O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 22 fevral` kuni Jeneva shahrida BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasida so'zlagan nutqida yoshlar huquqlarini himoya qilish O'zbekistonning BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi doirasidagi faoliyatining ustuvor yo'nalishi ekani haqida to'xtaldi.
Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida ta'kidlaganidek, “yoshlarimiz o'z oldiga katta marralarni qo'yib, ularga erishishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish va har tomonlama ko'mak berish – barchamiz uchun eng ustuvor vazifa bo'lishi zarur. Shundagina farzandlarimiz xalqimizning asriy orzu-umidlarini ro'yobga chiqaradigan buyuk va qudratli kuchga aylanadi”.
Bugungi kunda xalqaro hamjamiyat oldida turgan muhim vazifalardan biri – bu yoshlar huquqlarini ta'minlash bo'yicha xalqaro-huquqiy hujjat qabul qilishdir. Davlatimiz rahbari BMT minbaridan turib BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasini qabul qilish bo'yicha O'zbekiston tashabbusini qo'llab-quvvatlashga chaqirdi.
Yoshlar huquqlari to'g'risidagi konventsiya jahon mamlakatlari qonunchiligi va huquqiy amaliyotini yoshlarni qo'llab-quvvatlashning zamonaviy talablari asosida rivojlantirishga hissa qo'shishni maqsad qiladi. Mazkur Konventsiyani qabul qilish tashabbusi O'zbekiston Respublikasi tomonidan ilgari surilgani muayyan ijtimoiy va milliy huquqiy asoslarga ega.
O'zbekistonda yoshlar mamlakatda amalga oshirilayotgan yangilanish jarayonlarining asosiy harakatga keltiruvchi kuch hisoblanadi. Binobarin, mamlakat aholisining 54 foizini 30 yoshgacha bo'lgan shaxslar tashkil etadi. Bu demografik xususiyat yoshlarni qo'llab-quvvatlash sohasida salmoqli ijtimoiy tajriba va ehtiyoj shakllanishi zaruriyatini kuchaytirdi.
Yoshlarni qo'llab-quvvatlash, ular uchun shart-sharoitlarni ta'minlash sohasidagi milliy qonunchilik 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi asosida tizimlilik va izchillik tamoyillariga muvofiq rivojlandi. O'tgan davrda yoshlarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan 50 dan ortiq qonunchilik hujjatlari qabul qilindi.
2021 yil – “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e'lon qilindi. Bu borada qabul qilingan Davlat dasturida yoshlar huquqlarini ta'minlash bo'yicha aniq tadbirlar belgilandi.
Jumladan, Davlat dasturida BMT shafeligida Yoshlar huquqlari bo'yicha butunjahon konferentsiyasini o'tkazish belgilab qo'yilgan. Mazkur tadbir doirasida jahon mamlakatlari yoshlari o'zaro muloqotga kirishib, yoshlar oldida turgan muammolar, ularning yechimlari, yoshlar huquqlarini ta'minlash bo'yicha ilg'or milliy tajribalar hamda yoshlar huquqlarini ta'minlashning xalqaro asoslarini takomillashtirish masalalarini muhokama qiladi.
Keyingi yillarda O'zbekistonda yoshlarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha uch pog'onali milliy mexanizm shakllandi.
Birinchi pog'ona – yoshlarga oid davlat siyosatini ishlab chiquvchi va amalga oshiruvchi, yoshlar uchun sharoitlar yaratishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiruvchi ixtisoslashgan davlat organi – Yoshlar ishlari bo'yicha agentlik tashkil etildi. Agentlik yoshlar masalasida boshqa vazirliklar, mahalliy hokimliklar bilan uzviy aloqa o'rnatadi, yoshlar bo'yicha dasturlarning bajarilishida qatnashadi va turli tadqiqot loyihalarini qo'llab-quvvatlab, yoshlar masalasida mamlakatdagi holatning ekspert tahlilini amalga oshiradi.
Shu bilan birga, O'zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasi va uni amalga oshirish bo'yicha yo'l xaritalari tasdiqlandi. Bu muhim hujatlar vositasida yoshlar muammolarini hal qilishga tizimli yondashish ta'minlandi.
Ikkinchi pog'ona – davlat hokimiyatining oliy, markaziy va mahalliy organlari hamda o'zini o'zi boshqarish organlari yoshlar siyosati bo'yicha qonunchilikni amalga oshirishda muhim o'rin egallaydi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo'mitasi, Oliy Majlis Senati qoshida 100 nafar va Qonunchilik palatasi qoshida 250 nafar faol va tashabbuskor yoshlardan iborat Yoshlar parlamentlari, Qonunchilik palatasida Yoshlar masalalari bo'yicha komissiya tashkil qilindi.
Uchinchi pog'ona – yoshlar tashkilotlari, jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlari yoshlar siyosatini ro'yobga chiqarishning asosiy ishtirokchisiga aylanmoqda.
Yoshlar tashkilotlarini birlashtiruvchi, ular faoliyatini muvofiqlashtiruvchi milliy institut – O'zbekiston Yoshlar ittifoqi shakllandi. Respublikada yoshlar manfaatlarini himoya qiladigan 830 dan ortiq nodavlat notijorat tashkiloti va jamoat birlashmalari faoliyat olib bormoqda.
Shunday qilib, Prezidentimizning BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasidagi nutqida yoshlar huquqlarini ta'minlashga ustuvor ahamiyat berilishi O'zbekistonning yoshlarni qo'llab-quvvatlash borasidagi milliy tajribasi va xalqaro tashabbuslari izchil rivojlanib borayotganidan dalolat beradi.
O'tkir Ochilov,
Markazning Inson huquqlari sohasidagi
xalqaro shartnomalarni implemetatsiya
qilish bo'limi boshlig'i
- Qo'shildi: 26.02.2021
- Ko'rishlar: 4647
- Chop etish