Tez-tez beriladigan savollar va javoblar

Ishga qabul qilish tartibi

Noqonuniy sudlangan shaxsning mehnatga oid huquqlari qanday tartibda tiklanadi?

Asossiz sudlangan shaxslarning mehnat huquqlari tiklanishi masalasi tegishli qonun hujjatlarida mustahkamlab qo'yilgan.

Xususan, O'zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 310-moddasi 1-qismi va Mehnat kodeksining 271-moddasi 3–qismida, g'ayriqonuniy ravishda sudlanganligi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan yoki g'ayriqonuniy ravishda jinoiy javobgarlikka tortilishi munosabati bilan ishdan (lavozimdan) chetlatilgan xodimga avvalgi ishi (lavozimi) berilishi lozimligi, buning imkoniyati bo'lmaganda esa (korxona tugatilganligi, shtatlar qisqarganligi) yoki ishga (lavozimga) tiklash uchun monelik qiluvchi qonunda nazarda tutilgan boshqa asoslar mavjud bo'lgan taqdirda, unga avvalgi ishiga (lavozimiga) teng boshqa ish (lavozim) berilishi kerakligi ko'rsatilgan.

Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksining 310-moddasi 2-qismiga asosan reabilitatsiya etilgan (oqlangan) shaxsning qonunga xilof ravishda ehtiyot chorasi tariqasida qamoqda saqlangan yoki uy qamog'ida bo'lgan vaqti, jazo o'tagan vaqti, lavozimidan chetlashtirilganligi tufayli ishlamay yurgan vaqti, tibbiy muassasada saqlangan vaqti umumiy mehnat stajiga va ixtisoslik bo'yicha ish stajiga qo'shiladi.

Shaxsning mehnat qilish to'g'risidagi talabi qanoatlantirilmagan bo'lsa yoxud shaxs qabul qilingan qarorga rozi bo'lmasa, u tegishli talab bilan da'vo ishini yuritish tartibida sudga murojaat qilishga haqlidir.

Reabilitatsiya etilgan (oqlangan) shaxsga yetkazilgan mulkiy ziyon kim tomonidan va qancha miqdorda qoplanadi?

O'zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 38-bobida ko'rsatilgan qoidalarga ko'ra, reabilitatsiya etilgan (oqlangan) shaxsga qonunga xilof harakatlar bilan yetkazilgan mulkiy ziyon to'la hajmda qoplanadi.

Xususan,

1) reabilitatsiya etilgan shaxs o'ziga nisbatan sodir etilgan qonunga xilof harakatlar natijasida mahrum bo'lgan ish haqi va mehnatdan topiladigan boshqa daromadlar;

2) pullar, pul jamg'armalari va ularga to'lanadigan foizlar, davlat zayomi obligatsiyalari va ularga chiqqan yutuqlar, aktsiyalar va boshqa qimmatli qog'ozlar, shuningdek sudning hukmi, ajrimiga (qaroriga) asosan musodara qilingan yoxud davlat foydasiga o'tkazilgan ashyolar yoxud boshqa mol-mulkning qiymati;

3) surishtiruv, dastlabki tergov organlari yoki sud tomonidan olingan va yo'qotilgan mol-mulk qiymati;

4) sud hukmini ijro qilish chog'ida undirilgan jarimalar va sud chiqimlari;

5) yuridik yordam ko'rsatilishi uchun shaxs tomonidan advokatlar byurosiga, hay'atiga yoki firmasiga to'langan pul, shuningdek unga nisbatan sodir etilgan qonunga xilof harakatlar natijasida qilingan boshqa xarajatlar moliya organlari  tomonidan (davlat byudjeti xisobidan)qoplanadi.

To'xtatib qo'yilgan pensiya va nafaqalar O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg'armasi bo'limlari tomonidan davlat byudjeti hisobidan qoplanadi.

Uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi jazoga hukm qilingan shaxs jazo muddatining ko'p qismini o'tab bo'lgan bo'lsa, qanday tartibda avf etiladi?

 

O'zbekiston Respublikasida sudlangan shaxslarni avf etish masalasi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 08 may kunidagi PF-5439 sonli Farmoni talablariga ko'ra O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Farmon qabul qilish yo'li bilan amalga oshiriladi.

