Donald Tramp AQShning Guantanamodagi harbiy-dengiz bazasini noqonuniy migrantlarni joylashtirish uchun tayyorlashga farmon berdi. AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra, bazada buning uchun 30 ming o‘rin mavjud. Bu qaror Leyken Rayli qonuni imzolanishi fonida qabul qilindi va Trampning immigratsiya siyosatini amalga oshirishdagi navbatdagi qadam bo‘ldi.
Oq uy saytida e’lon qilingan memorandumga ko‘ra, Donald Tramp mudofaa vaziri va ichki xavfsizlik vaziriga Amerikaning Guantanamo bo‘g‘ozidagi bazasida o‘n minglab migrantlarni joylashtirish uchun migratsiya markazi yaratish choralarini ko‘rishga topshiriq bergan. Prezident «AQSh hududida noqonuniy bo‘lib turgan xorijliklar»ni saqlash uchun joylar bilan ta’minlashni so‘ragan.
«Odamlarning ko‘pchiligi bu haqda bilmaydi ham. Amerika xalqiga tahdid soluvchi eng shafqatsiz nolegal jinoyatchilarni nazorat ostida saqlash uchun Guantanamoda 30 000 joyimiz bor. Bu imkoniyatlarimizni ikki baravar oshiradi», — degan shu kuniyoq Tramp.
Hujjatga ko‘ra, bunday joylarni kengaytirish «chegara orqali bosqinni to‘xtatish, jinoyatchi kartellarni yo‘q qilish va milliy suverenitetni tiklash» uchun zarurdir.
Migrantlar uchun Guantanamo
Amerikaning Kuba ko‘rfazida joylashgan Guantanamo portidagi bazasi birinchi navbatda terrorizmga qarshi kurashish doirasida qo‘lga olingan shaxslar saqlanadigan harbiy qamoqxona sifatida mashhur. Bunday toifadagilar qamoqxonada hech qanday jinoiy ayblovlarsiz noma’lum muddatgacha ushlab turilishi mumkin.
Huquq faollari bir necha bor Guantanamoda qiynoqlar qo‘llangani haqida xabar berishgan, prezident Barak Obama o‘z prezidentligi davrida qamoqxonani yopishni va’da qilgan, ammo bu amalga oshmagandi. Amerika matbuoti xabarlariga ko‘ra, u yerda hozirga kelib atigi 15 mahbus qolgan.
BBC’ning Markaziy Amerika bo‘yicha muxbiri Uill Grant eslatishicha, bu baza hududida harbiy qamoqxonadan tashqari alohida migratsiya markazi ham bor. Shu vaqtgacha bu markazda asosan AQSh hududiga dengiz orqali noqonuniy kirishga uringanida ushlangan kishilar saqlab kelingan.
Trampning Guantanamoda o‘n minglab migrantlar uchun joy tayyorlash haqidagi qaroriga «chegara hukmdori» (Border Czar) Tom Homan (u chegara nazorati va noqonuniy immigratsiya bilan kurashishda asosiy kurator hisoblanadi) munosabat bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qarorni ijro etish uchun mavjud migratsiya markazi kengaytiriladi. Kubada joylashgan obektni Mayamidan boshqariladigan migratsiya markazi boshqaradi.
Avvalroq yangi mudofaa vaziri Pit Hegset Pentagon saqlash markazlarini «juda tez» tashkil etishi mumkinligini va Guantanamo buning uchun «ideal joy» ekanini aytgandi.
Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem esa baza u «yomonlarning yomonlari»ni hibsda saqlash uchun zaxiraga olinishi mumkinligini aytgan.
Shu bilan birga, CNN agentligi qayd etishicha, hozirda bazada o‘n minglab kishilarni joylashtirish imkoniyati yo‘q. Bundan tashqari, AQSh ko‘rfazga markaz faoliyatini ta’minlash uchun ko‘p miqdorda harbiy xodimlarni ham yubormoqda.
Kuba hukumati darhol bu rejani qoralab chiqdi. Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel AQShning yangi hukumati minglab migrantlarni Guantanamoga yuborish rejasi haqida e’lon qilib, «shafqatsizlik aktini sodir etganini» bildirdi. Mamlakat tashqi ishlar vaziri Bruno Rodriges Parrilya esa bu g‘oya «insoniylikka va xalqaro huquqqa hurmatsizlikni namoyish etishi»ni aytgan.
Leyken Rayli qonuni
Tramp Guantanamodagi qamoqxonani qayta jihozlash niyatini Leyken Rayli nomidagi qonunni imzolash chog‘ida bildirgan. Bu qonun tashabbusi 2024 yil fevralida Jorjiya shtatida Venesueladan bo‘lgan noqonuniy migrant Xose Ibarra tomonidan o‘ldirilgan talaba qiz sharafiga nomlangan. Ibarra AQShdan boshpana so‘ragan va o‘z so‘rovi immigratsiya sudida ko‘rib chiqilguniga qadar ozodlikda qolish imkoniga ega bo‘lgan. Avvalroq uni boshqa jinoyatlar uchun qo‘lga olishgandi.
Raylini o‘ldirgani uchun sud Ibrarrani umrbod qamoq jazosiga hukm etdi.
Leyken Rayli qonuni AQShda noqonuniy bo‘lib turgan xorijliklar o‘g‘rilik yoki zo‘ravonlikda gumon qilinganida huquq-tartibot organlari ularga hech qanday ayblov e’lon qilmasdan turib ham qo‘lga olishini ko‘zda tutadi. Bundan tashqari, u shtatlar prokurorlariga immigratsiya qonunlariga rioya etmaganlik uchun shtatlariga zarar yetkazilgan deb hisoblagan holatlarda federal hukumatni sudga berishga imkon beradi.
Mazkur hujjat Donald Tramp o‘zining ikkinchi prezidentlik muddatini boshlaganidan buyon imzolagan ilk qonun bo‘ldi. Kongress tashabbusni bir hafta oldin qo‘llab-quvvatlagan, u respublikachilarning ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilingan.
Associated Press agentligi qayd etishicha, ko‘plab demokratlar Leyken Rayli qonuni qabul qilinishi do‘konlardagi o‘g‘rilik kabi mayda jinoyatlar uchun ham yoppasiga hibsga olish holatlariga olib kelishi tufayli ushbu tashabbusga qarshi chiqqan.
Kun.uz
- Qo'shildi: 31.01.2025
- Ko'rishlar: 199
- Chop etish