Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasi va Adliya vazirligi tomonidan “Erkaklar va ayollarning teng huquqlari hamda imkoniyatlari kafolatlari to'g'risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 martda qabul qilingan “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori ijrosi doirasida tayyorlandi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 21 iyunda bo'lib o'tgan Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisidagi nutqida xotin-qizlar uchun munosib ish va turmush sharoitlari yaratish, ularni ijtimoiy himoya qilish, ayollarning sotsial-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy faolligini oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Shuningdek, siyosiy-ijtimoiy hayotimizda xotin-qizlarning o'rni va nufuzini yanada mustahkamlash borasida muhim vazifalar belgilab berildi.
Xususan, Oliy Majlis va mahalliy Kengashlarga bo'lib o'tadigan saylovlarda siyosiy saviyasi yetuk, mehnatkash va oqila xotin-qizlarning faol ishtirokini ta'minlash, xalqaro andozalar talablari doirasida ayollar ahvolini tubdan yaxshilashga doir normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish borasidagi ishlar talab darajasida emasligi ta'kidlandi. Qisqa vaqtda “Erkaklar va ayollarning teng huquqlari va imkoniyatlari kafolatlari to'g'risida” hamda “Ayollarni tazyiq va zo'ravonliklardan himoya qilish to'g'risida”gi qonunlarni qabul qilish takliflari bildirildi.
Shu asosda ishlab chiqilgan “Erkaklar va ayollarning teng huquqlari hamda imkoniyatlari kafolatlari to'g'risida”gi qonun loyihasi jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida erkaklar va ayollar uchun teng huquqlar va imkoniyatlarni ta'minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan. Loyihada erkaklar va ayollarning teng huquqlari hamda imkoniyatlarini ta'minlashning asosiy printsiplari va davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari belgilangan.
Qonun loyihasida asosiy tushunchalar alohida bayon etilgan. Xususan, erkaklar va ayollar uchun teng huquqlar va teng imkoniyatlar, jinsi bo'yicha bevosita va bilvosita kamsitish, erkaklar va ayollarning teng huquqlari hamda imkoniyatlarini ta'minlash sohasidagi davlat siyosati, gender-huquqiy ekspertiza, gender statistika, gender stereotiplar, vaqtinchalik maxsus choralar, maxsus vakolatli organ kabi tushunchalar mazmuni ochib berilgan.
Bundan tashqari, loyihada davlat xizmati sohasida erkaklar va ayollarning teng ishtirokini, davlat xizmatida lavozim egallash uchun tanlovda teng ishtirokini ta'minlash, saylov huquqini amalga oshirishda, ma'rifat, ta'lim, fan va madaniyat hamda sog'liqni saqlash sohasida, iqtisodiy sohada va tadbirkorlik faoliyatida, mehnat majburiyatlarini va oilaviy majburiyatlarni birga bajarishda, ijtimoiy himoya sohasida ularning tengligini ta'minlash masalalari o'z aksini topgan.
Loyihada O'zbekiston Respublikasining Xotin-qizlar gender tengligini himoya qilish bo'yicha komissiyasi erkaklar va ayollar uchun teng huquqlar hamda imkoniyatlarni ta'minlash sohasidagi maxsus vakolatli organ sifatida belgilanmoqda. Shuningdek, uning vazifalari ko'rsatib o'tilmoqda.
Erkaklar va ayollarning teng huquqlari hamda imkoniyatlarini ta'minlash sohasida davlat siyosatini amalga oshirish maqsadida vakolatlari aniq belgilangan yagona tizimni tashkil etuvchi barcha davlat organlari, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari vakolatlari nazarda tutilgan.
Mazkur Qonun loyihasini ishlab chiqish jarayonida Markaziy Osiyo, MDH, Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlarining gender tenglikni ta'minlash sohasidagi tajribasi o'rganildi. Shuningdek, BMTning Ayollarga nisbatan tahqirlashning har qanday shakllariga barham berish to'g'risidagi konventsiyasi normalari hisobga olindi.
Qonun loyihasini tayyorlashda USAID, BMT Taraqqiyot dasturi kabi xalqaro tashkilotlarning O'zbekistondagi vakolatxonalarining hamda O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasi va BMTTDning “Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ishtirok etishi uchun huquq va imkoniyatlarini kengaytirish va ularning ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi faolligini oshirish” qo'shma loyihasi doirasida tashkil etilgan maxsus ishchi guruhining xulosalari olindi.
Qonun loyihasi, shuningdek, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Sog'liqni saqlash vazirligi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Bosh prokuratura, Oliy sud, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi, “Oila” markazi, Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo'yicha Respublika kengashi bilan belgilangan tartibda kelishilgan.
Loyiha jamoatchilik muhokamasini o'tkazish uchun O'zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga joylashtirildi. Muhokama jarayonida Qonun loyihasi 2 ming 194 nafar shaxs tomonidan ko'rib chiqildi va 82 ta taklif bildirildi. Qonun loyihasini ishlab chiqishda ushbu takliflar inobatga olindi.
Endi “Erkaklar va ayollarning teng huquqlari hamda imkoniyatlari kafolatlari to'g'risida”gi qonun loyihasi o'rnatilgan tartibda Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga taqdim etiladi. Ushbu qonunning qabul qilinishi natijasida erkaklar va ayollarning teng huquqlariga oid huquqiy munosabatlar takomillashadi.
Shu bilan birga, shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasini ta'minlash kafolatlari mustahkamlanadi. Bu boradagi munosabatlarni tartibga soluvchi turli darajadagi qonunosti hujjatlar to'g'ridan-to'g'ri amal qiladigan mazkur yagona qonunda mujassamlashadi. Sohaga doir huquqni qo'llash amaliyotining aniq va bir xilda bo'lishi ta'minlanadi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
Matbuot xizmati
- Qo'shildi: 05.08.2019
- Ko'rishlar: 8049
- Chop etish