Qanday axborotlarni tarqatish taqiqlangan? Maxfiy axborot nima degani? Nimalar davlat siri hisoblanadi? XDFU grifidagi hujjat ham maxfiymi? Bugungi lavhamizda tarqatilishi mumkin bo‘lmagan axborotlar, bunda fuqarolarning xavfsizligi, javobgarlik masalalariga batafsil to‘xtalamiz.
1. Qanday axborotlarni tarqatish taqiqlangan?
Qonunchilikka ko‘ra, quyidagi mazmundagi axborotlarni tarqatish taqiqlangan:
– O‘zbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vat qiluvchi;
– urush va zo‘ravonlikni, shafqatsizlikni, milliy, irqiy va diniy adovatni targ‘ib etuvchi;
– davlat sirini yoki fuqarolarning shaxsiy va oilaviy sirlari bilan bog‘liq ma’lumotlar (masalan, farzandlikka olish siri);
– fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlovchi, ularning roziligisiz shaxsiy hayotga doir ma’lumotlarni tarqatish;
– pornografik materiallar;
– taqiqlangan diniy materiallar;
– prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchining yozma ruxsatisiz dastlabki tergov materiallarini e’lon qilish. Yoki muayyan ish bo‘yicha sud qarori chiqmasdan turib yoki sudning hal qiluv qarori yoxud hukmi qonuniy kuchga kirmay turib, uning natijalarini taxmin qilish yoki sudga o‘zgacha yo‘l bilan ta’sir ko‘rsatish.
2. Maxfiy axborot nima degani?
“Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga asosan maxfiy axborot deganda, foydalanilishi qonunchilikka muvofiq cheklab qo‘yiladigan hujjatlashtirilgan axborot tushuniladi. Masalan, davlat sirlari, fuqarolarning shaxsiga doir ma’lumotlar maxfiy axborotlar sirasiga kiradi.
Shu bilan bir qatorda, muayyan axborotni davlat siri sifatida maxfiy ekanligini e’tirof etish Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga asosan amalga oshiriladi.
Qonunda ayrim istisnolar ham keltirilganki, ularni hech bir cheklovsiz har kim foydalanishi mumkin. Demak, quyidagilar maxfiy axborotni tashkil etmaydi:
• fuqarolarning huquq va erkinliklari, ularni ro‘yobga chiqarish tartibi to‘g‘risidagi, shuningdek davlat organlari va boshqa tashkilotlar haqidagi qonunchilik hujjatlari;
• ekologik, meteorologik, demografik, sanitariya-epidemiologik, favqulodda vaziyatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda aholining, aholi punktlarining, ishlab chiqarish obyektlari va kommunikatsiyalarning xavfsizligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan boshqa axborotlar;
• axborot-kutubxona muassasalarining, arxivlarning, idoraviy arxivlarning va O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat ko‘rsatayotgan yuridik shaxslarga tegishli axborot tizimlarining ochiq fondlaridagi mavjud ma’lumotlar.
3. Nimalar davlat siri hisoblanadi?
Bu haqda “Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida”gi qonunda batafsil keltirilgan. Shundan kelib chiqsak, alohida ahamiyatli, mutlaqo maxfiy va maxfiy harbiy, siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va o‘zga xil ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasining davlat sirlari hisoblanadi. Davlat sirlarining oshkor etilishi mamlakat xavfsizligiga putur yetkazishi mumkinligi bois davlat tomonidan qo‘riqlanadi. Ular maxsus ro‘yxat bilan cheklab qo‘yilgan.
Davlat sirlari uch guruhga bo‘linadi: davlat siri, harbiy sir va tijorat siri.
- Oshkor etilishi davlatning xavfsizligiga va uning iqtisodiy, siyosiy va harbiy manfaatlari uchun og‘ir oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar davlat sirini tashkil etadi.
- Harbiy sir – harbiy xususiyatga ega ma’lumotlar bo‘lib, uning oshkor etilishi mamlakatning xavfsizligi va mudofaa qobiliyatiga og‘ir oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin.
- Oshkor etilishi davlat manfaatlariga zarar keltirishi mumkin bo‘lgan fan, texnika, ishlab chiqarish va boshqaruv sohasiga doir ma’lumotlar xizmat sirini tashkil etadi.
4. XDFU grifidagi hujjat ham maxfiymi?
Tashkilotlarda XDFU, ya’ni xizmat doirasida foydalanish uchun grifi ostida hujjatlar almashinishi, uzatilishi mumkin. Bunday hujjatlar davlat siri bilan bilan bog‘liq maxfiy ma’lumotlar sirasiga kirmaydi. Shuning uchun XDFU grifi ostidagi hujjatni oshkor qilgan tashkilot xodimiga nisbatan intizomiy javobgarlik choralari ko‘rilishi mumkin, xolos.
5. “e-qaror” elektron tizimida qanday hujjatlar joylashtirilmasligi mumkin?
Sizga ma’lumki, mahalliy davlat hokimiyati organlarining (hokim, mahalliy XDKlar) qarorlari va farmoyishlari “e-qaror” elektron tizimi orqali e’lon qilinadi. Ayrim ma’lumotlarni qamrab olgan hujjatlar borki, ular bu tizimga joylashtirilishi mumkin emas.
Nizomga muvofiq, davlat siri hisoblangan ma’lumotlar va maxfiy ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan mahalliy davlat hokimiyati organlarining hujjatlari loyihalarini “e-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilishga (chiqarish) yo‘l qo‘yilmaydi.
6. Maxfiy axborotlar oshkor qilinsa, qanday javobgarlik bor?
Davlat sirlarini oshkor qilish yoki o‘zgaga berish, ya’ni bu ma’lumotlar ishonib topshirilgan yoki xizmati yoxud kasb faoliyati yuzasidan ulardan xabardor bo‘lgan shaxs tomonidan oshkor qilinishi jinoiy javobgarlikka olib keladi.
E’tibor bering, bunda jinoyatni sodir etuvchi aynan davlat sirini saqlashga mas’ul bo‘lgan shaxs bo‘lishi nazarda tutilgan. “Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida”gi Qonunning 10-moddasida esa davlat sirlarini saqlash bo‘yicha mas’uliyat kimlarda ekanligi bayon etilgan. Unga muvofiq, davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va birlashmalarning rahbarlari zimmasiga bunday majburiyat yuklatilgan. Ya’ni yuqoridagi shaxslar tomonidangina davlat siri bilan bog‘liq maxfiy ma’lumotlar oshkor qilingan taqdirda jinoyat kelib chiqadi.
Bunday qilmishda davlatga xoinlik alomatlari ko‘zga tashlanmasa, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud xuddi shu muddatgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda ijtimoiy tarmoqlarda turli "axborotlar" bilan bo‘lishayotganda, ayniqsa hujjatlar bilan ishlaydigan xodim bo‘lsangiz ehtiyot bo‘lganingiz ma’qul. Media savodxonlik bo‘yicha turkum lavhalarimizni kuzatishda davom eting.
M.Turdaliyeva, U.To‘xtayev (video), O‘zA
- Qo'shildi: 11.03.2024
- Ko'rishlar: 2979
- Chop etish