“Arda Xiva” Xorazmning zamonaviy “tashrif qog‘ozi” bo‘ladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji va aholi hayoti bilan yaqindan tanishish, yangi istiqbolli rejalarni belgilash maqsadida 1 may kuni Xorazm viloyatiga keldi.

Bu o‘lka qadim tarixi va madaniyati bilan turizm jozibadorligiga ega. Hozirgi iqtisodiy ravnaqi tufayli ishbilarmonlik tashriflari ham ko‘paymoqda. Lekin Urganch xalqaro aeroporti aholi va mehmonlar talabiga to‘la javob bermayapti. U soatiga 400 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi, xolos. Bu qatnovlarni ko‘paytirish imkonini bermayapti. Shuning uchun aeroportni modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish ko‘zda tutilgan. 

Tashrif chog‘ida davlatimiz rahbariga ushbu loyihaning borishi haqida axborot berildi.  

Bu borada 2024 yil 1 avgustda e’lon qilingan ochiq tender ikki bosqichda o‘tkazilib, unda Fransiya, Koreya, Turkiya, Qatar kabi davlatlardan sakkizta kompaniya ishtirok etdi. Yakunda idoralararo tender komissiyasining qarori bilan Koreya Respublikasining Incheon International Airport Corporation kompaniyasi g‘olib deb topildi.

Prezidentimiz ushbu kompaniya va loyiha rahbarlari bilan suhbatlashdi.

Kompaniya prezidenti Inchon xalqaro aeroporti sig‘imi bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turishi, servis bo‘yicha yetakchilardan biri ekanini aytdi. Urganch kompaniyaning ikkinchi aeroporti bo‘lishini ta’kidlab, uni yangilash va boshqarish rejalarini ma’lum qildi.

Davlatimiz rahbari bunday ilg‘or kompaniya bilan sheriklikdan xursandligini ta’kidlab, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha fikrlarini bildirdi.

– Xorazmda ko‘plab zamonaviy mehmonxonalar, dam olish va savdo markazlari barpo etayapmiz. Kelajakda sayyohlar oqimini 5 millionga yetkazishni maqsad qilganmiz. Buni aeroport bilan hamohang qilsak, o‘zaro manfaatli bo‘ladi, daromad ko‘payadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Xorijiy aviakompaniyalar bilan hamkorlikda samolyotlar olib kelib, tashuvlarni ko‘paytirish bo‘yicha fikr almashildi. Ushbu sheriklikdan foydalanib, servis bo‘yicha Koreya tajribasini o‘rganish, mutaxassislarimizni o‘qitish va malakasini oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Loyihaning umumiy qiymati 223 million AQSH dollari bo‘lib, uning doirasida yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi, yo‘lovchi va yuk terminallari qurish, “ICAO” talablariga javob beruvchi yoritish-signal qurilmalari o‘rnatish, maxsus texnikalar xarid qilish ko‘zda tutilgan. 

Qurilish-rekonstruksiya ishlari 2025-2027 yillar davomida amalga oshiriladi. Bularning natijasida aeroport Boeing 747 va Airbus 350 kabi yirik havo kemalarini qabul qilish imkoniga ega bo‘ladi. Aerovokzalning umumiy maydoni 39 ming kvadrat metrga yetib, soatiga 1 ming 300 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvati yaratiladi. 

Umuman, bunday zamonaviy infratuzilma orqali Urganch aeroporti eng qulay yo‘nalishlardan biriga aylanadi. Xorazmning xorijlik sayyohlar uchun jozibadorligini oshirishga hamda mamlakatimiz aviatsiya sohasini rivojlantirishga hissa qo‘shadi.

Bo‘lajak yangi terminal loyihasi ham taqdimot qilindi. Prezidentimiz uning ichki va tashqi qiyofasida milliy ruhni aks ettirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Shu yerda davlatimiz rahbari jurnalistlar bilan ham muloqot qildi. Xorazmga tashrifdan maqsad yangi marralarni belgilab, iqtisodiyot ko‘rsatkichlarini yanada oshirish, viloyatda yashayotgan 2 milliondan ziyod aholining sharoitini yaxshilash, ish o‘rinlari ochib, odamlarning daromadini ko‘paytirish ekani ta’kidlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Al-Xorazmiy shaharchasining qurilishini ko‘zdan kechirdi.

