Yangi qaror – xotin-qizlar uchun katta imkoniyatlar eshigi ochildi

"Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident qaroriga sharh.

Ma’lumki, bugungi kunda O‘zbekistonda yashayotgan har bir oila farofon turmush kechirishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan davrdir. Ayniqsa, oila bekasi bo‘lmish har bir ayol  uchun yaratilgan shart-sharoitlar chin ma’noda baxtiyor, chiroyli va farovon turmushining asosiy poydevori bo‘lib xizmat qilayotganining barchamiz guvohimiz. Zero, xotin-qizlar hamisha har qachongidan ham yanada kuchli hurmat va ehtiromdadirlar. Ayniqsa davlatimizning Konstitutsiya va qonunlari himoyasida, barcha huquq va erkinliklari qonunlar bilan himoya qilinmoqda.  

"O‘zbekiston – 2030" strategiyasi doirasida xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy faolligini oshirish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglikni qaror toptirish, ayollarning huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Quvonarlisi, bu islohotlar o‘z natijasini bermoqda. Jumladan, bugungi kunda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 35 foizga, tadbirkorlik sohasida 45 foizga, siyosiy partiyalar tarkibida esa 49 foizga yetdi. Vazir va vazirga tenglashtirilgan lavozimlarda xotin-qizlar ulushi 2018 yilda qariyb 3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan davrda ikki yarim barobar oshib, 7,7 foizga yetgani e’tiborli. Vazirlik va idoralardagi xodimlarning 49 foizi xotin-qizlardir.  

Shuningdek, xotin-qizlarimiz tibbiyot sohasida 75 foiz, ta’lim sohasida 71 foiz, iqtisodiyot va sanoat sohasida 47 foiz, qishloq xo‘jaligi sohasida 43 foizni tashkil etmoqda.

Ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar izchil davom ettirilib, kelgusida vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklarda gender tenglikni ta’minlash, xodimlar sonida xotin-qizlarning ulushini, rahbarlikka tayinlash bo‘yicha ishlar samaradorligini yanada oshirishga muhim masalalardan biri sifatida e’tibor qaratilmoqda.

Shunday islohotlar bilan birga  2025 yil 14 martdagi "Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident [103-son] qarori yana ham yuqori bosqichga ko‘targan amaliy va huquqiy asos bo‘ldi.    

Qarorga ko‘ra, 2025 yilda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi:

Birinchidan, 2 million nafar xotin-qizlarning bandligini ta’minlanishi uchun barcha hududlarda yana ham ishlar jonlantirib yuborilishiga ham asos , ham qat’iy talab qo‘yilgani barcha mutasaddi mas’ul kishilarni  aholi bilan yaqinlashishiga chorlaydi.

Ikkinchidan, 250 ming nafar xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish ham hech bir oila va uning a’zolarini jamiyatdan uzilib, o‘z dardi bilan yashashga qo‘ymay, faollikka va tadbirkorlikka chorlagan qarordir.  

Bunda e’tiborli jihati, "HAMROH" tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida 2025 yil 1 maydan: xotin-qizlarga "yashil loyihalar" va IT sohasidagi loyihalarni amalga oshirishiga, shuningdek, kamida 5 nafar xotin-qizning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashgan 1 ming nafar "ustoz" tadbirkorlarga 50 million so‘mgacha grant ajratish yo‘lga qo‘yilishi, ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lgan xotin-qizlarga 100 mln so‘mgacha garovsiz kredit ajratilishi, ayol tadbirkorlar tomonidan kredit hisobidan sotib olinayotgan asbob-uskunalar yetkazib berilgunga qadar "Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi" AJ tomonidan kafillik taqdim etilishi yo‘lga qo‘yilishi eng katta qadam va imtiyozdir.

Uchinchidan, 250 ming nafar xotin-qizlarni oliy ta’lim bilan qamrab olinishi,  har bir xonadondagi ayollarimiz, qizlarimizni ziyo va ma’rifatli jamiyatning ufurini his etishga undaydi.  

Men shu o‘rinda mazkur sohada ayrim imtiyozlarni ham eslatib o‘tishni joiz deb bildim. 

Jumladan, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti laureatlari

Prezidentning 1999 yil 10 iyundagi [PF-2326-son] farmoni bilan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ta’lim, fan, adabiyot, madaniyat, san’at, sport va jamoatchilik faoliyatida alohida yutuqlarga erishgan o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan iqtidorli qizlarga beriladi. 

