O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Terxi Xakala bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida so‘nggi yillarda barqaror rivojlanayotgan hamda hamkorlikning yangi bosqichiga ko‘tarilgan O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Parlamentlararo hamkorlik, inson huquqlarini himoya qilish, xavfsizlikni ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, gender tenglikni ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda tomonlar xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini, shu jumladan, Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti mintaqaviy platformasi doirasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Tajriba almashish va mintaqada gender tenglikni targ‘ib qilish uchun xalqaro platforma vazifasini bajarayotgan Osiyo xotin-qizlari forumining ahamiyati ta’kidlandi.
O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining GSP+ dasturiga kiritilishi amaliy hamkorlikning muhim natijalaridan biri bo‘lgani va bu mamlakatimizga jahonning eng yirik bozorlariga chiqish imkoniyatini taqdim etgani qayd etildi.
O‘zbekistonning GSP+ dasturiga kiritilgani doirasida inson va mehnat huquqlarini himoya qilish, atrof-muhit, iqlimni muhofaza qilish va samarali boshqaruvni ta’minlash bilan bog‘liq 27 ta muhim xalqaro konvensiyani samarali amalga oshirish bo‘yicha majburiyatlar muhokama qilinayotgani alohida ta’kidlandi. Ushbu majburiyatlarning bajarilishi Yevropa Ittifoqi bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va O‘zbekistonning xalqaro bozorlarga integratsiyalashuvi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Tomonlar Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, barqarorlik hamda doimiy rivojlanishni ta’minlash uchun mintaqaviy hamkorlik muhimligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan rejalarni amalga oshirish bo‘yicha faol muloqot olib borish hamda birgalikda ishlarni davom ettirish haqida kelishuvga erishildi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 05.12.2024
- Ko'rishlar: 563
- Chop etish