Davlatimiz rahbari 2022 yil avgustda ushbu shaharcha poydevoriga tamal toshi qo‘ygan edi. O‘tgan yillarda muhandislik tarmoqlari tortilib, 1 ming 773 ta xonadonli 72 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirilgan. Bu yil mingta xonadonli yana 28 ta turar joy qurilishi rejalashtirilgan. Bu yerda jami 5 mingdan ortiq xonadon bo‘ladi.

Shaharcha Urganch xalqaro aeroporti yaqinida, 130 gektardan ziyod hududda bunyod etilmoqda. Samolyotdan tushgan mehmonlarning ko‘z o‘ngida avvalo mana shu go‘zal maskan namoyon bo‘ladi. Shaharcha markazida Xorazmiy bobomizning muazzam haykali o‘rnatiladi.

Prezidentimizga mazkur haykal loyihasi taqdimot qilindi.

Haykal shaharchada barpo etilayotgan 20 gektarlik bog‘ning kirish qismida o‘rnatiladi. Uning balandligi 22 metr, poydevori bilan birga 30 metrdan ziyod bo‘ladi.

Mutasaddilarga monumentni ham bunyodkorlik, ham ma’no jihatidan takomillashtirish, shaharchada yashillikni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Kuni kecha Prezidentimiz Al-Xorazmiy universiteti va ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etish bo‘yicha qaror imzoladi. Bu universitetda 3 ta: matematika va informatika, aerokosmik texnologiyalar muhandisligi hamda sun’iy intellekt fakultetlari bo‘ladi. O‘quv jarayonlari “Yangi O‘zbekiston” universitetining tajribasi asosida, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy, Buyuk Britaniya kabi davlatlarning nufuzli oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etiladi. Qabulni 2025-2026 o‘quv yilidan boshlash rejalashtirilgan. Jami talabalar soni 4-6 ming atrofida bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Shaharcha hududida Toshkentdagi Muhammad al-Xorazmiy maktabining filiali ham tashkil etiladi. Unga 4-sinf bitiruvchilari tanlab olinadi. Ta’limning yakunlovchi 2 yili muhandislikka boshlang‘ich tayyorgarlikka qaratiladi.

Shuningdek, Al-Xorazmiy shaharchasida texnopark va ofislar, tibbiyot va madaniyat markazlari, xiyobonlar, maktab va bog‘chalar, sport majmualari, savdo va maishiy binolar bo‘ladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga tashrifi doirasida Xonqa tumanida barpo etilgan mebelsozlik kichik sanoat zonasini borib ko‘rdi.

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 21 iyundagi mebel sanoatini rivojlantirishga oid qaroriga muvofiq, salohiyati bor tumanlarda shunday sanoat zonalari tashkil etilmoqda. 

Xonqa tumanida ham avvaldan mebelsoz ustalar ko‘p. Hozirgi kunda bu yo‘nalishda 140 dan ziyod tadbirkor, 500 dan ortiq xonadonda kichik ustaxonalar bor. Shu paytgacha ularning ko‘pchiligi tor joylarda, noqulay sharoitlarda ishlardi.

Shu bois 10 gektar yer ajratilib, mebel mahsulotlarini klaster usulida ishlab chiqarish, ko‘rgazma va savdo ob’ektlarini o‘z ichiga olgan kichik sanoat zonasi barpo etildi. Bu yerda 10 million dollarlik 61 ta korxona faoliyat boshlamoqda. 650 kishi ish bilan ta’minlandi. 

Korxonalarda Germaniya, Italiya, Shveysariya, Turkiya, Xitoy kabi davlatlardan keltirilgan zamonaviy dastgohlar o‘rnatilgan. Yiliga 108 milliard so‘mlik uy, ofis, mehmonxona, restoran, savdo va ijtimoiy muassasalar uchun mebellar ishlab chiqarish quvvati yaratilgan.

Prezidentimiz ustaxonalardagi ish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Xorazm viloyatida qurilish ko‘lami oshgani, ko‘plab uy-joylar, mehmonxonalar, bino va inshootlar barpo etilayotganidan unumli foydalanib, korxonalar uchun buyurtmalar shakllantirish, yangi turdagi mahsulotlarni mahalliylashtirish zarurligini ta’kidladi.