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti laureatlari bo‘lgan o‘quvchilar OTMlarning bakalavriatiga, bakalavriat talabalari esa magistraturasiga tegishli yo‘nalish va ixtisoslik bo‘yicha kirish sinovlarisiz davlat grantlari asosida qabul qilinadi.

Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlar va musobaqalar g‘oliblari

Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 13 oktyabrdagi [226-son] qarori bilan xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlar, musobaqalar, nomdor stipendiyalar g‘oliblari bo‘lgan bitiruvchilarga ham imtiyozlar berilgan.

Xalqaro va milliy miqyosdagi tanlov va musobaqalar, respublika olimpiadalarining g‘oliblariga berilgan guvohnomalar asosida test sinovisiz hamda qo‘shimcha imtihonsiz (o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha) OTMlarning ta’lim yo‘nalishlariga qabul qilinadi.

Prezident davlat stipendiyasi sohibi bo‘lgan talabalar bakalavriatni tugatgandan so‘ng 2 yil mobaynida, nomli davlat stipendiyalari sohibi bo‘lgan talabalar bakalavriatni tugatganidan so‘ng 1 yil mobaynida tegishli mutaxassislik bo‘yicha magistraturaga kirish imtihonlarisiz qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.

"Nihol" mukofoti sovrindorlari

Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 9 avgustdagi [169-son] qaroriga muvofiq, jami beshta nominatsiya — estrada, musiqa, mumtoz qo‘shiq, opera ijrochiligi va raqs san’ati bo‘yicha tanlovlar g‘oliblariga "Nihol" mukofoti beriladi.  

"Zulfiya" nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari tanlovda ishtirok etmaydi.

"Nihol" mukofotiga sazovor bo‘lgan yoshlar madaniyat, san’at yo‘nalishidagi oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlariga imtiyozli ravishda qabul qilinadi (ansambl, jamoa sifatida ishtirok etganlar bundan mustasno), mamlakatning atoqli san’atkorlaridan saboq olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Badiiy akademiyaning tasviriy san’at bo‘yicha respublika tanlovi g‘oliblari

Prezidentning 2020 yil 21 apreldagi [PQ-4688-son] qaroriga asosan badiiy akademiyaning tasviriy san’at bo‘yicha respublika tanlovi g‘oliblariga oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish uchun imtiyoz beriladi.

"Yilning eng yaxshi tarbiyachisi" respublika tanlovi g‘oliblari

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 iyundagi [468-son] qarori bilan "Yilning eng yaxshi tarbiyachisi" respublika tanlovi g‘oliblariga davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga imtihonsiz kirishda imtiyoz beriladi.

"Hamshira" respublika tanlovi g‘oliblari

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi [393-son] qaroriga ko‘ra, tibbiyot muassasalari hamshiralarining "Hamshira" respublika tanlovi g‘oliblari oliy ta’lim muassasalariga, mos ta’lim yo‘nalishlariga tanlovdan tashqari kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon)siz davlat grantlari asosida qabul qilinadi.

To‘liq davlat ta’minotidagi yetim bolalar

Prezidentning 2021 yil 9 avgustdagi [PQ-5216-son] qarori asosida oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy sonidan "Mehribonlik" uyi va Bolalar shaharchasining bitiruvchilari, SOS — bolalar mahallalari va oilaviy bolalar uylari bitiruvchilari, shuningdek, vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalar (yigirma besh yoshga to‘lmagan) chin yetimlar uchun qo‘shimcha ravishda bir foizgacha davlat granti asosidagi qabul kvotalari ajratiladi.

Chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi davlat namunasidagi V1 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlar

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi [393-son] qarori bilan Davlat test markazi tomonidan beriladigan chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi davlat namunasidagi V1 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlarga ushbu holatni tasdiqlovchi hujjatni qabul jarayonida taqdim etganda oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining kirish test sinovlari fanlar majmuasiga chet tili fani kiritilgan yo‘nalishlarda mos chet tili fanidan belgilangan maksimal ball beriladi va ular chet tili fanidan test sinovi (kasbiy (ijodiy) imtihon) topshirmaydi.

Xalqaro imtihon tizimlari sertifikatlariga ega abituriyentlar

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 iyundagi [468-son] qaroriga ko‘ra, ilg‘or xalqaro imtihon tizimlari (TOEFL, IELTS, CEFR, SAT General, SAT Subject va hokazo) sertifikatlariga ega bo‘lgan abituriyentlarga o‘qishga kirishda mazkur fan doirasida testdan ozod etiladi va maksimal ball beriladi.

