Sarhisob
Yoshlikdanoq qat’iyat va tartibni xush ko‘rib, aqliy va jismoniy chiniqishga urinayotgan bola, shubhasiz, atrofidagilarga Vatan posboni bo‘lishdek ulug‘ yo‘lni tanlayotganini namoyish etib boraveradi. Shunday maqsadli o‘g‘il-qizlar uchun esa yurtimizda ko‘plab harbiy oliy ta’lim muassasalari mavjud.
Prezidentimizning 2019 yil 28 iyundagi «O‘smirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya tarkibida prinsipial yangi «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseylari tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 7 yanvar kungi Davlat xavfsizlik xizmati «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseyiga tashrifi chog‘ida soha yo‘nalishida muhim topshiriqlar berilgan edi.
Bu borada Toshkent «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseyining joriy yil boshidan amalga oshirgan ishlari sarhisobi ham ijobiy natijalarni qayd etmoqda. Xususan, yil boshidan harbiy-akademik litsey o‘quvchilari – Milliy gvardiya bo‘linmalari va muassasalari o‘rtasida ingliz tilidan «Yangi O‘zbekistonga sadoqat bilan xizmat qilamiz» mavzusida o‘tkazilgan viktorinalar, «Vatan chegaralarining daxlsizligi, yurt tinchligi – oliy maqsad» mavzusi doirasida harbiy-vatanparvarlik tadbirlari o‘quvchilarning tanlagan yo‘nalishi bo‘yicha ham aqlan, ham jismonan chiniqishiga sabab bo‘ldi.
Amaliyotdan ma’lumki, yoshlarni kasbga qiziqtirish asosan maktabdanoq shakllantirilsa, o‘quvchi o‘z kelajagiga munosib rejalar bilan harakat qilishni boshlaydi. Shu maqsadda Toshkent «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseyi o‘quvchilari Mirobod tumani 282-sonli ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan davlat maktabigacha ta’lim tashkiloti hamda Yakkasaroy tumanidagi 89-sonli o‘rta ta’lim maktablarida o‘tkazilgan harbiy vatanparvarlik tadbirlarida ham faol ishtirok etdi. Tadbirda qatnashgan o‘quvchilarning ko‘zlaridan anglash mumkinki, Vatan xizmatiga bel bog‘laganlarning qad rostlab, qat’iy va shijoatli nigoh bilan boqishlari ularning ushbu kasbga mehrini oshirdi. Shunday targ‘ibot tadbirlari natijasida Toshkent shahar Mirobod tumanidagi umumta’lim maktabi o‘quvchilari ham «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseyiga tashrif buyurdi. Ular litseyning o‘quv-moddiy bazasi, o‘quv sinflari, sport maydonchasi, elektron o‘q otish tiri hamda yotoqxonada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.
O‘z tarixiga qiziqmagan insonning Vatanga muhabbat tuyg‘usi chin bo‘lavermaydi. Harbiy maktab o‘quvchilari uchun yurtimiz muzeylariga sayohatlar ham uyushtirib turiladi. Muzeyga sayohat davomida o‘quvchilarga O‘zbekistonning mustaqillikka erishishi, ichki va tashqi siyosatda mustaqil davlat sifatidagi yutuqlari haqida ma’lumotlar beriladi.
Yangi O‘zbekistonni barpo etish, mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlashda «Temurbeklar maktabi» o‘quvchilari ta’lim jarayonida o‘z oldida turgan vazifalarni anglab boradi. Alohida ta’kidlash lozimki, harbiy soha vakili turli vaziyatlarga munosib shaylanishi bilan birga, yetuk siyosiy arboblar tarixi, ularning adabiy jarayonlardagi yutuqlarini ham o‘rganib borishi lozim. Bu borada Milliy gvardiyasi qo‘mondonligi tashabbusi bilan Milliy gvardiya Ma’naviyat va ma’rifat markazida Alisher Navoiy tavalludi va Zahiriddin Muhammad Bobur faoliyati bilan bog‘liq badiiy chiqishlar uyushtirish yo‘lga qo‘yilgan. Bunday tadbirlarda o‘quvchilarga Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi haqida ma’lumotlar beriladi. Ular tomonidan bobokalonlarimiz haqida sahnalashtirilgan lavha va she’riy namunalar ijro etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti tomonidan tashkil etilgan «Zahiriddin Muhammad Bobur ilmiy merosining xalqaro miqyosda o‘rganilishi va uning ahamiyati» mavzusidagi xalqaro konferensiyada Toshkent «Temurbeklar maktabi» o‘qituvchilari hamda ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishda tahsil olayotgan o‘quvchilar ishtirok etdilar. Ayniqsa «Jadidlarga munosib avlodlarmiz» shiori ostidagi tadbirning o‘quvchilar ma’naviy kamolotiga ta’siri yuksak bo‘lib bormoqda.
