1 mart – O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya tug‘ilgan kun
Bolalik yillarimda o‘zbek adabiyotining ko‘plab taniqli siymolari qatori XX asr shoirlari Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim she’riyatidan ham bahra olib o‘sganman. Keyinchalik, talabalik davrida bu ulug‘ insonlarning farzandi arjumandlaridan biri – Hulkar opadan Milliy dorilfununda saboq tinglab, Omon aka bilan esa parlamentda yonma-yon ishladim. Yanada faxrlisi shuki, roppa-rosa 27 yil oldin menga Zulfiyaxonim bilan yuzma-yuz ko‘rishish imkoniyati nasib etgan.
O‘shanda 1995 yil bahor arafasi edi. Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga ko‘ra mamlakatimizda o‘zbek adabiyotining yirik namoyandalaridan biri, O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludining 80 yilligini nishonlashga qizg‘in hozirlik ko‘rilayotgandi.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligining muxbiri sifatida Zulfiyaxonim bilan intervyu tayyorlash to‘g‘risida O‘zA rahbariyatidan ijodiy topshiriq oldim. Binobarin, Vatanga muhabbat va boqiy sadoqat tuyg‘ulariga yo‘g‘rilgan hamda go‘zallik, do‘stlik, qardoshlik vasf etilgan shaffof she’riyati bilan adabiyotimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan hassos shoira, xalqimiz qalbida sadoqat timsoliga aylangan matonatli ayolning o‘sha kezlarda qanday quvonchu tashvishlar bilan yashayotgani muxlislarni qiziqtirishi tabiiy edi.
Zulfiyaxonim bilan uchrashish uchun opaning farzandlaridan ijozat olish oson kechmadi. Albatta, bundan murod muhtarama insonning ofiyati yo‘lidagi g‘amxo‘rlik ekanini har ikki tomon anglab turardik. Bu hol o‘shanda yelkamdan tog‘dek bosib turgan mas’uliyat yukini, shu bilan bog‘liq hayajonni yanada oshirgani ham ayni haqiqat.
Zulfiyaxonimning poytaxt markazidagi xonadoni ostonasidan hatlashim bilanoq men duch kelgan ilk hayrat – opaning yorqin va mehribon nigohlari bo‘ldi. Xayolimdan beixtiyor shunday o‘y kechdi: ajabo, ko‘zlarga ajin tushmas ekan-a! Olis yillar ham, cheksiz ayriliq armonlari ham shoiraning ko‘zlarini qarita olmapti!! Zulfiyaxonimning ko‘zlari xuddi yosh bolalardek beg‘ubor kulib turibdi-ya!!!
Ayni chog‘da, bu pokiza nigohlar hayajonimni bosib olishim uchun dalda bo‘ldi. Opaga atalgan guldastani taqdim qilib, taklif etilgan stol atrofiga joylashdim. So‘ngra qutlug‘ to‘y, qolaversa, bahorning ilk kuni va tavallud ayyomi arafasida shoiraning qalbidan kechayotgan tuyg‘ularga doir dastlabki savolni berdim.
“Shu kunlarda iftixor bilan yashayapman, dedi Zulfiyaxonim. Quvonch shundaki, azaldan ma’naviyati, tarixiy qadriyatlariga boy xalqimiz yashash, yaratuvchanlik ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishi uchun diyorimizda muqarrar, buzilmas tinchlik-osoyishtalik barqaror. Yurtimiz nurafshon istiqbol sari dadil odimlamoqda. Xalqimiz tobora o‘zligini topa borib – o‘z Tug‘i, Bayrog‘i, Madhiyasiga ega bo‘ldi.
O‘zbekistonimiz mustaqillik nashidasidan masrur bu kunlarda quvonib yashamay, yayrab ijod qilmay bo‘ladimi! Tashvishlarim ham juda shirin: o‘g‘il-qizimga – ona, nevara-yu chevaralarimga – buviman. Ming shukrki, hali ham xonadonimdan muxlislar poyqadami uzilgani yo‘q.
Qolaversa, hozir ham qalamim qo‘limda, dilimda hayratim mo‘l. Yonib, yayrab she’r yozyapman. Kelajak avlodga o‘tmishimizning sirli va ajoyib qatlamlarini ochib bergim keladi.
Biroz shoshib yozayapman. Chunki aytadigan gapim ko‘p hali, boshlab qo‘ygan narsalarim bisyor. Surunkali ijodiy mehnatdan so‘ng ba’zan charchayman. Yoshu sihatimning ta’siri boismi, sur’at va samara ham ilgarigidek bo‘lmasa-da, ijod qilyapman. Umr – suvdek yugurik. Dildagi dardu shodligimni she’rlarimda aytib olay, deyman-da”.
Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim turmush qurganlaridan so‘ng bor-yo‘g‘i o‘n yil birga yashagan. Ya’ni, ular shunchalik oz vaqt hayot sururi va baxt nashidasini totganlar. Lekin shu o‘n yillik davr ular yaratgan beqiyos muhabbat saroyining mustahkam poydevorini tashkil etdi. So‘ng esa bir umr – yarim asrdan ziyod davr mobaynida muhabbat saroyining bekasi vafodor yor, mehribon ona, dilbar shoira, bag‘rikeng ustoz, mohir rahbar, irodali inson siymosida gavdalanadi.
