Barchamizga ma’lumki, bugun dunyoda ekologik muammolar kun sayin keskinlashib bormoqda. Turli ekologik masalalar insoniyat oldida ko‘ndalang bo‘lib turibdiki, ularni bartaraf etish, ekologik xavflarni yumshatish dolzarb hisoblanadi.
Bunda, avvalo, insonlarning ekologik bilimini oshirish eng maqbul yechimlardan biridir. Insoniyatning o‘sib borayotgan extiyojlari va sayyoramizda kamayib ketayotgan imkoniyatlar o‘rtasidagi muvozanatni ushlab turish, tabiatni muhofaza qilish uchun har birimiz ekologik bilimlarga ega bo‘lmog‘imiz zarur. Ekologik ta’lim va bilim tabiat muhofazasidagi muammolarning yechimi sifatida xalqaro darajada tan olingan.
Shu bois ham har yili dunyoning ko‘plab mamlakatlarida Ekologik bilimlar kuni keng nishonlanadi. Bu kunni 1992-yil Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkazilgan BMT konferensiyasida atrof-muhit muammolari muhokamasi chog‘ida insoniyatning hayoti va barqarorligi uchun butun dunyo aholisi o‘rtasida ekologik bilimni targ‘ib etish maqsadida nishonlash taklif etilgan.
Ushbu sananing asosiy maqsadi sayyoramiz aholisining ekologik bilimini boyitish g‘oyasini ilgari surish, aholida ekologik madaniyatni rivojlantirish, jamiyatning ekologik xavfsizligi haqida jamoatchilikning xabardorligini oshirish hamda har bir fuqaroni tabiatga hurmat-ehtirom ruhida tarbiyalashni targ‘ib etishdan iborat.
Mamlakatimizda ham ekologik ta’lim-tarbiya ta’lim muassasalarining asosiy yo‘nalishlaridan biri xisoblanadi. Zero, sayyoramiz kelajagi, yurtimiz ekologik holati o‘sib kelayotgan avlodning ekologik madaniyatiga bog‘liq ekan, bu boradagi bilimlarni bolalikdanoq boyitib borish muhim. Yashab turgan joyining ekologiyasini yaxshilash har bir insonning vazifasidir.
Ushbu sana munosabati bilan O‘zbekiston Ekologik partiyasi tashkilotlari tomonidan ham ta’lim maskanlarida, tashkilot va muassasalarda turli tadbirlar o‘tkaziladi. Ekologik madaniyat, ekologik bilimlar atrof-muhit tabiiyligini saqlash hamda kelajak avlod sog‘lig‘ini saqlashga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA
- Qo'shildi: 15.04.2024
- Ko'rishlar: 3712
- Chop etish