Afv etish to'g'risidagi iltimosnoma mahkum yoki jazoni o'tab bo'lgan shaxs, shuningdek, qonun hujjatlari bilan afv etish to'g'risida iltimosnoma qo'zg'atish huquqi berilgan shaxs (organ)lar tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga yozma shaklda beriladi.

Farmon bilan tasdiqlangan “O'zbekiston Respublikasida avf etishni amalga oshirish tartibi to'g'risida”gi Nizom talablariga ko'ra mahkumlarning avf etish masalasida yozgan iltimosnomalari jazoni ijro etish muassasasi rahbariyatiga topshiriladi.

O'z o'rnida muassasa ma'muriyati mahkumning iltimosnomasini tegishli hujjatlar bilan birga O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga yuboradi.

Vazirlik esa avf etish to'g'risidagi iltimosnomalarni dastlabki tarzda ko'rib chiquvchi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Komissiyaga yuboradi.

Shuni nazarda tutish lozimki, yuqorida qayd etilgan Nizom talablariga binoan, afv etish to'g'risidagi iltimosnoma sud hukmi qonuniy kuchga kirgandan keyin quyidagi muddatlarda berilishi mumkin:

a) umrbod ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan shaxs tomonidan u tayinlangan jazoning yigirma besh yilini haqiqatda o'tab bo'lganidan keyin, agar jazoni o'tash davrida mahkum qat'iy tuzalish yo'liga o'tgan, belgilangan tartibni buzganlik uchun intizomiy jazo olmagan, mehnat va o'qishga nisbatan vijdonan munosabatda bo'layotgan, tarbiyaviy tadbirlar o'tkazishda faol ishtirok etayotgan taqdirda esa, tayinlangan jazoning yigirma yilini haqiqatda o'tab bo'lganidan keyin;

b) uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan shaxs tomonidan u tayinlangan jazo muddatining yigirma yilini haqiqatda o'tab bo'lganidan keyin, agar jazoni o'tash davrida mahkum qat'iy tuzalish yo'liga o'tgan, belgilangan tartibni buzganlik uchun intizomiy jazo olmagan, mehnat va o'qishga nisbatan vijdonan munosabatda bo'layotgan, tarbiyaviy tadbirlar o'tkazishda faol ishtirok etayotgan taqdirda esa, tayinlangan jazoning o'n besh yilini haqiqatda o'tab bo'lganidan keyin;

v) boshqa jazoga hukm etilgan shaxs tomonidan o'talgan (ijro etilgan) jazo muddati (hajmi)dan qat'i nazar, ushbu bandning “g” bandida ko'rsatilgan shaxslar bundan mustasno;

g) ilgari amnistiya akti asosida jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan, shartli hukm qilingan, muddatidan ilgari shartli ravishda, amnistiya akti va afv etish asosida jazodan ozod qilingan, shuningdek, o'ziga nisbatan yengilroq jazo bilan almashtirish qo'llanilgan hamda yana qasddan jinoyat sodir etgan shaxs, xuddi shuningdek, o'ta xavfli retsidivist tomonidan u tayinlangan jazo muddatining kamida uchdan bir qismini haqiqatda o'tab bo'lganidan keyin, ushbu bandning “a” va “b” kichik bandlarida ko'rsatilgan shaxslar bundan mustasno.

Toshkent shahrida propiskasi yo'q fuqarolar ham ishga joylashishi mumkinmi? Buning tartibi qanday?

 

Toshkent shahrida propiskasi yo'q fuqarolar ham ishga joylashish huquqiga ega.

O'zbekiston Respublikasi “Ayrim qonun hujjatlariga jamoat tartibini ta'minlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi 2019 yil 9 yanvar kunidagi Qonuniga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 80-moddasining 3-qismi yangi tahrirda qabul qilindi. Yangi normaga ko'ra, agar ishga kirayotgan shaxsning pasporti yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjati haqiqiy bo'lmasa, uni ishga qabul qilish rad etilishi mumkin. Shu davrga qadar amalda bo'lgan qoidada esa ishga kirayotgan shaxsning pasporti haqiqiy bo'lmasa, xuddi shuningdek ishga kirayotgan shaxs vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo'yicha hisobda turmagan bo'lsa ishga qabul qilish rad etilishi mumkin edi.

