidan, mazkur ochiq suhbat davomida 11 ta savol doirasida O'zbekistonni har tomonlama rivojlantirish sohasida besh yilda bajarilgan ishlar bo'yicha jamoatchilikka muxtasar hisobot taqdim qilindi.
Uchinchidan, interv`yuda mamlakatimiz taraqqiyotiga oid oltita ustuvor vazifa belgilab berilgani, o'z navbatida, davlat va jamiyat oldida turgan strategik yo'nalishlarning mohiyatini chuqur anglash va mushohada etishda muhim vosita bo'lib xizmat qiladi.
To'rtinchidan, Prezidentimiz tomonidan yurtimizda ijtimoiy muammolarni hal etishning mutlaqo yangi tizimning mohiyati, jumladan “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash usullari joriy etilgani bilan bog'liq ijtimoiy siyosatning ustuvor tamoyillari keng tushuntirildi.
Beshinchidan, O'zbekistonda zamonaviy davlatchilik asoslari yaratilib, tom ma'nodagi konstitutsiyaviy davlat barpo etilganligi hamda demokratik islohotlarimiz ortga qaytmaydigan tus olganligi yana bir bor qat'iy e'tirof etildi.
Oltinchidan, Yangi O'zbekistonning tashqi siyosat hamda xalqaro hamkorlik bo'yicha ustuvor yo'nalishlari belgilab olingani va bu boradagi yangilanishlar muhim samaralar berayotgani, shu jumladan, “Markaziy Osiyo ruhi” iborasining mazmun-mohiyati tushuntirib berildi.
Yettinchidan, interv`yuda mamlakatimizda yoshlar va ayollarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta'minlash sohasidagi ishlar haqida batafsil so'z bordi.
Xulosa o'rnida shuni ta'kidlash kerakki, O'zbekiston Prezidentining «Yangi O'zbekiston» gazetasi bosh muharririga bergan interv`yusi mamlakatimizning kechagi, buguni va ertangi kuni, davlatimiz va jamiyatimiz rivojlanishining ustuvor yo'nalishlari to'g'risida ochiq va samimiy suhbatdir. O'z navbatida, Yurtboshimiz unda ilgari surgan yangi tashabuslar barchamizga mas'uliyatli vazifalarni yuklamoqda.
Mirzatillo Tillabaev,
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari,
yuridik fanlar doktori
- Qo'shildi: 08.09.2021
- Ko'rishlar: 4397
- Chop etish