Shu ma’noda, suhbatimiz asnosida: “O‘xshashi yo‘q bu go‘zal bo‘ston, Dostonlarda bitgan guliston”, degan mashhur misralarni tilga olib, o‘z vaqtida ustoz shoir Hamid Olimjon diyorimizni ana shunday yoniq satrlarda kuylaganini eslashdik. Agar ustoz O‘zbekiston milliy istiqlolga erishgan bugungi kunlarni ko‘rganida, ko‘ngli qanchalik g‘ururga, shavqqa to‘lgan bo‘lur edi? Ushbu savolimga Zulfiyaxonim shunday javob qaytardi:
“Bu o‘y ba’zan meni ham chulg‘ab oladi, shunday kezlarda “Bahor keldi seni so‘roqlab” misralarini ko‘p takrorlayman. Yurtga kelgan bu boqiy bahorni ko‘rish baxti, taassufki, nasib etmagan ekan. U kishi juda zavqli va nihoyatda yuragi toza inson edi. O‘ta nozik ta’bi bor edi. Hamid Olimjon tarixni va xalq og‘zaki ijodini puxta bilar, faoliyati juda serqirra edi.
Hamid Olimjon, G‘afur G‘ulom, Oybek, Mirtemir, Usmon Nosir kabi ijodkorlar o‘z davri adabiyotining yetuk kuchlari edi. Garchand oilamizda adabiyotning behad qadrlangani meni bolaligimdan she’riyatga oshno etgan esa-da, el orasida shoir bo‘lib tanilishimda ana shu buyuk siymolar yaratgan katta adabiy muhitning ta’siri beqiyos bo‘lgan, deb o‘ylayman”.
Zulfiyaxonim o‘shanda, shuningdek, “Saodat” jurnalida 33 yil bosh muharrirlik qilgani bilan bog‘liq savolimga javob berar ekan, umrining oynoma bilan bog‘liq davrini doimo mamnuniyat va qoniqish hissi bilan eslashini aytdi.
“Kuni kecha jurnal jamoasi bilan tushgan suratimizni topib oldim, dedi Zulfiyaxonim. Qachonlardir surat ortiga: "Saodat"ning saodatli jamoasi", deb yozib qo‘ygan ekanman. Hozirgi kunda ahil va hamjihatlikda mehnatu ijod qilgan o‘sha jamoamiz a’zolarining ko‘pchiligi yurtimizda taniqli olima, shoira va jurnalist, turli gazeta-jurnallarning rahbarlari. Men ular bilan doimo faxrlanaman”.
Zulfiyaxonim – muhabbat va hayot kuychisi, o‘z eliga ham, o‘zga ellarga ham birdek aziz bo‘lgan shoir edi. Zulfiyaxonim Gulbadanbegim, Zebuniso, Uvaysiy, Nodirabegim kabi Sharqning buyuk fozila ayollari boshlagan an’analarni boyitib, tom ma’noda yanga pog‘onaga ko‘tardi.
Zulfiyaxonimning she’rlari Hindiston, Misr, Vetnam kabi jahonning bir qancha mamlakatlarida chop etilgan, turli xalqlar tillariga tarjima qilingan. Opaning o‘zi ham ko‘plab xalqlar adiblari asarlarini tilimizga o‘girib, o‘zbek kitobxonlariga taqdim etgan. Shu ma’noda, keyingi savolim mustaqil O‘zbekiston bog‘layotgan xalqaro hamkorlik rishtalari adabiy aloqalar ravnaqiga nechog‘lik xizmat qilishi haqida bo‘ldi.
“O‘zbekistonimiz jahonning ko‘plab mamlakatlari bilan bordi-keldini yo‘lga qo‘yayotgani juda quvonchli holdir. Bu boradagi sa’y-harakatlarni e’tirof etib, aytamanki, tez orada xalqaro hamkorlik barcha sohalarda, shu jumladan, adabiy-madaniy aloqalar yo‘nalishida ham o‘z samarasini beradi, dedi opa shogird qiz damlab kelgan choydan piyolaga quyib uzatar ekan.
Men bultur, 1994 yili O‘zbekistonda o‘tgan Qozog‘iston Respublikasi kunlarini hamisha xursandlik bilan eslayman. Unutilayozgan udumlarimizga qayta jon bag‘ishlagan o‘sha anjuman bahona O‘zbekistonimizning barcha shahar va qishloq ahli qozoq xalqining madaniyati bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi kunlari ham orolbo‘yilik qardoshlarimizning o‘ziga xos adabiyoti va san’ati bilan yana bir bor oshno bo‘lish imkonini berdi.
Vaqti-vaqti bilan shunday uchrashuvlarni o‘tkazib turish ham mehmon, ham mezbon tomon uchun birdek foydali. Zotan, muayyan xalq madaniyati bilan tanishish xalqning ma’rifatini o‘stiruvchi, do‘stlikni mustahkamlovchi muhim omildir. Qolaversa, “Mehr – ko‘zda” deb bejiz aytilmagan”.
