Sudyalik lavozimlariga nomzodlar Akademiyaning olti oylik kasbiy qayta tayyorlash kurslarida davlat granti asosida sud ixtisosliklari boʻyicha tayyorlash kurslaridan oʻtadilar.
Bunda kasbiy qayta tayyorlash kurslariga qabul qilingan shaxslarning asosiy ish joyi boʻyicha lavozimi saqlanadi, shuningdek, har oyda sudya yordamchisining oylik ish haqi miqdorida stipendiya toʻlanadi.
Investitsiya platformalari va «Tartibga solish qumdoni«
2026-yil 1-oktyabrgacha «Tartibga solish qumdoni« maxsus huquqiy rejimida investitsiya platformalaridan quyidagi yoʻnalishlarda foydalanishga ruxsat beriladi:
- qimmatli qogʻozlarni joylashtirish va realizatsiya qilishda;
- venchur va pay fondlarini moliyalashtirishda;
- kommandit shirkatlarga hissa kiritishda.
Yer qaʼridan foydalanishga ruxsat uchun boʻlib-boʻlib toʻlash
Foydali qazilmalar konlarini ochiq usulda qayta ishlashni tashkil etuvchi tadbirkorlik subyektlariga yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnoma berishga oid auksionda toʻlov taklif etilgan summani boʻlib-boʻlib toʻlash imkoni beriladi.
Uchastkalarni auksionsiz ijaraga olish
Tadbirkorlar oʻzlarining bino va inshootlariga tutashgan uchastkalarni, shu jumladan davlat organlari va tashkilotlari doimiy foydalanishidagi yerlarni (taʼlim va tibbiyot muassasalari huzuridagi uchastkalardan tashqari) ijaraga olishi mumkin.
Ijara quyidagicha amalga oshiriladi:
- auksionsiz – toʻgʻridan-toʻgʻri, agar yer tadbirkor obyekti bilan chegaradosh boʻlsa;
- bir kalendar yil muddatiga uzaytirish imkoniyati bilan;
- yer soligʻi stavkasining 3 baravarigacha miqdordagi ijara haqi bilan;
- Davlat soliq qoʻmitasi nazorati ostidagi shartnomalarni roʻyxatga olishning elektron tizimi orqali.
Xizmat safarlari toʻgʻrisida hisobotlar – yagona platformada
Davlat xizmatchilarining xorijiy va ichki xizmat safarlarini tashkil etish, hisobini yuritish va tahlil qilish “hrm.argos.uz” elektron tizimi tarkibidagi “Xizmat safari” yagona modulida amalga oshiriladi. Bunda:
- xizmat safarlarining rejalari va natijalari, geografiyasi, xodimlar soni, shuningdek xarajatlarni onlayn kuzatish imkoni yaratiladi;
- muayyan davlat organi faoliyati samaradorligiga xizmat safarlarining bevosita, oraliq va yakuniy taʼsirining monitoringi olib boriladi;
- davlat xizmatchilari har bir xorijiy xizmat safarining yakunlari toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi va hisobot asosida uning samaradorligi baholanadi.
Davlat xaridlari uchun sertifikatlangan mebel
Elektron kooperatsiya portali va davlat xaridlari elektron tizimlari operatorlarining «Milliy doʻkon« sahifalarida faqat mahalliy ishlab chiqarilgan tovar haqidagi sertifikatga ega mebel mahsulotlarini joylashtirishga va mazkur sertifikatga ega tadbirkorlik subyektlarining savdolarda ishtirok etishiga ruxsat beriladi.
Pensiyalarni tayinlash va toʻlash tartib-taomillarining raqamlashtirilishi
AT «Xalq banki«ning davlat pensiya taʼminoti va naqd shaklda pensiyalarni toʻlash bilan bogʻliq xizmatlari fuqarolarning biometrik identifikatsiyasi (Face-ID) va elektron raqamli imzosi orqali koʻrsatiladi. Bunda:
- Adliya vazirligi Pensiya jamgʻarmasi va AT «Xalq banki«ning elektron soʻrovi asosida fuqarolarning biometrik identifikatsiyasi boʻyicha maʼlumotlarni bepul taqdim etadi;
- biometrik identifikatsiya asosida koʻrsatiladigan xizmatlarni joriy etish uchun foydalaniladigan qurilmalarni sotib olish bilan bogʻliq xarajatlar Pensiya jamgʻarmasi va AT «Xalq banki« hisobidan moliyalashtiriladi.
Shuningdek fuqarolarga pensiyalarni tayinlashda amaliy yordam koʻrsatish, xususan staj va ish haqi boʻyicha elektron maʼlumotlardagi kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha xizmat ishga tushiriladi.
Oq shakar – aksiz soligʻisiz
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan hidlantiruvchi yoki boʻyoqchi qoʻshimchalar boʻlmagan oq shakardan aksiz soligʻi bekor qilinadi.
Kimga "Yashil sertifikat" beriladi
Atrof-muhitga taʼsir koʻrsatishning I va II toifalariga mansub faoliyat turlari texnologik jarayonlari amaldagi «Yashil sertifikat«ga ega boʻlishi kerak.
Amaldagi «Yashil sertifikat«ning mavjudligi Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan, texnik tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi majburiy tasdiqlanishi lozim boʻlgan mahsulotga muvofiqlik sertifikati berish uchun majburiy hisoblanadi.
2026-yil iyulgacha texnologik jarayonlarni ekologik sertifikatlashtirish haqida shartnoma tuzgan xoʻjalik subyektlari uchun sertifikatlashtirish ishlari bepul amalga oshiriladi.
Tovarlarni bojxonada rasmiylashtirish – "Yagona darcha" orqali
Tovarlarni olib kirish, olib chiqish va tranzit oʻtkazishga tegishli barcha sertifikat, xulosa va ruxsat hujjatlari faqat «Yagona darcha« bojxona axborot tizimi orqali rasmiylashtiriladi.
Subsidiyalar, grantlar – ijtimoiy karta orqali
Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan fuqarolarga pul shaklida beriladigan subsidiya, grant va ssudalar bosqichma-bosqich ijtimoiy karta orqali taqdim etiladi.
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»