Mebelsozlik kichik sanoat zonasida dizayner va texnologlar tayyorlash bo‘yicha o‘quv markazi tashkil qilingan. Unga Turkiyadan malakali mutaxassislar jalb etilgan.

Ular bilan muloqotda mebellar sifatini ta’minlash, yoshlarning bu bo‘yicha tajribasini oshirish haqida so‘z yuritildi. 

Bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tashqi bozorlarga ham yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. 3 million dollardan ziyod eksport qilinishi mo‘ljallangan.

Yana bir muhim jihati, sanoat zonasida energiya samaradorlikka e’tibor qaratilgan. Korxonalarning barchasiga quyosh panellari o‘rnatilgan.

Davlatimiz rahbari shourumda mahsulot namunalarini ko‘zdan kechirdi, ularning sifatini va dizaynini yuqori baholadi.

Xorazm viloyatida mebel ishlab chiqarish bilan 300 dan ortiq korxona shug‘ullanadi. Sohadagi yakka tartibdagi tadbirkorlar 200 dan ortiq, 1 ming 300 dan ziyod aholi o‘zini o‘zi band qilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xonqa tumanidagi “Sobirjon Yusuf” oilaviy fermer xo‘jaligi dalasida bo‘ldi.

Uning rahbari Oyimjon Otajanova 73 yoshda. Qo‘li gul bu ayol ko‘chatchilik bilan shug‘ullanayotganiga qirq yildan oshgan. Xo‘jalikning 3 gektar maydonida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari yetishtiriladi. Yana ikki gektarda esa bog‘dorchilik qilinadi. Bundan tashqari, 12 sotix issiqxonada 40 turdagi gul ko‘chatlari yetishtiriladi. Issiqxona zamonaviy suv tejamkor texnologiyalar bilan ta’minlangan bo‘lib, uning har bir bo‘limida ko‘chatlarning turi va xususiyatidan kelib chiqib zarur mikroiqlim yaratilgan. 

Serg‘ayrat onaxon oila a’zolarini ham shu ishga boshlagan. Yiliga 50 ming tupdan ortiq ko‘chat o‘stirib, sotiladi. Ularning yillik daromadi bir milliard so‘mdan ortadi.

E’tiborli jihati, bu yerda yetishtirilayotgan ko‘chatlar qo‘shni hududlar, Qozog‘iston  va Turkmanistonga ham yetkazib berilmoqda.

Bog‘ joylashgan Guliston mahallasida 7 mingdan ziyod aholi yashaydi. Yoshlar va xotin-qizlarga ibrat bo‘lib, ularni ish bilan ta’minlashda onaxonning xizmatlari katta. U xozirgacha 200 dan ortiq shogird yetishtirgan, 300 nafar ishsiz fuqaroni ko‘chatchilikka o‘rgatgan. Mahalladagi 70 foiz xonadon bilan kasanachilik yo‘lga qo‘yilgan. 

Fidoyi dehqon bu yil tumandagi barcha maktab va bog‘chalarga 2 ming dona qarag‘ay ko‘chatini beg‘araz tarqatib, “Yashil makon” loyihasiga, yurtimiz obodligiga hissa qo‘shdi.

Bandlik vazirligi va bank bilan hamkorlikda xo‘jalikning yondosh hududida o‘quv markazi ochilgan. Unda xo‘jalik tajribasi asosida xonadonlardagi samarasiz tomorqadan yil davomida daromad olishga o‘rgatilmoqda. Natijada mahallalarda omilkorlik kengayib, oilalarga qo‘shimcha daromad kirmoqda.

Ushbu xizmatlari, mehnatsevarligi va yosh avlodga namunaligini inobatga olib, Prezidentimiz Oyimjon Otajanovani “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi” unvoni bilan mukofotlashga qaror qildi.

Aholi faolligi oshib, turizm jadal rivojlanayotgan Xorazmda transport xizmatlari ham yaxshilanmoqda. Shu maqsadda “Bunyod yo‘lovchi tashish” korxonasi tomonidan qariyb 8 million dollar evaziga 80 ta zamonaviy avtobus olib kelinmoqda. Hozirga qadar shundan 50 tasi keltirilgan.

Davlatimiz rahbari viloyatga tashrifi chog‘ida aholiga yaratilayotgan qulayliklar bilan tanishdi.

