Xotin-qizlarni, bolalarni zo‘ravonlikdan asrash bugungi jamiyat oldida turgan dolzarb vazifalardan biridir. Keyingi yillarda mamlakatimizda oila va xotin-qizlar huquqlarining kafolatlari, ayollarni zo‘ravonlik va tazyiqdan himoya qilish tizimi ancha kuchaytirildi. Lekin afsuski, zo‘ravonlik holatlari hamon uchrab turibdi.
Mavjud muammolarning oldini olish maqsadida Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mazkur Markazlar tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan, o‘z joniga suiqasd qilgan yoki o‘z joniga qasd qilishga moyilligi bo‘lgan xotin-qizlarga anonim tarzda shoshilinch tibbiy, psixologik, ijtimoiy, pedagogik, huquqiy va boshqa yordam ko‘rsatish, og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan, shu jumladan oilaviy muammolar va turmushida zo‘rlik ishlatilishiga duch kelgan xotin-qizlar huquqlarining kafolatlarini ta’minlashga ko‘maklashish va boshqa ko‘plab maqsadlarni o‘z ichiga oladi.
Xo‘sh, 2024 yil Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari tomonidan qanday amaliy ishlar bajarildi?
Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari tomonidan vaqtinchalik boshpanalarga jami 2 ming 711 nafar zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxs joylashtirilgan. Ulardan 1 ming 257 nafari ayollar, 1 ming 454 nafari ularning voyaga yetmagan farzandlaridir.
Markazlar tomonidan 1 ming 434 nafar shaxsga psixologik yordam ko‘rsatilgan, 76 nafar kishining bandligini ta’minlashda ko‘maklashilgan. “Ayollarga ilm berish — jamiyatni ilmli, ma’rifatli va salohiyatli qilish” degan mezon hayotimizga chuqur singib bormoqda. Bilim olaman, kasb-hunar egallayman, ilm-fan bilan shug‘ullanaman degan xotin-qizlar uchun imkoniyatlar eshigi ochiq. Ayniqsa, zo‘ravonlik va tazyiqdan jabr chekkan xotin-qizlarning ilm olishi ustuvor vazifa sifatida belgilangan. O‘tgan yil davomida 185 nafar xotin- qiz kasb-hunarga yo‘naltirilgan. 1 ming 198 kishiga yuridik xizmatlar ko‘rsatilgan. 39 holatda sud va boshqa idoralarda vakillik bilan qatnashilgan.
30 nafar shaxsga jarrohlik yo‘li bilan davolanishida ko‘mak ko‘rsatilgan. Yana 27 nafar kishi ijtimoiy uy-joy bilan ta’minlangan. 139 nafar voyaga yetmagan bolalar vaqtinchalik maktablarga joylashtirilgan. Yana 95 nafar bola maktabgacha ta’lim muassasalariga joylashtirilgan.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, bir qancha xizmatni qamrab olgan ijtimoiy himoya tizimi orqali mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalariga ham ko‘maklashib kelinmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy yordamni adolatli, aniq manzilli hamda shaffof tarzda tashkil etishda “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” kabi yangi va o‘ziga xos mexanizmning yo‘lga qo‘yilishi muammoli masalalarni samarali hal etishga xizmat qilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA
- Qo'shildi: 20.01.2025
- Ko'rishlar: 149
- Chop etish