3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni

Mamlakatimizda har yili 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni sifatida keng nishonlanadi. Bunda “O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1992 yil 14 oktyabrdagi 47/3-sonli qarori huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Ushbu sanani nishonlashdan asosiy maqsad – butun dunyoda amalga oshiriladigan dastur va loyihalarda nogironlar boshqa nogiron bo‘lmagan kishilar bilan teng huquqlilik asosida ishtirok etishini, nogironlarning manfaatlari, huquqlari inobatga olinishini, barcha mamlakatlarda nogironlarning kadr-qimmatini himoyalovchi qonunlar va tartib-taomillarning joriy etilishini ta’minlab, barcha uchun ochiq va do‘stona bo‘lgan jamiyat qurishdan iboratdir.

Bu O‘zbekiston hukumati olib borayotgan kuchli ijtimoiy siyosatning yana bir yaqqol isbotidir. Chunki mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab aholini ijtimoiy muhofaza qilishni yanada kuchaytirish, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand nogironlarga hayotda keng imkoniyat va sharoitlar yaratib berish masalasiga alohida ahamiyat berib kelinadi.

Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2006 yil 13 dekabrda qabul qilingan va 2008 yil 3 mayda kuchga kirgan. Konvensiya bilan bir paytda unga Fakultativ protokol qabul qilingan. 2021 yil fevral holatiga ko‘ra Konvensiyaga – 182 davlat, Fakultativ protokolga 97 davlat ishtirok etmoqda.

Konvensiya kuchga kirishi bilan uning ijrosini nazorat qiluvchi, Konvensiyada ishtirok etuvchi davlatlarining ma’ruzalarini ko‘rib chiqishga vakolatli, ular bo‘yicha takliflar va umumiy tavsiyalar beruvchi organ – Nogironlar huquqlari bo‘yicha qo‘mita (18 kishidan iborat) tashkil etildi.

Konvensiya dunyodagi nogironligi bo‘lgan shaxslar holatini tahlil qilish asosida qabul qilingan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyo aholisining 15 foizi nogironlikning qandaydir shakllari bilan yashaydi.

Bugungi kunda dunyo aholisining 1 milliarddan ortig‘ida, ya’ni yettita kishidan kamida bittasida muayyan bir turdagi nogironlik  mavjud. Barcha nogironlarning 100 milliondan ortig‘ini bolalar tashkil etadi.

Dunyoning barcha rivojlangan mamlakatlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar, xususan nogironligi bo‘lgan bolalar (Buyuk Britaniyada nogironligi bo‘lgan shaxslar umumiy sonining 0,12 foizidan Kanadada 18 foizgacha tashkil etadi) umumiy sonining o‘sishi, ushbu davlatlarda nogironlikning oldini olish hamda bolalar nogironligi profilaktikasini ustuvor milliy muammolar qatoriga kiritdi.

Konvensiya insonlarning turli-tumanligi va qadr-qimmati prinsiplarini o‘zida mujassamlashtirgan. Uning asosiy g‘oyasi shundan iboratki, nogironligi bo‘lgan shaxslar barcha inson huquqlari va erkinliklaridan kamsitishlarsiz foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi  kerak.

Konvensiyaning maqsadi 1-moddada bayon etilgan hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning  tenglik asosida barcha inson huquqlarini to‘liq amalga oshirishlarini rag‘batlantirish, himoya qilish va ta’minlashdir. U foydalanish imkoniyati, shaxsiy harakatlanish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, bandlik, abilitatsiya va reabilitatsiya, siyosiy hayotda ishtirok etish, shuningdek tenglik va kamsitmaslik kabi bir qator muhim masalalarni qamrab oladi.

Konvensiyaning 4-moddasi nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash, rag‘batlantirish va himoya qilish bo‘yicha umumiy majburiyatlarni belgilaydi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilishda ustuvor sub’ektlar sifatida nogironligi bo‘lgan ayollar (6-modda) va nogironligi bo‘lgan bolalar (7-modda) ajratib ko‘rsatilgan.

