Mamlakatimiz yirik xalqaro anjuman arafasida turibdi. Joriy yil 7-8 oktyabr kunlari Toshkent shahrida Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo'lida yoshlar huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusidagi Yillik 6-seminari bo'lib o'tadi.
Mazkur nufuzli xalqaro anjumanning mohiyati va ahamiyati haqida IHTning Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi raisi, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal SAIDOV bilan suhbatlashdik.
– Ushbu xalqaro seminar tashabbuskorlari O'zbekiston Respublikasi Hukumati, Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi va BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Boshqarmasi hisoblanadi, – dedi A.Saidov. – Unda Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi a'zolari, xalqaro ekspertlar, Islom hamkorlik tashkilotiga a'zo va kuzatuvchi maqomidagi 50 dan ziyod davlat, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha milliy institutlar vakillari ishtirok etadi.
Seminarda, xususan, Afg'oniston, Bangladesh, Birlashgan Arab Amirliklari, Burkina-Faso, Gabon, Gvineya, Gambiya, Jazoir, Jibuti, Iordaniya, Indoneziya, Komor orollari Ittifoqi, Mavritaniya, Malayziya, Mali, Markaziy Afrika Respublikasi, Marokko, Misr, Mozambik, Nigeriya, Ozarbayjon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Senegal, Serra-Leone, Sudan, Somali, Togo, Tojikiston, Tunis, Turkiya, Turkmaniston, Uganda, Chad, Eron, Yaman, O'mon, Qirg'iziston, Qozog'iston, Quvayt kabi mamlakatlardan ishtirokchilar taklif etilgan.
Bundan tashqari ushbu forumda BMT, YUNESKO, YUNISEF, Butunjahon sog'liqni saqlash tashkiloti, Yevropa Kengashi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlarning ekspertlari hamda inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha milliy muassasalar mutaxassislari qatnashadi.
Xalqaro anjumanning asosiy tashkilotchilari haqida so'z borganda, avvalambor, Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) haqida muxtasar to'xtalish lozim. IHT 1969 yil 25 sentyabrda Marokash poytaxti Robotda o'tkazilgan islom davlatlari rahbarlarining birinchi yig'ilishida tashkil etilgan. Bu yil ushbu tashkilot tuzilganiga 50 yil to'ldi.
O'zbekiston 1995 yil oktyabr oyida mazkur tashkilotga kuzatuvchi, 1996 yil 2 oktyabrdan boshlab to'laqonli a'zo sifatida qabul qilingan.
– O'zbekiston va IHT o'rtasidagi o'zaro hamkorlik aloqalari haqida so'zlab bersangiz?
– Bu o'rinda avvalo O'zbekiston 2015 yil 14 dekabrda IHTning yangi Nizomiga qo'shilganini ta'kidlash lozim. IHT Nizomi 2016 yil aprelida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan ratifikatsiya qilingan.
O'zbekiston tomoni IHTni muqaddas dinimizni tinchlik va taraqqiyot omili sifatida e'tirof etadigan islom dunyosi mamlakatlarining nufuzli va samarador forumi sifatida e'tirof etadi. Shu bois mazkur Tashkilotning mustahkamlanishi va o'zaro munosabatlarimiz izchil ravnaq topishidan manfaatdormiz.
IHT sammitlari va IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining yillik sessiyalarida mamlakatimiz rasmiy delegatsiyalari muntazam qatnashib kelmoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda O'zbekistonning IHT bilan hamkorligi faollashdi va o'zaro munosabatlarning yangi bosqichiga ko'tarildi.
Bunda 2016 yil 18-19 oktyabr kunlari Toshkent shahrida bo'lib o'tgan IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi alohida ahamiyat kasb etdi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ushbu sessiyaning ochilish marosimidagi nutqida O'zbekiston IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashiga raislik qiladigan davrdagi (2016 yil oktyabr oyidan – 2017 yil iyul oyigacha) ustuvor vazifalarga e'tibor qaratdi.
Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, «Ta'lim va ma'rifat – tinchlik va bunyodkorlik sari yo'l» mavzusi 43-sessiya kun tartibining asosiy g'oyasi etib belgilangani chuqur ramziy ma'noga ega. Bu g'oya «Beshikdan qabrgacha ilm izla» degan mashhur hadisga hamohangdir. Shu nuqtai nazardan, O'zbekiston tomoni ilgari surgan tashabbuslar bevosita ilm-fan va ma'rifat rivoji bilan uzviy bog'liq ekani bejiz emas.
O'zbekiston Prezidenti, shuningdek, 2017 yil 10 sentyabrda Astana shahrida (Qozog'iston) bo'lib o'tgan IHTning Fan va texnologiyalar bo'yicha birinchi sammitida so'zlagan nutqida ham ilm-fan, ma'naviyat va ma'rifatni rivojlantirish bilan bog'liq amaliy takliflarni kun tartibiga qo'ydi. Ayni paytda mamlakatimiz rahbari IHT yuksak minbarlaridan turib e'lon qilgan ezgu tashabbuslar hayotga keng tatbiq etilmoqda.