Kollej yoki texnikumdagi mutaxassisligi bo‘yicha 5 yil ish stajiga ega xotin-qizlar

Vazirlar Mahkamasining 9 iyundagi [322-sonli] qaroriga muvofiq, kollej yoki texnikum diplomidagi mutaxassisligi bo‘yicha 5 yil ish stajiga ega xotin-qizlar kontrakt asosida OTMga qabul qilinadi. Bunda tavsiyanomaga ega abituriyentlar orasida alohida test o‘tkaziladi, ular orasidan yuqori ball to‘plagan 500 nafarigina OTMga kira oladi. Ehtiyojmand xotin-qizlar uchun tavsiyanoma

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 iyundagi [402-son] qarori bilan Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tavsiyanomasiga ega ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar uchun OTMga kirishda qo‘shimcha 4 foizli grant ajratiladi.

Iqtisodiyot tarmoqlarida kamida 5 yil ish stajiga ega abituriyentlar

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 noyabrdagi [675-son] qarori bilan kamida 5 yil ish stajiga ega fuqarolarga suhbat natijalariga ko‘ra tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirishi uchun tavsiyanoma beriladi.

Profilaktika inspektorlari

Prezidentning 2021 yil 30 noyabrdagi [PQ-23-son] qaroriga muvofiq, 2022/2023 o‘quv yilidan ichki ishlar organlarida 3 yildan ortiq ish stajiga ega bo‘lgan, kasbiga fidoyi, tashabbuskor profilaktika (katta) inspektorlari quyidagi OTMga kirish imtihonlarisiz sirtqi ta’lim shakliga o‘qishga qabul qilinadi:

• Jamoat xavfsizligi universitetiga;

• Toshkent davlat yuridik universitetiga;

• yurisprudensiya sohasida bakalavriat ta’lim yo‘nalishi mavjud bo‘lgan boshqa davlat OTMga (Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi hamda Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti bundan mustasno).

"Vatan tayanchi" harakatining faol a’zolari

Prezidentning 2022 yil 2 martdagi [PQ-150-son] qarori asosida Mudofaa vazirligi huzurida "Vatan tayanchi" bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati, maktablarda esa uning otryadlari tashkil etiladi. Unga ihtiyoriy ravishda a’zo bo‘lgan 10−11-sinf o‘quvchilari orasidan bir nafariga OTMga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma beriladi. Bunda uning harakat faoliyatidagi ishtiroki va maktabdagi baholari inobatga olinadi.

"Temurbeklar maktabi" bitiruvchilari

"Temurbeklar maktabi" bitiruvchilariga oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda yakka tartibdagi yakuniy suhbat yoki test sinovlarida o‘zlari to‘plagan ballarning 30 foizi miqdorida, respublikaning boshqa oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda esa to‘plagan ballarning 15 foizi miqdoridagi qo‘shimcha ballar beriladi. "Temurbeklar maktabi"ni imtiyozli diplom bilan tugatgan bitiruvchilar oliy harbiy yoki ixtisoslashtirilgan bilim yurtlariga test sinovlarsiz, harbiy-kasbiy saralash tadbirlari asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Harbiy-musiqa litseyi bitiruvchilari

Harbiy-musiqa akademik litseyi bitiruvchilari oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda testda o‘zlari to‘plagan ballarning 30 foizi miqdorida, respublikaning boshqa davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda esa o‘zlari to‘plagan ballarning 15 foizi miqdorida qo‘shimcha ballar beriladi.

Ishoqxon Ibrat nomidagi maktab-internat bitiruvchilari

Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Ishoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatning butun o‘qish davrini a’lo baholarga o‘qigan bitiruvchilari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tavsiyasiga asosan xorijiy til va adabiyoti, filologiya va tillarni o‘qitish ta’lim yo‘nalishlariga imtihonsiz grant asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Shuningdek, mazkur qarorga ko‘ra, 50 ming nafar ehtiyojmand xotin-qizlarni sanatoriylarda sog‘lomlashtirish haqida hamxo‘rlik, insonparvarlikning ma’naviy va huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishi bilan muhim qarorligini isbotlaydi.

Albatta qaror xotin-qizlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani muhim bo‘lgani kabi, uni keng jamoatchilikka yetkazish ham barchamiz uchun ham qarz, ham farz deb bilaman.

Firuza Muxitdinova, professor (TDYUU)

O‘zA

Powered by GSpeech