Bugun, 2024 yil 31 oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovda yangi saylangan deputatlarni ro‘yxatga olish va boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.
Majlisda MSK Raisi Z.Nizomxo‘jayev O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlariga saylovlarda jami 15 million 27 ming 529 nafar saylovchi ovoz berganini, bu saylovchilar umumiy sonining 74,72 foizini tashkil etishini qayd etdi. Shuningdek, fuqarolarimizning saylovlar jarayoniga qiziqishi sezilarli darajada oshgani, bu saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda yaqqol sezilganini ta’kidladi.
Majlisda Saylov kodeksiga muvofiq, parlament quyi palatasiga saylov yakunlari ko‘rib chiqilar ekan, bir mandatli saylov okruglaridan saylangan 75 nafar hamda yagona saylov okrugidan partiya ro‘yxati asosida saylangan 75 nafar, jami 150 nafar deputatlar ro‘yxatga olindi.
Qayd etilganidek, yagona saylov okrugi bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovi natijalari bo‘yicha Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi – 26 ta, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi – 14 ta, O‘zbekiston Ekologik partiyasi – 10 ta, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi – 13 ta, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi – 12 ta deputatlik o‘rniga ega bo‘ldi.
Bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha esa O‘zLiDePdan – 38 nafar, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan – 15 nafar, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan – 9 nafar, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan – 7 nafar, O‘zbekiston Ekologik partiyasi – 6 nafar nomzod deputat etib saylandi.
Deputatlikka nomzodlarga va partiyalarga berilgan ovozlar bo‘yicha Qonunchilik palatasiga saylangan jami 150 nafar deputatlar tarkibining partiyaviy mansubligi quyidagicha:
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan – 64 ta o‘rin yoki 42,7 foiz,
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan – 29 ta o‘rin yoki 19,3 foiz,
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan – 21 ta o‘rin yoki
14 foiz,
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan – 20 ta o‘rin yoki 13,3 foiz
O‘zbekiston Ekologik partiyasidan – 16 ta yoki 10,7 foiz o‘rin egalladi.
Majlisda qayd etilganidek, Qonunchilik palatasiga saylov natijalariga ko‘ra, parlament quyi palatasi tarkibi qariyb 60 foizga yangilandi. Saylangan deputatlarning 38 foizini xotin-qizlar tashkil etib, bu O‘zbekiston tarixida eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Deputatlarning barchasi oliy ma’lumotli bo‘lib, ularning 15 foizi xorijiy davlatlarda tahsil olgan, 35 foizi ilmiy darajaga ega.
Ilk bor 3 nafar nogironligi bor shaxslar deputat etib saylandi.
Hududiy, tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan ham mahalliy Kengashlar saylovlarining yakunlari chiqarildi. Ta’kidlanganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar va tuman (shahar)lar Kengashlariga saylov natijalariga ko‘ra, mahalliy Kengashlar tarkibi 59,2 foizga yangilandi. Yangi saylangan deputatlarning 32,6 foizi xotin-qizlarni tashkil qildi.
Deputatlarning 4 foizi – 30 yoshgacha, 39,5 foizi – 30 yoshdan 45 yoshgacha, 40,8 foizi – 45 yoshdan 60 yoshgacha, 15,7 foizi – 60 yoshdan kattalarni tashkil etadi.
Mamlakatimizda yashayotgan boshqa millat vakillari saylangan nomzodlarning 11,2 foizini tashkil qiladi. Shu jumladan, ulardan 175 nafari tojik, 111 nafari qozoq, 33 nafari turkman, 29 nafari rus, 21 nafari qirg‘iz va boshqa millatga mansub.
Deputatlarning 93,3 foizi oliy ma’lumotli bo‘lib, ularning 36,2 foizi – pedagoglar, 18,2 foizi – iqtisodchilar, 13 foizi –muhandislar, 7,6 foizi – shifokorlar, 5 foizi – huquqshunoslar, 20 foizini – madaniyat sohasi vakillari, tadbirkor va fermerlar tashkil etadi. 138 nafar nogironligi bor shaxslar mahalliy Kengashlar deputati etib saylandi.
Shuningdek, majlisda Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining guvohnomasi va ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlashga oid masalalar ko‘rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, Asliddin Alijonov (surat), Yoqub Meliboyev (video), O‘zA muxbirlari
- Qo'shildi: 31.10.2024
- Ko'rishlar: 982
- Chop etish