Milliy preventiv mexanizm (MPM) tomonidan yopiq muassasalar va ozodlikdan mahrum etish joylarida olib boriladigan monitoring yakunlari bo'yicha, odatda, hisobot ma'ruzasi tayyorlanadi. Trening mashg'ulotlarining to'rtinchi kunida xalqaro espertlar ushbu hisobotlarning qanday tayyorlanishi, kimga taqdim etilishi, unda ko'rsatilgan tavsiyalarning ijrosi qay tarzda nazorat qilinishi bo'yicha to'plangan ilg'or xalqaro tajriba bilan tinglovchilarni tanishtirdilar.
– Qamoqxonalardagi monitoring bo'yicha hisobotlar yopiq, maxfiy hujjat bo'lib qolmasligi kerak, – dedi BMT Qiynoqlarning oldini olish bo'yicha kichik qo'mitasi raisi o'rinbosari Viktor Zaxariya. – Bunday hisbotlarni albatta chop etish zarur.
Hisbotdan ko'zlangan maqsad nima? Avvalo, hisobot – bu muloqot vositasidir. Unda monitoring davrida tegishli muassasa rahbariyati va xodimlari, shuningdek mahbuslar bilan muloqot natijasida aniqlangan dalillar va muammolar qisqacha aks ettiriladi. Muloqotda bo'lgan mahbuslar va xodimlarga ziyon yetkazmaslik nuqtai nazaridan, ularning ism-familiyalari, manzili va lavozimlari kabi ma'lumotlar qayd etilmagani ma'qul.
Hisobotda qamoqxonada mustaqil monitoring o'tkazgan guruh tarkibi, sana va vaqt, monitoringdan ko'zlangan aniq maqsadlar, axborot qanday usulda to'plangani va tekshirilganiga doir ma'lumotlar qayd etiladi. Shuningdek, qamoqxonadagi shart-sharoit, muoamala-munosabat, tibbiy xizmat ko'rsatish darajasi kabi holatlar bo'yicha monitoring natijalari bayon etiladi.
Hisobot monitoring o'tkazilgan qamoqxonadagi tartib-qoidalar uchun mas'ul rahbariyatga taqdim etiladi. Unda aniqlangan muammolarni hal etish yuzasidan yaqin, o'rta va uzoq muddatga mo'ljallangan tavsiyalar beriladi.
Buyuk Britaniya Jazoni ijro etish muassasalari boshqarmasi vakili Janet Xolning fikricha, dastavval, qamoqxona rahbariyatiga hisobotning qisqacha xulosalari berilgani maqsadga muvofiqdir. So'ngra taxminan 14 hafta ichida batafsil hisobot tayyorlanadi, barcha dalil va tafsilotlar MPM hamda qamoqxona mas'ullari tomonidan tekshiriladi. Shundan keyin hisobotni chop etish mumkin bo'ladi. Hisobot nashr etilishidan 48 soat oldin u haqda matbuot xabarnomasi tarqatilishi kerak.
Janet Xol “Hisobot qanday holatda batafsil tuzilgan hisoblanadi?” degan savolga ham to'xtaldi. Xalqaro ekspertning fikricha, hisobot muloqot o'tkazilgan mahbus va uning oila a'zolari uchun tushunarli tarzda yozilgani uning batafsilligi belgisidir.
Qamoqxona rahbariyati monitoring guruhi taqdim etgan hisobotdagi tavsiyalarni 4 oy ichida bajarishi lozim. Ammo, Buyuk Britaniya tajribasini shuni ko'rsatadiki, ba'zan tavsiyalarning 80 foizigacha bajarilmasdan qoladi, deydi britaniyalik ekspert. Bunga ko'pincha qamoqxona ma'muriyati yoki hukumatning ixtiyorida tegishli mablag' mavjud emasligi xalal beradi. Shu bois ayrim tavsiyalar hatto qabul ham qilinmaydi.
Bunday hollarda bir necha yildan keyin ushbu qamoqxonalarda yana monitoring o'tkazish, bungacha esa tegishli tavsiyalarning bajarilishiga doir aniq siyosat va strategiyani ishlab chiqish taqozo etiladi. Zero, hisobotdagi tavsiyalar bajarilsa, o'sha qamoqxonada mahbuslarning ahvoli yaxshilanishiga erishiladi.
Shuning uchun hisobotlarda monitoring qilingan qamoqxonadagi jarayonlar emas, balki mahbuslarning ahvolini yaxshilashga qaratilgan omillar ko'proq aks etishi darkor. Aslida, hisobot ijrosi – kutiladigan bosh natija emas. Asosiy samaradorlik shu hisobot ijrosidan mahbuslarning hayoti uchun yuzaga keladigan yengilliklardir.
Mashg'ulotlar doirasida MPM guruhi tarkibida qamoqxonalarda monitoring o'tkazish, o'rganish yakunlari bo'yicha hisobot tayyorlash, hisobotda ko'rsatilgan tavsiyalarning bajarilishiga erishish bo'yicha amaliy mashg'ulotlar o'tkazildi. Tinglovchilarning bu borada orttirgan bilim va ko'nikmalari test usuli orqali sinovdan o'tkazildi.
Trening yakunida qiynoqlarning oldini olish, shuningdek, yopiq muassasalar va ozodlikdan mahrum etish joylarida monitoring o'tkazishni tashkil etish borasida milliy darajadagi samarali hamkorlikni yo'lga qo'yishi istiqbollari muhokama qilindi. Bu sohada Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazining salohiyati va imkoniyatlari bilan bog'liq bir qator taklif va tavsiyalar bildirildi.
So'ngra mashg'ulotlar tinglovchilariga mazkur trening tashkilotchilari – Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, YEXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi hamda BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha Mintaqaviy vakolatxonasi tomonidan tasdiqlangan sertifikatlar topshirildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 07.09.2019
- Ko'rishlar: 6016
- Chop etish