“YeVRO-5” talablariga munosib mazkur avtobuslarning sig‘imi 70 kishilik. Tagi past bo‘lgani uchun nogironlar va keksalar uchun ham qulay. Shuningdek, Wi-Fi va kuzatuv kameralari ham mavjud. Bunday zamonaviy jamoat transportidan keksayu yosh birdek mamnun.

Avvalgi kichik avtobuslarning har biri kuniga 200-300 kishini tashigan bo‘lsa, yangi avtobuslarning har biri ming kishiga xizmat ko‘rsatmoqda. Ularning qatnov oralig‘i vaqti ham ikki barobarga qisqarib, 5-12 daqiqaga tushdi. Natijada Urganch shahrida aholining jamoat transportidan  foydalanish darajasi 38 foizga yetdi.

Asosiysi, bunday sharoitlar transport yetishmovchiligi va ko‘chalarda tirbandlikning oldini olib, fuqarolarning erkin harakatlanishiga xizmat qilmoqda.

Boshqa hududlarni ham jamoat transporti bilan yaxshi qamrab olish uchun korxona tomonidan tez kunda yana 30 ta avtobus olib kelinishi ko‘zda tutilgan.

Prezidentimiz jamoat transportini tumanlar bilan samarali bog‘lab, yo‘nalishlarni qulaylashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Yo‘llarni ta’mirlab, haydovchilar malakasi va texnik xizmat sifatini oshirish avtobuslardan foydalanish muddatini uzaytirishda muhim omil ekani qayd etildi.

Davlatimiz rahbari yurtimizda ishlab chiqarilayotgan vagonlar va Urganch – Xiva elektrlashtirilgan temir yo‘lini ko‘zdan kechirdi.

Bugungi kunda 465 kilometrlik “Buxoro – Urganch – Xiva” temir yo‘li elektrlashtirilib, himoya to‘siqlari o‘rnatildi va zarur inshootlar qurilgan. Bu yo‘nalish uchun Janubiy Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasidan yuqori tezlikdagi 6 ta elektropoyezd xarid qilinib, kelgusi yildan “Jaloliddin Manguberdi” nomi ostida Toshkent – Xiva yo‘nalishiga qo‘yiladi. 

Natijada yiliga 3 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatiladi. Hozirda Toshkentdan Xivaga 14 soatda yetib boradigan poyezd mazkur yo‘nalishda harakatga qo‘yiladigan elektropoyezd imkoniyatlari tufayli 7 soat 40 daqiqada yetib boradi. 

Shuningdek, yuk poyezdlari o‘tkazuvchanligi qariyb 6 million tonnaga yetadi. Hozir bu ko‘rsatkich 1 million tonna. 

Prezidentimizning 2023 yil 10 oktyabrdagi temir yo‘l transporti sohasini tubdan isloh qilish to‘g‘risidagi qarori asosida vagonsozlik tarmog‘i ham mustahkamlanmoqda. Jumladan, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 50 million dollar yo‘lovchi vagonlari ishlab chiqarish uchun yo‘naltirilgan. Joriy yil birinchi chorakda dastlabki 10 ta yo‘lovchi vagoni qurib bitkazildi.

Davlatimiz rahbari ulardagi qulayliklarni ko‘zdan kechirdi. 

Kelgusi ikki yilda yo‘lovchi vagonlari soni 70 taga ko‘paytirilib, eski turdagilaridan bosqichma-bosqich voz kechiladi. Natijada yiliga bir million nafardan ortiq qo‘shimcha yo‘lovchini tashish imkoniyati yaratiladi.

Prezident ushbu yangi poyezdda jamoatchilik bilan birga Urganchdan Xivaga yo‘l oldi. Yo‘l bo‘ylab joylardagi obodonchilik, dala chetlarida ekilgan ko‘chatlarni kuzatib bordi. 

Viloyatda o‘tgan yili “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida qariyb 10 million tup daraxt va buta ko‘chatlari ekilgan. Yirik sanoat korxonalari tomonidan “yashil belbog‘”lar barpo etilgan. 

