O‘zbekistonning BMTdagi tashabbuslarini amalga oshirishda parlamentning ro'li

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT doirasidagi xalqaro tashabbuslarini amalga oshirishda parlamentning roli” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan BMT doirasida ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirishda Oliy Majlis tomonidan olib borilayotgan ishlarni sarhisob qilgan holda bu borada kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi.

Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan tadbirda Oliy Majlis palatalari deputatlari, Tashqi ishlar vazirligi mas’ul xodimlari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va tadqiqotchilari, Markaziy Osiyo Xalqaro instituti, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti vakillari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.  

Davra suhbatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov ishtirok etib, kirish so‘zida so‘nggi yillarda BMTning yuksak minbari O‘zbekistonning mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik eng dolzarb masalalar yuzasidan mamlakatimiz nuqtai nazarini bayon qilish va muhim tashabbuslarini ilgari surish uchun o‘ziga xos “maydon”ga aylanganini alohida ta’kidladi.  

Darhaqiqat, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu minbar orqali bir necha bor, jumladan, BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida (2017 yil sentyabr), BMT Bosh Assambleyasining 75-yubiley sessiyasida (2020 yil sentyabr) hamda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida (2021 yil fevral) ishtirok etib, O‘zbekistonning muhim tashabbuslarini ilgari surdi. Xususan, Prezidentning BMT Bosh Assambleyasi 75-yubiley sessiyasidagi ma’ruzasida ilgari surilgan aniq taklif va ulug‘vor tashabbuslar o‘zining nihoyatda dolzarbligi, keng qamrovliligi, eng muhimi, nafaqat O‘zbekistonning, balki barcha qo‘shni davlatlar va asosiy hamkorlarimizning manfaatlarini ham birdek qamrab olgani bilan ahamiyatlidir.

Ta’kidlanganidek, dunyo jamoatchiligining diqqat-e’tiborini o‘ziga tortgan ushbu nutqda mamlakatimizning muhim taklif va tashabbuslari e’lon qilindi. Ular ichida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish, davrimizning dolzarb global va mintaqaviy muammolari va ularning yechimlarini muhokama qilish uchun qator xalqaro anjumanlarni tashkil qilish, Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta’minlashda parlamentlar rolini oshirish to‘g‘risida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish, BMT shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish, Afg‘oniston masalalari bilan shug‘ullanuvchi va BMT huzurida doimiy faoliyat yurituvchi maxsus qo‘mita tuzish, Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish haqida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish kabilarni alohida qayd etish joiz.  

Ushbu tashabbuslarni hayotga izchillik bilan tatbiq etish uchun O‘zbekiston Respublikasi hukumati va parlamentining alohida “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilgan bo‘lib, ular hozirgi kunda keng tatbiq etilmoqda. Chunonchi, BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan tashabbuslarni parlamentlararo darajada targ‘ib qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari Kengashlarining 2021 yil 26 fevraldagi qo‘shma qaroriga muvofiq “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi va u bugungi kunda hayotga joriy etilmoqda.

Tadbirda qayd etilishicha, “yo‘l xaritasi”ga muvofiq joriy yilning 23-24 iyun kunlari Buxoro shahrida “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik” mavzuida xalqaro forum o‘tkazildi. Bundan tashqari, xalqaro parlamentlararo uyushmalar doirasida, xususan, Parlamentlararo Ittifoq, MDH Parlamentlararo Assambleyasi, YXHT Parlament Assambleyasi sessiyalarida va boshqa qator anjumanlarda Prezident tashabbuslarining mazmun-mohiyati haqida xalqaro jamoatchilikni keng xabardor qilish barobarida ularni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik amalga oshirilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi parlamenti a’zolarining xorijiy mamlakatlarga rasmiy tashriflari doirasida ham xalqaro jamoatchilikni mazkur tashabbuslarning mazmun-mohiyati haqida xabardor qiluvchi anjuman va tadbirlar tashkil etilmoqda.  

Davra suhbati yakunida BMT doirasidagi xalqaro tashabbuslarni amalga oshirishda parlament tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni sarhisob qilish asosida ushbu yo‘nalishdagi faoliyatni bundan keyin ham izchil davom ettirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.

 M.Komilova, O‘zA

 

Powered by GSpeech