Shuningdek, Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi Kodeksining 223²-moddasi chiqarib tashlandi. Ya'ni, pasportsiz yoki haqiqiy bo'lmagan pasport bilan fuqarolarni, xuddi shuningdek vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo'yicha xisobda turmasdan yashab turgan fuqarolarni ishga qabul qilganlik uchun mansabdor shaxslarga nisbatan ma'muriy jazo qo'llash to'g'risidagi norma bekor qilindi.

Qayd etilganlarga ko'ra, korxona, tashkilot va muassasa ma'muriyati Toshkent shahrida doimiy propiskasi bo'lmagan shaxslarni ham ishga qabul qilish mumkin.

Ma'lumki, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan sudlarga murojaat qilinganda davlat boji va pochta harajatlarini to'laydilar.

O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarida jismoniy va yuridik shaxslarning sudlarga murojaat qilishlarida davlat boji to'lovlaridan ozod qilinishiga doir qoidalar mavjud.

Xususan, O'zbekiston Respublikasi “Davlat boji to'g'risida”gi qonunining 2§ davlat bojini to'lashdan ozod qilish masalasiga bag'ishlangan bo'lib, ushbu paragraf qoidalariga ko'ra, davlat bojini to'lashdan ozod qilinadigan jismoniy va yuridik shaxslarning qat'iy ro'yxati ushbu Qonun bilan belgilangan.

Ya'ni, Qonunning 8-moddasida, fuqarolik ishlari bo'yicha sudlarda davlat bojini to'lashdan ozod qilinadiganlar;

9-moddasida, iqtisodiy sudlarda davlat bojini to'lashdan ozod qilinadiganlar;

10-moddasida esa, ma'muriy sudlarda davlat bojini to'lashdan ozod qilinadiganlar ro'yxati ko'rsatib o'tilgan.

Mazkur Qonun 2020 yil 6 yanvar kuni qabul qilingan bo'lib, 2020 yil 1 yanvarga qadar qabul qilingan boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan va ushbu Qonunda nazarda tutilmagan davlat bojini to'lashdan ozod qilish ushbu hujjatlarning amal qilish muddati tugaguniga qadar kuchda qoladi.

Fuqarolarning saylash va saylanish huquqlari O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Saylov Kodeksi va boshqa qonun hujjatlari bilan mustahkamlab qo'yilgan.

Konstitutsiyaning 117-moddasiga ko'ra, O'zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o'z xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda — dekabr` oyi uchinchi o'n kunligining birinchi yakshanbasida o'tkaziladi. Saylovlar umumiy, teng va to'g'ridan-to'g'ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo'li bilan o'tkaziladi. O'zbekiston Respublikasining o'n sakkiz yoshga to'lgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar.

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a'zolari Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qo'shma majlislarida mazkur deputatlar saylanganidan so'ng bir oy ichida ular orasidan yashirin ovoz berish yo'li bilan saylanadilar.

Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas.

Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan, shuningdek og'ir va o'ta og'ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmaydi. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to'g'ridan-to'g'ri yoki bilvosita cheklashga yo'l qo'yilmaydi.

O'zbekiston Respublikasi fuqarosi bir vaqtning o'zida ikkidan ortiq davlat hokimiyati vakillik organining deputati bo'lishi mumkin emas.

Saylov o'tkazish tartibi qonun O'zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi bilan belgilanadi.

O'zbekiston Respublikasi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida”gi Qonunining 28-moddasiga asosan murojaatlarni ko'rib chiqish muddatlari belgilangan.

Ariza yoki shikoyat masalani mazmunan hal etishi shart bo'lgan davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan e'tiboran o'n besh kun ichida, qo'shimcha o'rganish va (yoki) tekshirish, qo'shimcha hujjatlarni so'rab olish talab etilganda esa, bir oygacha bo'lgan muddatda ko'rib chiqiladi.

Ariza va shikoyatlarni ko'rib chiqish uchun tekshirish o'tkazish, qo'shimcha materiallarni so'rab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar ko'rish zarur bo'lgan hollarda, ularni ko'rib chiqish muddatlari tegishli davlat organining, tashkilotning rahbari tomonidan istisno tariqasida uzog'i bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi.