Bu yil erta bahorda ham ziroatchilik ko‘lami kengaydi. Viloyatdagi 1 ming 100 gektardan ziyod dala chetlari va kanallar atrofidagi maydonlarga daromadli mahsulotlar ekildi. Ularni kafolatli xarid qilishga tadbirkorlar biriktirilgan. “Agroko‘makchi” mobil ilovasi orqali dala chetlari haqidagi ma’lumotlar jamoatchilikka yetkazilmoqda.

Xorazm viloyatining turizm salohiyatini yuzaga chiqarish bo‘yicha qilinayotgan ishlar katta natija bermoqda. Buni hududga xorijiy sayyohlarning tashrifi yetti-sakkiz yil oldingi davrga nisbatan 30 barobar ko‘payganida ham ko‘rish mumkin. Sohadagi o‘zgarishlar hisobiga viloyat turizm xizmatlari eksporti 2017 yildagi 7 million dollardan o‘tgan yili 380 million dollarga yetdi. 

Sir emas, ilgari hudud turizmi haqida gapirilganda ko‘pchilik faqat Ichan qal’ani hayoliga keltirar edi. Keyingi vaqtlarda bu boradagi qarashlar butunlay o‘zgardi. Sayyohlar uchun qirqdan ortiq turistik yo‘nalishlar ishlab chiqildi va ularning umumiy soni yuztaga yetdi.

Endi bu yerda yana bir noyob majmua – “Arda Xiva” bor. Uning ochilishi Xorazm viloyatiga Prezident tashrifining muhim voqeasi bo‘ldi.

Majmua qadim kent ichra yana bir betakror shaharni eslatadi. Mazkur maskan o‘zida tarix va bugunni uyg‘unlashtirgan me’moriy yechimi bilan noyob loyiha sanaladi.

“Arda Xiva” hududdagi 25 gektarlik past unumli, sho‘rxok maydonda qurildi. Uning bir tomoni 150 gektarlik G‘ovuk ko‘lga tutashib ketgani, bu maydonlarda esa yashil hududlar tashkil etilayotgani loyihani sayyohlar uchun yanada jozibador ko‘rsatishga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari majmua bo‘ylab yurib, bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Hunarmandchilik, badiiy va amaliy san’at ko‘rgazmalari hamda bozor rastalarini tomosha qildi.

Bu yerda sayyohlarga xizmat ko‘rsatish uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Xususan, qadimiy shahar muhitini aks ettiruvchi binolar, jami ming o‘rinli 20 ta mehmonxona qurildi. Ochiq-yopiq akvapark va attraksionlar, uch ming o‘rinli amfiteatr va musiqali favvora barpo etildi.

Shuningdek, tarixiy qiyofadagi 11 ta hunarmand uyi, sharqona bozor, “Ko‘hna Urganch” muzeyi mehmonlar uchun qiziqarli bo‘ladi. Ikki kilometrlik kanalda qayiqda sayr qilish imkoniyati yana bir o‘ziga xos yangilik.

Beshta kinoteatr va konsert zali, ko‘plab restoranlar, zargarlik markazi, savdo do‘konlari va rastalari, suv moto-turizmi joyi hamda avtoturargoh zamonaviy talablarga mos tarzda qurilgan. Hududdagi barcha inshootlar uchun yagona sovitish va isitish tizimi barpo etilgan. Elektr energiyasi ta’minoti uchun quyosh panellari o‘rnatilgan.

Majmua yiliga uch million nafar tashrif buyuruvchini qabul qilish imkoniyatiga ega. Bu yerda ikki mingdan ziyod kishi ish bilan ta’minlanadi.

“Ichan qal’a” tarixiy bo‘lsa, “Arda Xiva” Xorazmning zamonaviy “tashrif qog‘ozi” bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari shu yerda xorazmlik yoshlar bilan samimiy muloqot qildi.

– Har qanday zaxira, yerosti boyliklari qachonlardir tugaydi. Lekin bobolarimiz bizga shunday buyuk ma’naviy meros, ulug‘vor obidalar qoldirganki, ular asrlar davomida xalqqa xizmat qilib kelayapti. Biz mana shu boylikdan elimiz manfaati yo‘lida foydalanishimiz kerak. Ancha ishlar qilindi, lekin hali rejalar ham ko‘p. Men bu yo‘lda siz, yoshlarga ishonaman. Sizlar baland cho‘qqilarni ko‘zlab, shunga yarasha bilim olsangiz, zamonaviy kasblarning ustasi bo‘lsangiz, yuksak maqsadlarimizga, albatta, erishamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yoshlarning o‘qishdagi muvaffaqiyatlari, orzu-intilishlari haqida fikr almashildi.

