26-yildan soʻng saratonga chalinish holatlari 77 foizga koʻpayadi — JSST

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti onkologik kasalliklar boʻyicha oʻtkazilgan yangi tadqiqot natijalarini eʼlon qildi. Unda qayd etilishicha, 2050-yilga kelib, dunyoda saratonga chalinish koʻrsatkichlari yiliga 20 milliondan 35 million holatga koʻpayishi mumkin.

Oʻsish dinamikasiga taʼsir koʻrsatuvchi qator omillar mavjud. Ular orasida tamaki isteʼmoli, spirtli ichimliklar, semirish va havo ifloslanishi asosiy oʻrinni egallaydi.

Xususan, hisobotda inson taraqqiyoti indeksi juda yuqori boʻlgan mamlakatlarda har 12 ayoldan biri koʻkrak bezi saratoniga chalinishi prognoz qilingan. Shuningdek, har 71 nafar bemor ayoldan biri bu xastalik oqibatida vafot etadi.

Inson taraqqiyoti indeksi past davlatlarda esa vaziyat boshqacharoq tus olishi mumkin. Yaʼni har 27 ayoldan biriga koʻkrak bezi saratoni tashxisi qoʻyilib, 48 nafar bemordan biri hayotdan koʻz yumadi.

Eslatib oʻtamiz, 2022-yilda sayyoramiz boʻyicha 20 milliondan ortiq saratonga chalingan bemor va 10 millionga yaqin oʻlim holatlari qayd etildi. Onkologik kasalliklardan oʻlim sabablari orasida oʻpka saratoni yetakchilik qilgan — 18,7 foiz. Bu dard 1,8 million kishining hayotiga zomin boʻldi.

Ana shunday noxush holatlarning oldini olish uchun JSST 2023-yil dekabr oyida elektron sigareta isteʼmoli, realizatsiyasi va targʻibotini nazorat qilish hamda tartibga solish yuzasidan hukumatlarga shoshilinch tavsiyalar berdi.

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati

Powered by GSpeech