Temurbeklar maktabi o‘z nomi bilan ulug‘ bobokalonimiz Amir Temurdek salohiyatli va qat’iyatli yoshlarni shakllantirish yo‘lida xizmat qilmoqda. Joriy yil buyuk sarkarda Amir Temur bobomizning 688 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston davlat tarixi muzeyida litsey o‘quvchilari o‘z badiiy chiqishlari bilan ishtirok etishdi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmatlari uchun kadrlar rezervini shakllantirish yo‘lida o‘tkazilgan «Temurbeklar maktabi» o‘quvchilarining tarbiyasida Amir Temur merosining o‘rni» mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya ham yuksak saviyada o‘tkazildi. Dunyo taraqqiyotining poydevorini o‘rnatgan ajdodlarimizning ilmi bugungi kunlar uchun asos bo‘lgani sir emas. O‘quv jarayonlari davomida Informatika fani oyligi doirasida fizika va informatika darslarida olingan nazariy bilimlarni amaliyotda mustahkamlash maqsadida harbiy maktab o‘quvchilarining Aloqa tarixi muzeyiga sayohatlari uyushtirildi.
Shahidlar xotirasi – abadiy. Buni anglash va anglatish uchun Vatan tuyg‘usini his etib, shu yo‘lda jon fido qilganlar haqida kelgusi avlodlarga ma’lumotlar berib borish an’anaga aylanmoqda. Shu bois qatag‘on siyosati va uning oqibatlari mavzusida keng davra suhbatlari tashkil etib borilmoqda. Milliy gvardiya qo‘mondonining ko‘rsatmasiga asosan har hafta «Bir kunim harbiy qismda» shiori ostida Milliy gvardiyaning Toshkent shahridagi harbiy qismlariga litsey o‘quvchilarining ekskursiyalari tashkil etildi va shu asosida ishlar olib borildi.
O‘quv jarayonida tashkil etilgan Shon-sharaf muzeyida «O‘zbekistonliklarning frontdagi jasorati va qahramonliklari» mavzusida darslar, «Uch avlod» uchrashuvlari, «Uyg‘oq xotira» nomli teatrlashtirilgan konsert dasturlari hamda «Amir Temur avlodlari» harbiy-sport musobaqasi kabi so‘nggi olti oy davomida o‘tkazilgan tadbirlar Milliy gvardiya Toshkent «Temurbeklar maktabi» o‘quvchilarida harbiy vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishda yuksak ahamiyat kasb etmoqda.
Bu yil 7 ta harbiy-akademik litsey o‘rtasida tashkil etilgan «Amir Temur avlodlari» harbiy-sport musobaqasida litsey terma jamoasi birinchi o‘rinni egallagani yuqorida so‘zlarning yorqin ifodasidir. Bu yil respublika miqyosida 1800 tadan ortiq nomzodlar Milliy gvardiya Toshkent «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseyida o‘qish istagini bildirib, hujjatlar topshirgan. Qabul komissiyasi tomonidan Davlat test markazi bilan hamkorlikda qonunchilikka asosan saralash ishlari amalga oshirilmoqda hamda oliy ta’lim muassasalarga kirish imtihonlari tugagandan so‘ng, harbiy-akademik litseylarga kirish imtihonlari kuni belgilab beriladi. Shuni ham ta’kidlash kerakki, harbiy-akademik litseylar orasida 2024-2025 o‘quv yilida ilk bor Toshkent «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseyiga qizlarning qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori asosida belgilab berildi. Kelajakda ulardan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga hamda davlat xizmatlari uchun jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk kadrlar yetishib chiqishiga umid qilamiz.
Rustam Fayzullayev,
Milliy gvardiya Toshkent «Temurbeklar maktabi»
harbiy-akademik litseyi direktorining birinchi o‘rinbosari,
polkovnik
O‘zA
- Qo'shildi: 22.07.2024
- Ko'rishlar: 1264
- Chop etish