Konvensiyani ratifikatsiya qilish nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari bilan bog‘liq muammolarni kompleks va tizimli hal qilish, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy va huquqiy himoya qilishni kuchaytirish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning maqsadli resurslarini jalb qilish imkonini beradi.

Konvensiya qoidalarini amalga oshirish nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ijtimoiy himoya qilish tizimini kuchaytirish, ularga nisbatan stereotiplarni o‘zgartirishga yordam berish, nogironligi bo‘lgan shaxslar salohiyatidan mehnat bozorida foydalanish, sog‘liqqa alohida  ehtiyojlari (nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish, tibbiy va ijtimoiy ekspertiza o‘tkazish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish uchun protez mahsulotlari va texnik vositalar ishlab chiqarish, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay muhitni ta’minlash va boshqalar) bo‘lgan kishilarning yashash sharoitlarini yaxshilash imkonini beradi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning muammolarini tizimli va kompleks hal qilishni ushbu sohadagi asosiy xalqaro hujjat – BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasidagi majburiyatlarni qabul qilmasdan amalga oshirish mumkin emas.

O‘zbekiston Respublikasi Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani 2009 yil 27 fevralda imzolagan. Mamlakatimiz yaqinda Konvensiyani ratifikatsiya qildi va 2021 yil 28 iyuldan mazkur xalqaro-huquqiy hujjat O‘zbekiston uchun kuchga kirdi.

O‘zbekistonda ijtimoiy adolat prinsipiga amal qilish, yordam va qo‘llab-quvvatlashga muhtoj, birinchi navbatda, jismoniy imkoniyati cheklangan odamlarga to‘laqonli hayot kechirish uchun sharoit yaratish masalasi davlat va jamiyat e’tiborining doimiy diqqat markazida turadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 14-moddasiga muvofiq, davlat o‘z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi. Fuqarolarning ijtimoiy himoyalanganligi davlat tamaddunining asosiy mezonlaridan biri sanaladi. Asosiy Qonunning IX bobi fuqarolarning ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarini belgilaydi hamda kafolatlaydi.

O‘zbekiston Respublikasining nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri nogironligi bo‘lgan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida nazarda tutilgan fuqarolik, iqtisodiy, siyosiy va boshqa huquq va erkinliklarni amalga oshirishda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari va tamoyillari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq boshqa fuqarolar bilan teng imkoniyatlarni ta’minlash hisoblanadi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini jamiyat hayotining siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalarida himoya qilish asosida qanday vaziyat bo‘lishidan qat’i nazar insonni, shu jumladan nogironligi borligi tufayli kamsitmaslik prinsipi yotadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining fuqarolarning huquq va erkinliklari, tenglik va kamsitmaslik prinsiplari mustahkamlangan 18-moddasida shunday deyilgan: “O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar”.

Konstitutsiyaning 39-moddasida: “Har kim qariganda, mehnat layoqatini yo‘qotganda, shuningdek boquvchisidan mahrum bo‘lganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga ega” deb belgilab qo‘yilgan.

Pensiyalar, nafaqalar, ijtimoiy yordam boshqa turlarining miqdori rasman belgilab qo‘yilgan tirikchilik uchun zarur eng kam miqdordan oz bo‘lishi mumkin emas.

Konstitutsiyaning 45-moddasida: “Voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg‘iz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir” deb belgilangan.

Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekiston Respublikasining 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjalari (Konstitutsiya, 40 dan ortiq qonun va 160 dan ortiq qonunosti hujjati) nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash hamda himoya qilish masalalarini tartibga solmoqda.

O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”, “Ta’lim to‘g‘risida”, “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”, “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”, “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”, “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi qonunlar va O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi bilan tartibga solinadi.

O‘zbekiston Respublikasining nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri – nogironligi bo‘lgan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida nazarda tutilgan fuqarolik, iqtisodiy, siyosiy va boshqa huquq va erkinliklarni amalga oshirishda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari va tamoyillari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq boshqa fuqarolar bilan teng imkoniyatlarni ta’minlash hisoblanadi.

 

Dilnoza Rahimova,

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi iqtisodchisi

Powered by GSpeech