Odatda daraxtzor, yashillik ko‘p bo‘lgan hududga kirganda har qanday insonning nafas olishi yengillashadi, o‘pkasi kislorodga to‘yinib, o‘zini yengil his qiladi. Bu bejiz emas, yashillik ko‘p bo‘lgan joyda toza havo, kislorod miqdori ko‘p bo‘lishini hammamiz yaxshi bilamiz.
Afsuski, bugungi kunda butun Yer yuzida yashillik, o‘rmonlar hududi kamayib ketmoqda, ekologik vaziyat yomonlashmoqda. Bu esa insoniyat oldiga o‘ta muhim hayotiy masalani ko‘ndalang qo‘yadi – mavjud o‘rmonlarni asrab-avaylash va yanada ko‘paytirish zarur.
21-mart har yili butun jahonda Xalqaro o‘rmonlar kuni yoki Umumjahon o‘rmonlarni himoya qilish kuni sifatida nishonlanib kelinadi. Bundan maqsad yagona – dunyo jamoatchiligini o‘rmonlarni saqlab qolishga, himoyalashga chorlash, buning ahamiyatini targ‘ib qilish.
– O‘rmon va uning boyligini saqlab qolish masalasi bugungi kunda dunyoning barcha mamlakatlari uchun eng muhim ekologik muammolar qatoridadir, – deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasining parlament quyi palatasidagi fraksiyasi a’zosi Islom Xushvaqtov. – So‘nggi yillarda Yer yuzida o‘rmonlarning yo‘qolib ketishi bilan bog‘liq tendensiyalar nafaqat ekologlar orasida, balki butun xalqaro hamjamiyatlarda tashvish uyg‘otdi. Shundan kelib chiqib, 2012-yilda BMT Bosh Assambleyasining qarorida har yili 21-mart kunini Xalqaro o‘rmonlar kuni sifatida nishonlash belgilandi. Ushbu qaror jamoatchilikni o‘rmonlarni saqlab qolish muhimligi va ularning ahamiyatliligi haqida xabardor qilish uchun imkoniyat sifatida qabul qilindi. Aslida bu tashabbus 1971-yilda BMTning 23-Bosh Assambleyasida Yevropa qishloq xo‘jaligi Konfederatsiyasi tomonidan ilgari surilgan edi. Ushbu g‘oya BMTning Jahon oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Dastlab bu kunni Janubiy yarim sharda kuzgi teng kunlikda va Shimoliy yarim sharda bahorgi teng kunlikda nishonlash qabul qilingan. Bu odat bo‘yicha bahorning birinchi kuni deb hisoblangan va yangi hayotning ramzi va boshlanishidir. 2012-yilga kelib esa BMT qarori bilan har yili 21-mart Xalqaro o‘rmonlar kuni sifatida nishonlab kelinadi.
Bugungi kunda yurtimizda ham yashil hududlarni kengaytirish, o‘rmon fondini boyitish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Birgina «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida respublikamiz bo‘ylab yuzlab gektar maydonlarda «yashil bog‘lar» barpo etilmoqda. Ayni kunlarda bahorgi mavsum ham qizg‘in pallada amalga oshirilmoqda.
O‘rmon xo‘jaligi agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, o‘rmon fondi yerlari 1 million gektarga kengayib, 11,9 million gektarni, ya’ni respublika umumiy yer maydonining 26,4 foizini tashkil etadi. 5 million 300 ming gektar maydon o‘rmonzor bilan qoplangan hudud hisoblanadi. 3,5 million gektar maydonning 2,2 million gektari tabiiy, 1,2 million gektari madaniy o‘rmonzorlardir. Ushbu hududlarni yanada kengaytirish, mamlakatimiz yashillik darajasini ko‘paytirish oldimizda turgan eng dolzarb vazifalardan hisoblanadi, – deydi deputat.
Darhaqiqat, ekologik muammolardan aziyat chekilayotgan bir paytda tabiiy muhitni, yashillik va o‘rmonzorlarni asrash hamda ko‘paytirish hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bu borada «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida ham respublikada o‘rmon bilan qoplangan maydonlarni 6,1 million gektarga yetkazish, daraxt va buta urug‘lari tayyorlashni 840 tonnaga oshirish maqsadlari ko‘zda tutilgan. Demak, daraxt va butalarni ekish, o‘rmonlar barpo etilishiga har birimiz mas’ulmiz.
Muhtarama Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 20.03.2024
- Ko'rishlar: 2453
- Chop etish