Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
— Qonun loyihasi bilan sohadagi munosabatlarni tartibga soluvchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi normalar nazarda tutilmoqda, — deydi deputat O‘rol O‘razboyev. — Xususan, “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunning bir qator moddalariga “davlat boshqaruvi organlari” degan so‘zlarini “respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari” so‘zlariga, “kasb-hunar kolleji” so‘zlarini “kollej” so‘ziga o‘zgartirish taklif etilmoqda. Shuningdek, ushbu qonunning 38-moddasiga ish o‘rinlari zaxiraga qo‘yiladigan ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslar toifalariga oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik natijasida jabrlanganlar ham kiritilmoqda.
Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlarni ta’minlashga, shuningdek, qonunchilik hujjatlarini qo‘llash amaliyotidagi tafovutlarni oldini olishga xizmat qiladi.
Muhokamalarda bir qator takliflar, fikr-mulohazalar bildirilib, qonun loyihasining muhimligi e’tirof etildi va qabul qilindi.
M.Komilova,
O‘zA
- Qo'shildi: 21.05.2024
- Ko'rishlar: 1461
- Chop etish