Poytaxtimizda 9 oktyabr kuni bo'lib o'tgan davra suhbati shu mavzuga bag'ishlandi. Tadbir Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan YeXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va YeXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, Elchi Jon MakGregor davra suhbati ishtirokchilarini qutladilar.
Ma'lumki, millatlararo munosabatlarning mustahkamligi, turli millatlar orasida tinch-totuvlik va o'zaro hurmatni ta'minlash, milliy qadriyatlarni hurmat qilish va rivojlantirish har qanday demokratik huquqiy davlat hamda kuchli fuqarolik jamiyati rivojining asosiy kafolatlaridan hisoblanadi.
Mamlakatimiz milliy va etnik masalalar borasida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) bilan faol hamkorlik qilmoqda.
O'zbekiston mustaqillikning dastlabki yillaridan mazkur Tashkilotga a'zo bo'lgan va uning deyarli barcha faoliyat yo'nalishlarida ishtirok etib kelmoqda. YEXHT va uning tuzilmalari bilan millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglikni ta'minlash masalalari bo'yicha yaqindan hamkorlik izchil davom etmoqda.
Bugungi kunda 130 dan ortiq millat va ellat vakillari yashaydigan O'zbekistonda bu mavzuga davlat va jamiyatni rivojlantirishning eng dolzarb, strategik masalalaridan biri sifatida qaraladi. Ushbu muhim masala milliy qonunchilikning asosiy yo'nalishlaridan biri hisoblanadi.
“2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi”da millatlararo, dinlararo totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash va O'zbekistonda yashaydigan barcha millatlarning manfaatlarini himoya qilishga doir ustuvor yo'nalish va vazifalar belgilab berilgan. Bu boradagi keng qamrovli islohotlarda mazkur muhim hujjat dasturilamal bo'lmoqda.
Davra suhbati ishtirokchilari YeXHTning 2012 yili Lyublyana shahrida qabul qilingan «Turfa xil jamiyatlarning integratsiyasi bo'yicha Lyublyana tavsiyalari»dan kelib chiqadigan vazifalar va ularni bajarish yuzasidan O'zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar haqida so'z yuritdilar.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan millatlararo totuvlik siyosatining asosiy yo'nalishlari tahlil etildi. Diniy bag'rikenglikni ta'minlashda millatlararo totuvlikning ahamiyati, bu jarayonlarda fuqarolik jamiyati institutlarining roliga e'tibor qaratildi.
Bugungi shiddatli islohotlar samaradorligini baholashda ijtimoiy fikrning o'rni, integratsiya tamoyillari va integratsiya siyosatining normativ asoslari juda muhim ekani qayd etildi. Jamiyatdagi integratsiyalashuv siyosatiga oid ayrim mamlakatlarning eng yaxshi amaliyotlari, integratsiyaviy jarayonlardagi ustuvor yo'nalishlar vda bu sohada uchraydigan ayrim qiyinchiliklar xususida qiziqarli fikr-mulohazalar bildirildi.
Davra suhbatida YeXHT Kam sonli millatlar ishi bo'yicha Oliy komissarining maslahatchilari Andrey Xanjin va Eljbeta Kuzborska-Pacha, Estoniyadagi Tartu universitetining Narva kolleji direktori Kristina Kallas kabi xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.
O'zbekiston tomonidan – davlat hokimiyatining vakillik va ijro etuvchi, organlari, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar
mutasaddilari, fuqarolik jamiyati institutlari faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 09.10.2019
- Ko'rishlar: 5525
- Chop etish