Do'stlik – tinchlik va farovonlik kaliti

30 iyul – Xalqaro do'stlik kuni

 

Do'stlik masofa tanlamaydi, til, din yoki irq bilan chegaralanmaydi. U nafaqat insonlarni, shuningdek xalqlarni va davlatlarni ham o'zaro hurmat, ishonch asosida birlashtiradi. Shu sababli qator xalqaro tuzilmalar, jumladan BMT faoliyatining tub negizida xalqlar aro do'stlikni mustahkamlash maqsadi mujassam.

Nyu-York shahrida joylashgan BMT bosh binosining uchrashuvlar va muzokaralar zaliga kirsangiz, qo'lda to'qilgan, bejirim gilamga ko'zingiz tushadi. Unda Sa'diy Sheroziyning quyidagi misralari fors va ingliz tillarida yozilgan:

 

Bir-birin muchasi bor barcha kishi –

Bitta gavhardandir yaratilishi.

Biror mucha bo'lsa og'riqqa duchor,

Boshqa a'zolarda qolmagay qaror.

O'zgalar haqida chekmaguchi g'am,

Nechuk sanaladi qatori odam.

 

Bundan bir necha asr ilgari yozilgan ushbu misralar, aytish mumkinki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining asosiy maslagini to'la aks ettira oladi. Shoir ta'kidlaganidek, yagona “gavhar”dan yaratilgan, demakki, taqdiri bir-biriga chambarchas bog'liq insonlarni, millatlar, elatlar, xalqlar va davlatlarni beg'araz do'stlik rishtalari orqali birlashtirish BMTning eng asosiy maqsadlari sirasiga kiradi.

Tashkilot tomonidan qabul qilingan qator qarorlar, jumladan 2011 yilda BMT Bosh Assambleyasining 65-sessiyasida tasdiqlangan Xalqaro do'stlik kuni to'g'risidagi rezolyutsiya ayni maqsadlarga xizmat qiladi. Rezolyutsiyada insonlar, xalqlar, davlatlar – umuman olganda jamiyatning turli qatlamlari hamda tuzilmalari o'rtasidagi do'stlikning, hamkorlikning ahamiyati alohida qayd etilgan.

“Xalqlar, davlatlar, madaniyatlar va insonlar o'rtasidagi do'stlik tinchlikni ta'minlash bilan bog'liq harakatlarga ilhomlantirishi mumkin va madaniy xilma-xillikni hurmat qiladigan jamiyatlar o'rtasida ko'priklar o'rnatish imkoniyatini taqdim etadi”, – deyiladi mazkur hujjatda.

Mamlakatimizda ham 30 iyul – Xalqaro do'stlik kuni (International Day of  Friendship) sifatida keng nishonlanadi.

Aslini olganda, do'stga sadoqat, birdamlik kabi ezgu tuyg'ular xalqimiz orasida qadriyat darajasiga ko'tarilgan.

Azal-azaldan ota bobolarimizning o'gitlarida, maqol va hikoyatlarda, shuningdek shoiru donishmandlarimizning asarlarida do'stlik tuyg'usi ulug'langan, ta'bir joiz bo'lsa, bunday dunyoqarash asrlar davomida qon-qonimizga singib ketgan. Poytaxtimizdagi Milliy bog'da qad rostlagan Alisher Navoiy haykali tepasidagi gumbaz ostiga shoirning quyidagi misralari zarhal harflar bilan bitilgani ham bejiz emas, albatta:

 

Olam ahli, bilingizkim, ish emas dushmanlig',

Yor o'lung bir-biringizgakim, erur yorlig' ish!

 

Bir so'z bilan aytganda, xalqimiz azaldan ardoqlagan do'stlik – maqsadlarni mushtarak etuvchi, tinchlikni ta'minlovchi rishta. Xalqaro do'stlik kunining keng miqyosda nishonlanishi bu rishtani yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

FARHOD NIZOMOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali xodimi

Powered by GSpeech