– Akmal Xolmatovich, Siz 2017 yili IHTning Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi a'zoligiga, 2018 yili esa ushbu Komissiya raisi etib saylangansiz. Mazkur Komissiya haqida ham muxtasar ma'lumot bersangiz?
– Joriy yilda O'zbekiston IHTning ushbu Komissiyasiga raislik qilayotganini alohida ta'kidlash zarur. Shu ma'noda, mazkur Komissiyaning bu galgi Yillik seminari aynan yurtimiz poytaxtida bo'lib o'tishi bejiz emas.
IHTning Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi IHTga a'zo mamlakatlar Tashqi ishlar vazirlari Kengashining 2011 yil 28-30 iyun kunlari Astanada bo'lib o'tgan 38-sessiyasida qabul qilingan rezolyutsiyaga muvofiq tuzilgan.
IHTning Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi IHTga a'zo davlatlarning xotin-qizlar, yoshlar va ehtiyojmand kishilarning huquqlarini mustahkamlashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish yo'lidagi sa'y-harakatlarini qo'llab-quvvatlaydi. Bu borada iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va madaniy-ma'rifiy sohalardagi huquqlarni ta'minlash, barcha shakldagi zo'ravonlik va kamsitishlarga barham berish masalalariga alohida e'tibor qaratadi.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, keyingi 2-3 yildan buyon O'zbekistonning Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi bilan hamkorligi faollashdi va yangi bosqichga ko'tarildi.
O'zbekiston delegatsiyasi tarkibida 2018 yil 17-19 dekabr kunlari Jidda shahrida IHT Kotibiyati tomonidan o'tkazilgan Hukumatlararo ekspertlar guruhining kengashida ishtirok etdim.
O'shanda Kengash ishtirokchilariga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan shiddatli va keng qamrovli islohotlar haqida so'zlab berdik. Xususan, 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish borasida erishilayotgan natijalardan xabardor qildik.
Samarqandda o'tkazilgan Inson huquqlari bo'yicha Osiyo forumi yakunlariga doir ma'lumotlar hamkorlarimizda katta taassurot qoldirdi.
Biz, shuningdek, O'zbekistonning xalqaro tashabbuslari, BMT Bosh Assambleyasining Ma'rifat va diniy bag'rikenglik to'g'risidagi rezolyutsiyasi qabul qilingani, BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyasi loyihasini tayyorlash jarayonlari haqida atroflicha fikr almashdik.
Darvoqe, IHTning Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining Toshkentda bo'lib o'tadigan Yillik 6-seminarida tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo'lida yoshlar huquqlarini rag'batlantirish hamda himoya qilishning ahamiyati muhokama qilinadi.
– Xalqaro seminar mavzusida yoshlar huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishning ahamiyatiga urg'u berilayotganini nima bilan izohlaysiz?
– Bu savolingizga javobni savol bilan boshlamoqchiman. Ya'ni, “yoshlar” deganda o'zi jamiyatning qaysi yosh orasidagi qatlamini tushunamiz? E'tibor qaratsangiz, hozirgi kunda turli xalqaro-huquqiy hujjatlarda yoshlar uchun turlicha yosh oralig'i belgilanganini kuzatish mumkin.
Jumladan, BMTning Butunjahon harakatlar dasturiga ko'ra 15-24 yosh oralig'idagi insonlar yoshlarni tashkil etadi. BMT Xavfsizlik kengashining Yoshlar, tinchlik va xavfsizlik to'g'risidagi 2250-rezolyutsiyasida yoshlik doirasi 18-29 yosh etib belgilangan. Afrika yoshlar xartiyasiga binoan esa bu ko'rsatkich 15-35 yosh
oralig'idan iborat.
Bunday har xillik, o'z navbatida, dunyo miqyosida muayyan muammolarni keltirib chiqarmoqda. Masalan, xalqaro huquqiy hujjatlar bilan milliy qonunlarda yoshlarning yosh mezonlari turlicha ko'rsatilgan bo'lsa, bu navqiron avlodning huquqlari to'liq ta'minlanishiga xalal beradigan holatlar mavjud.
Yoshlar huquqlari deganda yosh avlodning asosiy huquq va erkinliklarini tushunamiz. Bu huquq va erkinliklardan har bir inson foydalanishi zarur bo'lgani holda, ayrimlarga yoshi nuqtai nazaridan bu borada cheklovlar qo'yiladi. Bunday holatlar esa o'sib kelayotgan avlodlarga salbiy ta'sir ko'rsatmay qolmaydi.
BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi 18 yoshgacha bo'lgan shaxslarni o'z ta'sir doirasi va himoyasiga oladi. Ammo, bolalar va o'smirlar turli shakllardagi kamsitishlarga ko'proq duch keladilar. Ayniqsa, ta'lim olish, maqbul ish topish, ijtimoiy himoyadan foydalanish, fuqarolik va siyosiy huquqlarini to'la ro'yobga chiqarish yoshlar yo'lida ko'plab muammolar uchrashi bor gap.
Hozirgi kungacha yoshlarning huquqlari qat'iy belgilab qo'yilgan global ko'lamdagi aniq bir hujjat yoki vosita mavjud emasligi bu holtni yanada murakkablashtirmoqda. Shu jihatdan, Afrika yoshlar xartiyasi, mintaqaviy darajadagi hujjat bo'lishiga qaramay, xalqaro huquq doirasida yoshlar huquqlarini normalar shaklida aks ettirish borasidagi ijobiy qadam sifatida ko'rsatish mumkin.
Bilasizki, Afrika yoshlar xartiyasi amal qiladigan mintaqa Islom hamkorlik tashkiloti davlatlari makonidadir. IHT makoni dunyodagi eng ko'p yoshlar yashayotgan ulkan hudud hisoblanadi. Taxminlarga qaraganda, 2050 yilga borib butun dunyo yoshlarining uchdan bir qismini IHT mamlakatlaridagi yoshlar tashkil etadi.
Boshqacha aytganda, IHTga a'zo mamlakatlar aholisi nufusida hozir va kelgusida ham yoshlar ko'pchilikni tashkil etishi – bu hududlarda sanoat, innovatsiya va taraqqiyot borasida beqiyos salohiyatu imkoniyatlar mavjudligi deganidir. Shu bilan bir qatorda, mazkur mamlakatlar bunday ulkan salohiyatdan foydalanish asnosida jiddiy muammolarni hal etishiga ham to'g'ri keladi.
Misol uchun, ushbu keng mintaqadagi ko'p sonli yoshlar qatlami uchun sifatli ta'lim berish va kasb-hunar o'rgatish, yetarlicha ish joylari yaratish oson bo'lmaydi. Qolaversa, yosh mutaxassislarni ta'limdan keyingi bosqichda mehnat bozoriga kirib borishini yengillashtirish, qizlar va yigitlar ta'lim olishi, kasb-hunar o'rganishi va mehnat bozoridan
munosib o'rin egallashi uchun teng imkoniyatlar yaratish talab etiladi.
Yosh avlodlar o'zlariga munosib hayot sharoitlarini yaratishlari uchun ijtimoiy layoqatli bo'lib voyaga yetishlariga ko'maklashish taqozo qilinadi. Ularning ijtimoiy hayotda faolligini kuchaytirish ham eng muhim masalalardan biridir. Yoshlar zararli odatlarga tobe bo'lib qolmasligi, yaxshi xulq-atvor egalari bo'lib tarbiya topishlari – bularning barchasi IHT mamlakatlari yoshlarining salohiyatidan samarali foydalanish yo'lidagi muammolarga misollardir.
IHT makonidagi ayrim mamlakatlarda yoshlarning aksariyat qismi ijtimoiy faol emasligi, ular ijtimoiy-siyosiy hayotdan va muhim siyosiy qarorlar qabul qilish jarayonlaridan chetda qolayotgani kuzatilmoqda. Bu, o'z navbatida, musulmon olami yoshlarini integratsiyalashtirish va ularning salohiyatidan foydalanish masalalariga jiddiy e'tibor qaratishni talab
qilmoqda.
Bu borada samaradorlikka erishishning yo'li bitta, u ham bo'lsa: “yoshlar muammolari”ga yechim izlashni “yoshlar huquqlari”ni ta'minlash maqsadlari bilan almashtirish lozim. Bundayo yondashuv ikki tomonlama afzallik tug'diradi. Birinchidan, yoshlarning huquqlari ta'minlanadi, ikkinchidan, yosh avlod salohiyatidan tinchliksevar demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror taraqqiyotni ta'minlashda foydalanish imkoniyati yuzaga keladi.
Mazkur muammoning g'oyat muhimligi va o'ta dolzarbligini hisobga olgan holda, Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi ayni mavzuda mamlakatimiz poytaxtida xalqaro seminar o'tkazishga qaror qildi. Bundan ko'zlangan maqsad – anjumanda vakillari ishtirok etadigan ko'plab tomonlar o'rtasida amaliy muloqot o'rnatishdir.
Bunday muloqot nima uchun kerak?
Birinchidan, yoshlar huquqlarini himoya qilish va rag'batlantirish sohasida hozirgacha amal qilib kelayotgan xalqaro hamda mintaqaviy vositalar va mexanizmlarning qo'llanilishi samaradorligini xolis tahlil qilishimiz lozim.