Taklif davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan e'tiboran bir oygacha bo'lgan muddatda ko'rib chiqiladi, qo'shimcha o'rganishni talab etadigan takliflar bundan mustasno bo'lib, bu haqda taklifni kiritgan jismoniy yoki yuridik shaxsga o'n kunlik muddatda yozma shaklda xabar qilinadi.

O'zbekiston Respublikasi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida”gi Qonunining 29-moddasiga binoan qo'yidagi murojaatlar ko'rib chiqilmasligi holatlari qayd etilgan.

anonim murojaatlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlar, ularning vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo'lmagan taqdirda;

mazkur Qonunda belgilangan boshqa talablarga muvofiq bo'lmagan murojaatlar.

Murojaatlar ko'rmay qoldirilganda tegishli xulosa tuziladi, u davlat organining, tashkilotning rahbari yoki ularning vakolat berilgan mansabdor shaxsi tomonidan tasdiqlanadi.

Jismoniy va yuridik shaxs vakilining vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi sababli murojaatlar ko'rmay qoldirilganligi to'g'risida murojaat qiluvchi tegishli tartibda xabardor qilinadi.

Yer uchastkalarini olib qo'yish tartibi O'zbekiston Respublikasi Yer kodeksi hamda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 noyabrdagi 911-son qarori talablari asosida amalga oshiriladi.

Ushbu qonun hujjatlariga ko'ra,

Yer uchastkasi yoki uning bir qismi (keyingi o'rinlarda yer uchastkasi deb ataladi) davlat va jamoat ehtiyojlari, shuningdek, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun olib qo'yilishi Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi yoki tegishli xalq deputatlari Kengashlari qaroriga binoan amalga oshiriladi.

Investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yer uchastkasi olib qo'yilishi haqidagi qarorni qabul qilishga faqat O'zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasi qarorlariga asosan yo'l qo'yiladi.

Ko'chmas mulk ob'ektini buzib tashlash to'g'risidagi qaror Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, Toshkent shahar, viloyatlar yoki tuman (shahar) hokimlari tomonidan Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi yoki tegishli xalq deputatlari Kengashlarining yer uchastkasi olib qo'yilishi to'g'risidagi qarori asosida tashabbuskor hamda mulkdor o'rtasida Kelishuv tuzilganidan hamda Kelishuvda nazarda tutilgan kompensatsiya berilganidan so'ng qabul qilinadi, qurilayotgan ko'chmas mulkni kompensatsiya sifatida berish hollari bundan mustasno.

Ko'chmas mulk ob'ektini buzib tashlash to'g'risidagi qaror loyihasi adliya organlari tomonidan ko'rib chiqilishi va tegishli xulosa berilishi lozim.

O'zbekiston Respublikasi Oila kodeksining vazifalari oilani mustahkamlashdan, oilaviy munosabatlarni o'zaro muhabbat, ishonch va hurmat, hamjihatlik, bir-biriga yordam berish hamda oila oldida uning barcha a'zolarining mas'ulligi hissi asosida qurishdan, biron-bir shaxsning oila masalalariga o'zboshimchalik bilan aralashishiga yo'l qo'ymaslikdan, oila a'zolari o'z huquqlarini to'sqinliksiz amalga oshirishini hamda bu huquqlarning himoya qilinishini ta'minlashdan iboratdir.

Kodeksda belgilab qo'yilgan normalarga ko'ra,

Boladan alohida yashayotgan ota (ona) bola bilan ko'rishish, uning tarbiyasida ishtirok etish va ta'lim olishi masalasini hal etishda qatnashish huquqiga ega.

Bola bilan birga yashayotgan ota (ona) bolaning ona (ota)si bilan ko'rishishiga, agar bunday ko'rishish bolaning jismoniy va ruhiy sog'lig'iga, axloqiy kamolotiga zarar keltirmasa, qarshilik qilmasligi kerak.

