Navro'z – an'analar va tarix

2010 yil 23 fevralda Afg'oniston, Ozarbayjon, Hindiston, Eron, Iroq, Qozog'iston, Qirg'iziston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiyaning tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi 21 martni “Xalqaro Navro'z kuni” deb e'tirof etish haqida qaror qabul qilgan.

YUNESKO e'lon qilishicha, Navro'z muhim oilaviy an'anadir va bu bayramda pishiriladigan taomlar tozalik, farovonlik va boylikni ifoda etadi.

BMTning maorif, fan va madaniyat tashkiloti – YUNESKO Navro'zni Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro'yxatiga kiritgan, bu bayram turli tillarda  Nawrouz, Novruz, Nowrouz, Nowrouz, Nawrouz, Nauryz, Nooruz, Nowruz, Navruz, Nevruz, Nowruz, Navruz deb nomlangan.

Navro'z bayramining qachon vujudga kelgani haqida bizgacha yetib kelgan qadimiy manbalardan shu narsa ko'rinadiki, u O'rta Osiyo, Eron va Afg'onistonda Ahamoniylar davrida (miloddan avvalgi VI asrlarda) keng tarqalgan.

Shu ma'noda Navro'zning tarixini 25–30 asrga ega deb taxmin qilish mumkin. Eng qadimgi yozma manbalardan biri – zardo'shtiylikning muqaddas kitobi “Avesto”da (mil. av. IX asrdan VI asr boshlari) ham Navro'z haqida fikrlar bildirilgan. Unga ko'ra, bahor qaytishi yaxshilikning yovuzlik ustidan g'alabasini anglatgan.

«Navro'z» iborasi asli forscha so'z bo'lib, «Yangi kun» degan ma'noni ifodalaydi. Navro'z olovga sig'inuvchi majusiylarning eng katta va mashhur bayramlaridan biri hisoblanadi. Navro'z forscha shamsiy yilning boshi bo'lib Ozar oyining o'n to'rtinchi kuniga to'g'ri keladi va yana besh kun davom etadi. Milodiy yilning esa yigirma birinchi martiga to'g'ri keladi. Navro'z bayramining paydo bo'lishi Abulqosim Firdavsiyning «Shohnoma» asaridagi yarim afsonaviy shoh Jamshid nomi bilan bog'liq bo'lgan, ya'ni Jamshid podshohlik taxtiga o'tirgan kun Navro'z deb atalgan ekan. Umuman olganda, bu to'g'risida rivoyatlar ko'p. Fors avomlarining odatlariga ko'ra, ular Navro'z kechasi o't yoqib, ertasi ertalab ko'chalarga suv separ ekanlar. Bu bayramni yana Bahoiylar ham nishonlashadi. O'n to'qqiz kun ro'za tutib, buning yakunida yigirma birinchi Ozarmohda bayram qiladilar.

Navro'z qachon, qanday vujudga kelganidan qat'i nazar, u har tomonlama ilmiy asoslanib, koinot va tabiat qonuniyatlari hisobga olingan holda joriy etilgan. Chunonchi, quyoshning hamal burjiga kirishi, kecha-kunduzning tenglashishi,  tabiatning jonlanishi – Navro'z deb qabul qilingan. Navro'z eski quyosh kalendari hisobida farvordin oyining boshlanishiga (hozirgi 22 martga) to'g'ri kelgan. Bu kun «kichik Navro'z» deb atalgan va bu kundan boshlab tabiatdagi hamma narsa amalga kiradi, deb hisoblangan. Beruniy «Qadimiy xalqlardan qolgan yodgorliklar» nomli kitobida “kichik Navro'z” farvordin oyining oltinchi kunigacha davom etganligini ta'kidlaydi.

Demak, farvordin oyining oltinchi kuni «Katta Navro'z»ning mohiyatini bevosita tabiat bilan bog'laydi va bu haqida shunday yozadi: «...U butun yil unga xizmat qiladigan bir vaqtda, ya'ni bahor yomg'irining birinchi tomchisi tushishidan gullar ochilguncha, daraxtlar gullashidan mevalari yetilguncha, hayvonlarda nasl vujudga kelguncha davom etadigan vaqtda keladi. Shuning uchun Navro'z olamning boshlanishi va yaratilishiga dalil qilingan».

Abu Rayhon Beruniydan tashqari O'rta Osiyo xalqlarining  Mahmud Qoshg'ariy, Umar Hayyom kabi allomalari ham Navro'z haqida qimmatli ma'lumotlar qoldirganlar. Mir Alisher Navoiy hazratlari ham o'z asarlarida: “Har tuning qadr”o'lubon, Har kuning o'lsun Navro'z”, – deb bejizga bu kunni alohida yod etmaganlar.