Ikkinchidan, IHTga a'zo davlatlarning yoshlari o'z huquqlarini to'la ro'yobga chiqarishlarida duch kelayotgan asosiy muammolarni aniqlashtirib olishimiz zarur.
Uchinchidan, hozirgi vaqtda amal qilayotgan yoshlarga taalluqli joriy siyosat va dasturlarning manfaatiligi darajasini o'rganishimiz darkor. Va nihoyat, to'rtinchidan, Toshkent anjumanida IHT makonidagi barcha davlatlarning yoshlarga doir strategiyalaridagi mavjud huquqiy, ma'muriy va siyosiy amaliyotlarni takomillashtirishning yo'llari hamda vositalari taklif etilishi kutilmoqda. Toki yoshlarimiz munosib jamiyat qurish va barqaror taraqqiyotni ta'minlash ishlarida amaliy hissa qo'shish imkoniyati va salohiyatiga ega bo'lsinlar.
– Anjuman ishi doirasida BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyasi loyihasini qo'llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratilar ekan. Shu haqda batafsilroq to'xtalsangiz?
– Bu o'rinda avvalo shuni ta'kidlash kerakki, davlatimiz rahbari tomonidan 2016 yil 14 sentyabrda imzolangan yangi tahrirdagi "Yoshlarga oid davlat siyosati to'g'risida"gi qonun yoshlarga zamonaviy ta'lim olish, uy-joy xarid qilish va qurish, oila qurish uchun imtiyozli kreditlar olishda katta imkoniyatlar, tizimli ijtimoiy kafolatlarni taqdim etmoqda. Bir so'z bilan aytganda, O'zbekiston yoshlarida og'riqli muammolar yo'q, chunki ular davlat g'amxo'rligi og'ushida hayot kechirmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va 2017 yilda tasdiqlangan “2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi”da yosh avlodni har tomonlama sog'lom va barkamol etib tarbiyalash borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko'tarish maqsadida yangicha yondashuvlar hayotga faol joriy etilishi ko'zda tutilgan. Bu borada izchil ishlar olib borilmoqda.
Ayni chog'da, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida ayrim yoshlar, xususan, bizning yoshlarimiz
ham zo'ravonlik g'oyasi "virusi" qurboniga aylanishidan kafolatlanmagani haqida kuyunchaklik bilan so'zladi.
Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o'z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zo'ravonlik g'oyasi "virusi" tarqalishining oldini olishdir, dedi mamlakatimtz rahbari. Buning uchun yosh avlodni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi ko'p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish lozimligiga e'tibor qaratdi.
O'zbekistonning jahon hamjamiyatida munosib mavqei bor, shu sababdan yoshlarni qo'llab-quvvatlash sohasida ko'p qirrali hamkorlik o'ta muhim. Prezidentimizning globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bugungi sharoitda yoshlarga oid siyosatni shakllantirish va amalga oshirishga qaratilgan umumlashtirilgan xalqaro huquqiy hujjatni ishlab chiqishni taklif etgani nihoyatda dolzarb ahamiyatga ega.
Bugungi axborot asrida Internetning salbiy ta'siridan himoyalanib bo'lmaydi. Ammo dunyo hamjamiyati sa'y-harakatlarini umumlashtirish yo'li bilan tahdid darajasini kamaytirish mumkin.
O'zbekiston tomonidan BMT Bosh Assambleyasi yuksak minbarida ushbu masala yoshlar muammolariga yetarli e'tibor qaratmaslik xalqaro terrorizm va ekstremizm tahdidlarining ortishiga olib kelishi mumkinligi nuqtai nazaridan ko'tarilmoqda. Zotan, xalqaro terrorizm va ekstremizmning ildizini boshqa omillar bilan birga jaholat va murosasizlik tashkil etadi.
Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, ekstremistik faoliyat va zo'ravonlik bilan bog'liq jinoyatlarning aksariyati 30 yoshga yetmagan yoshlar tomonidan sodir etilmoqda. Shu munosabat bilan odamlar, birinchi navbatda, yoshlarning ongu tafakkurini ma'rifat asosida shakllantirish va tarbiyalash eng muhim vazifa.
Xulosa qilib aytganda, O'zbekiston Prezidentining bu boradagi tashabbusi nafaqat mamlakatimiz jamoatchiligi, balki dunyo hamjamiyati tomonidan ham to'la qo'llab-quvvatlanmoqda.
Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining poytaxtimizda bo'lib o'tadigan yillik 6-seminari uchun “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo'lida yoshlar huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” degan mavzu tanlangani buning yana bir dalolatidir.
- Qo'shildi: 05.10.2019
- Ko'rishlar: 5748
- Chop etish