Mana, o‘sha suhbatimizga chorak asrdan oshdi. O‘ylab ko‘rsam, Zulfiyaxonimning ezgu fikr-mulohazalari, baho va xulosalari hozir ham zig‘ircha eskirmagan. Opaning 27 yil avvalgi ehtiromu e’tiroflaridan bugungi kunimiz shiddatining nafasi kelib turibdi. Mana, o‘shanda Zulfiyaxonim aytgan qayroqi fikrlardan ayrim namunalar:
“Istiqlol qulfi dilimizni ochdi, mutelik o‘rniga qonimizga jasorat kirdi”.
“Hozir ayni bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashimiz, yaxshi niyatlar yo‘lida birlashmog‘imiz, bir-birimizning yuragimizga quvvat bo‘lmog‘imiz shart”.
“Bugun jamiyatimizda yuz berayotgan yangilanishlarning ildizi teran. Katta yo‘lga chiqib oldik. Borayotgan manzilimiz aniq. Xalqimiz sadoqatli, qudratli va ma’rifatlidir”.
“Yurt tinch-omon ekan, vaqtinchalik iqtisodiy qiyinchiliklarning hademay ortda qolishiga, O‘zbekistonimiz istiqboli porloq bo‘lishiga yurtdoshlarimizda ishonch kuchli. Men ana shu ishonchning yanada barqaror bo‘lishini tilayman. Zero, bugun ko‘nglida yuksak ishonch bilan buyuk maqsadlarni amalga oshirishga yeng shimargan xalqning ertaga, albatta, turmushi farovon, Vatani obod bo‘lishi muqarrar”.
Suhbat nihoyasiga yetgach, Zulfiyaxonim kaminani tushlikka taklif etdi. Xijolat bo‘lib, bu taklifni qanchayin rad etmay, inobatga o‘tmadi. Ulug‘ xonadon dasturxoniga rizqim qo‘shilgan ekan. Zulfiyaxonim bilan birga tamaddi qilish asnosida bir-birimizga ustozu shogirdlik mehrimiz yanada tovlandi, deb o‘ylayman.
Opa intervyu matni qaysi gazetalarda chop etilishi haqida so‘radi. Men intervyuni o‘zbek va rus tillarida O‘zA axborot kanali orqali mamlakatning barcha gazetalari tahririyatlariga uzatishimizni bildirdim. Muloqot matniga Zulfiyaxonimning surati va she’rlari ham havola qilinishini aytib, ikki tildagi she’rlaridan namunalar tanlab berishni iltimos qildim.
Zulfiyaxonim rus tilida nashr etilgan salmoqli she’riy to‘plamini kitob javonidan olib, qo‘limga tutqazar ekan:
– Moskvada chiqqan kitobimning oxirgi nusxasi qopti, –– dedilar. – Arxivimdagi suratni ham berayapman. Odatda, mendan kitob va surat olib ketganlar hech qachon qaytarishmaydi.
– Men, albatta, qaytaraman, – dedim o‘zimga qat’iy ishongan holda.
– Bunday paytlarda ranjimayman, tushunishga harakat qilaman va rozi bo‘laman. Chunki ko‘pincha odamning o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan voqeliklar omonatni qaytarishiga to‘siq bo‘lishi mumkin-ku?..
Afsuski, Zulfiyaxonimning xayrlashish paytimizda ostonada turib aytgan ana shu sirli mulohazalari zamirida yashiringan taqdirulamal haqiqatni men ancha keyin anglab yetdim.
Bu orada intervyu matbuotda e’lon qilindi. O‘sha gazetalardan bir taxlamini surat va kitob bilan birga Zulfiyaxonimga yetkazib berish borasidagi harakatlarim besamar ketdi. Chunki keyingi paytda opaning salomatligi og‘irlashgani tufayli ko‘rishishimizga endi ijozat bo‘lmadi.
O‘z navbatida, mamlakatimiz viloyatlari va xorijiy davlatlarga xizmat safarlarim ko‘paygandan-ko‘paydi. Kitob va suratni egasiga yetkazishga na qunt qildim, na fursat topdim.
Shunday qilib, Zulfiyaxonim bilan ilk yuzma-yuz uchrashuvimiz eng so‘nggi muloqotimiz ham ekan. Oradan bir yilcha vaqt o‘tib, 1996 yili opaning vafoti haqidagi qayg‘uli xabarni eshitganimda, javonimdagi ikkita omonat – Zulfiyaxonimning ruscha nashrdagi kitobi va tarixiy suratiga hayrat bilan boqdim. Qulog‘im ostida Ustozning o‘sha tanish so‘zlari yangragandek tuyuldi:
“Odamning o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan voqeliklar omonatni qaytarishiga to‘siq bo‘lishi mumkin...”
G‘ulom Mirzo,
O‘zbekiston Respublikasida
xizmat ko‘rsatgan jurnalist
- Qo'shildi: 01.03.2022
- Ko'rishlar:
- Chop etish