Ota-ona boladan alohida yashaydigan ota (ona)ning ota-onalik huquqlarini amalga oshirish tartibi to'g'risida yozma ravishda kelishuv tuzishga haqlidir. Agar ota-ona kelisha olmasalar, nizo ota-ona (yoki ulardan biri)ning talabiga binoan sud tomonidan vasiylik va homiylik organi ishtirokida hal qilinadi. Sudning hal qiluv qarori bajarilmaganda aybdor ota-onaga nisbatan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan choralar qo'llaniladi. Sudning hal qiluv qarori qasddan bajarilmagan taqdirda sud boladan alohida yashayotgan ota (ona)ning talabiga binoan bola manfaatlarini va uning fikrini hisobga olgan holda bolani unga berish to'g'risida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin.

Fuqarolik ishlari bo'yicha sudlarda videokonferentsaloqani amalga oshirishning texnik imkoniyati bo'lgan taqdirda, ishda ishtirok etuvchi shaxslar va odil sudlovni amalga oshirishga ko'maklashuvchi shaxslar sudning videokonferentsaloqa rejimidagi majlisida bu haqda o'zlari iltimosnoma berganda yoki sudning tashabbusiga ko'ra ishtirok etishi mumkin. Ko'rsatilgan shaxslarning videokonferentsaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishi to'g'risida sud ajrim chiqaradi, ajrimning ko'chirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga, odil sudlovni amalga oshirishga ko'maklashayotgan shaxslarga va o'z ko'magida ushbu shaxslar bunday majlisda ishtirok etishi mumkin bo'lgan tegishli sudga yuboriladi.

Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning videokonferentsaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishini ta'minlash uchun ko'rsatilgan shaxslarning yashash joyi yoki joylashgan yeri va turgan joyi bo'yicha tegishli sudlarning videokonferentsaloqa tizimlaridan foydalaniladi.

Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning videokonferentsaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishini ta'minlayotgan sud ushbu shaxslarning kelgan-kelmaganligini tekshiradi va kelgan shaxslarning shaxsini aniqlaydi, guvohlarga, ekspertlarga, mutaxassislarga, tarjimonlarga o'z huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi tushuntirilganligi to'g'risida ulardan tilxat oladi. Mazkur tilxat u olingan kundan keyingi kundan kechiktirmay sud majlisi bayonnomasiga qo'shib qo'yish uchun ishni ko'rayotgan sudga yuboriladi.

Har bir odam inson huquqlari masalasini BMTning e'tiboriga havola qilishi mumkin va dunyo bo'ylab har yili minglab odamlar buni amalga oshiradilar. Xalqaro inson huquqlari shartnomalarida ko'rsatilgan huquqlar buzilishining qurboniga aylangan shaxslarga yakka tartibda shikoyat qilishning tartib-qoidalari mavjud. Shikoyatchilar BMTga huquqlari buzilganligi to'g'risida o'zlarining da'volarini “asosiy” deb hisoblanadigon to'qqizta inson huquqlari shartnomalaridan O'zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan oltitasida taqdim etishlari mumkin. Ushbu oltita shartnomalarda quyidagi masalalar ko'rib chiqilgan:

1) Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro paktda belgilangan fuqaroviy  va siyosiy huquqlar;

2) qiynoqlarga solishga va muomalada bo'lish va jazolashning boshqa shavqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni tahqirlovchi turlariga qarshi konventsiyada belgilangan qiynoqqa solish va shavqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan muomala yoki jazo;

3) Irqiy kamsitilishning barcha shakllarini tugatish to'g'risidagi xalqaro konventsiya tomonidan belgilangan irqiy kamsitish;

4) Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to'g'risidagi konventsiya tomonidan belgilangan gender kamsitish;

5) Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to'g'risidagi xalqaro pakt va uning fakul`tativ bayonnomasi bilan belgilangan iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar.

6) Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiya va uning fakul`tativ bayonnomalarida ko'rsatilgan bolaning huquqlari.

Shikoyat mexanizmlari mutaxassis bo'lmagan oddiy odamlar foydalanishi uchun mo'ljallangan. Muayyan shartnoma bo'yicha shikoyat qilish uchun sizga huquqshunoz bo'lishingiz yoki hatto huquqiy va texnik shartlarni bilishingiz shart emas.

Shuni ta'kidlash kerakki, shikoyatga qo'yiladigan talablardan biri jabrlanuvchining barcha ichki huquqni muhofaza qiluvchi vositalardan rad javobini olgan bo'lishligi lozim.

Powered by GSpeech