Bu fikrlar Navro'zning qadimdan tabiat va bahor bayrami bo'lganini, xalq ma'naviyatining ajralmas va tarkibiy qismi bo'lganini yana bir karra isbotlaydi. Biroq, tarixda Navro'zning mazmunini turlicha talqin qilib, ba'zilar uni taraqqiy ettirishga, boshqalar esa uni taqiqlashga harakat qilishdi. Jumladan, grek-makedon va arab istilosi davrlarida Navro'z taqiqlanib, u podsho saroylarida, amaldorlar va din ahli davralarida rasmiy bayram hisoblanmagan. Shuni alohida ta'kidlab o'tish kerakki, Navro'z o'tmishdagi har bir sinfiy jamiyatda podsholar hukmdorligi, diniy ideologiya ta'sirida shaklan o'zgarib tursa-da, u o'zining asosiy mohiyatini saqlab qoldi. U haqiqiy xalq bayrami bo'lib, mehnat ahli orasida katta tantanalar bilan nishonlangan.

Binobarin, qadimdan xalqda bayramni o'tkazishning o'ziga xos tartib-qoidalari bo'lgan.

Islomgacha bo'lgan Navro'zda oddiy xalqqa tegishli bo'lgan odatlar ham diqqatga sazovordir. Bayram kuni odamlar bir-biriga shakar va shirinliklar hadya qilish (hayotingiz shirin bo'lsin degan ma'noda), bir-biriga cuv sepish (bu yil suv ko'p bo'lsin, hosil yaxshi bo'lsin degan ma'noda) va boshqa odatlar keng tarqalgan. Keyingi asrlarda esa hovli-joylarni tozalash, ko'kat va gullar ekish, ota-ona, yoru do'stlarni ziyorat qilish, marhumlarning qabrini ziyorat qilish kabi odatlar Navro'z bayramining tarkibiy qismiga aylangan.

Sobiq Sho'ro mamlakatlarida ham Navro'z an'analari turli o'zgarishlarga yuz tutdi. Ipak yo'lida istiqomat qiluvchi odamlar qadim an'anani nishonlab kelishgan, ammo SSSR parchalanganidan keyin Navro'zning qayta tiklanishi mustaqil davlatlarning o'zligini shakllantirishlariga xizmat qildi.

Navro'z “Tolibon” davrida Afg'onistonda otashparastlikka asoslangan kufr deya taqiqlangandi.

Iroq 2016 yil Navro'zni YUNESKO Insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro'yxatiga kiritilishi uchun harakat qilgan yagona arab mamlakatidir.

Xitoydan to Bolqon davlatlariga qadar cho'zilgan mintaqa bo'ylab muayyan diniy va etnik guruhlar bahor kelishini tantana bilan kutib olishadi.

O'zbekistonda Navro'z milliy o'zlikning ajralmas qismi hisoblanadi. Sovet O'zbekistonida ham Navro'z taqiqqa uchragandi. 1990 yillar boshlarida Navro'z qayta tiklandi va umumxalq bayrami sifatida keng nishonlana boshladi.

Hamma joyda Navro'z oila bilan birga bo'lish, do'st-yorlarni ziyorat qilish hamda marhumlar xotirasiga hurmat bajo keltirish fursati bo'lib kelgan.

Navro'z bayramida ommaviy xalq sayillari uyushtirilgan, yangi unib chiqqan ko'katlardan, bahoriy taomlar: sumalak, halim, ko'ksomsa, ko'kchuchvara kabi tansiq taomlar pishirilgan. O'zbekistonda mustaqillikka erishilganidan keyin boshqa qadriyatlar qatori Navro'z bayrami ham qayta tiklandi. U hozir mamlakatimizda umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanmoqda. Har yili mamlakatimizdagi barcha shahar va qishloqlarda bayram sayillari, tomoshalar, boshqa bayram tadbirlari o'tkazilyapti, xayriya tashkilotlari yordamida mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, urush va mehnat faxriylari, yolg'iz keksalar, nogironlar holidan xabar olinmoqda, ularni bayram bilan qutlab, turli sovg'alar, xayr-ehsonlar taqdim etilmoqda.

Ta'kidlash joizki, Navro'z ayyomi xalqimiz uchun sharqona yangi yilning boshlanishi, eng qadimiy, asl milliy, eng ardoqli bayramdir. Navro'z bayramining biror bir din yoki e'tiqodga umuman daxli yo'q bo'lib, ushbu kun azal sharq xalqlarida yangilanish, yasharish bayrami, dehqonchilik mavsumining boshlanishi, yangi hayot pallasi sifatida ko'rilgan. Navro'z o'tmishda qandaydir diniy mazmunga ega bo'lgan bo'lishi mumkin, ammo u bugunda bunday mazmundan mahrum bo'lib, millati, dini, irqi, ijtimoiy maqomidan qat'i nazar, barcha xalqlarga mansub dunyoparvar insonlarning eng xalqchil ayyomiga aylanib ulgurgan.

 

Lobar Ruzikulova,
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi
Tahririyat-nashriyot bo'limi
yetakchi mutaxassisi

Powered by GSpeech