Xiva shahrida “Arda Xiva” xalqaro turizm markazining tantanali ochilish marosimi bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev marosimdagi nutqida viloyatning buyuk o‘tmishi va bugungi turizm salohiyati haqida so‘zladi.

– Xorazm dunyo sivilizatsiyasi va madaniyatiga bebaho hissa qo‘shgan Sharq gavharidir. Bu ko‘hna yurt jahonga dong‘i ketgan ne-ne olimu fozillar, sarkarda va sultonlar, aziz avliyolar, betakror shoir va hofizlar vatanidir, – deya ta’kidladi davlat rahbari.

Bu yerdagi muhtasham tarixiy obidalar bebaho boylik ekani qayd etildi. Ochiq osmon ostidagi shahar-muzey – “Ichan qal’a” majmuasi umumbashariyat xazinasi sifatida YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan. Viloyatda 260 dan ziyod madaniy meros ob’ekti mavjud. Ular o‘zining noyob va go‘zal me’moriy qiyofasi bilan nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyoning jahon ravnaqidagi betakror o‘rnini belgilab beradigan tirik tarixdir.

Bugungi kunda bunga asoslanib, turizmni rivojlantirishga alohida strategik yo‘nalish sifatida e’tibor qaratilmoqda. Tarixiy yodgorliklar, madaniy meros ob’ektlari asrab-avaylanib, global turizm tarmog‘iga faol jalb qilinmoqda.

Shu bilan birga, o‘zida tarix va zamonaviylikni mujassam etgan yirik turistik majmualar ham barpo qilinayotir. “Arda Xiva” shunday ulkan rejalarning yana bir amaliy natijasidir. Ushbu muhtasham xalqaro turistik maskanda 17 ta mehmonxona va mehmon uylari, 9 ta restoran, ochiq va yopiq akvaparklar, 3 ming o‘rinli amfiteatr, 5 ta kino va konsert zali, ko‘rgazmalar paviloni, 70 ta do‘kon, 300 ta savdo rastasi, 11 ta hunarmandlar uyi, Sharq bozori va zargarlik markazi, favvoralar, sohil bo‘yi yo‘lagi bor.

Bunday ishlar hisobidan viloyatga turistlar oqimi qo‘shimcha ravishda 1 million nafarga oshadi, xizmatlar 1,2 trillion so‘mga ko‘payadi, kamida 2 mingta ish o‘rni yaratiladi.

– Ishonchim komil, “Arda Xiva” Xorazmdagi turizm rivojida yangi sahifa ochadi, viloyatning ikkinchi “tashrif qog‘ozi”ga aylanadi. Ushbu betakror maskan Xorazmga, butun xalqimizga muborak bo‘lsin, – dedi Prezidentimiz.

Yana bir yangilik – endi Xiva tumanidan 2 ming 400 gektar yer Xiva shahriga o‘tkazilib, u joyda “Sahro yulduzi” turistik majmuasi bunyod etiladi. Unda mehmonxonalar, ko‘ngilochar markazlar, gastronomik va savdo ko‘chalari, muzeylar, ekouylar, yozgi lager, ekstremal turizm joylari bo‘ladi.

Shuningdek, Tuproqqal’ada cho‘l hududidagi 5 ming gektar yerda safari va ov turizmi rivojlantiriladi. Urganch shahri, Shovot, Qo‘shko‘pir, Xiva va Hazoraspdan oqib o‘tadigan G‘azovot, Polvon, Shovot kanallari bo‘ylarida 50 million dollarlik 80 ta xizmat ko‘rsatish, savdo-ko‘ngilochar ob’ektlari ishga tushiriladi. Bog‘ot, Gurlan, Yangibozor va Urganch tumanida turizm qishloqlari tashkil etiladi.

Ma’mun akademiyasi binosi oldidagi 2 gektar bog‘ “Buyuk allomalar” nomli ochiq osmon ostidagi “smart” muzeyga aylantiriladi. Shu asosda Xorazm yurtida kamol topgan o‘nlab mumtoz ajdodlarimizning ibratli hayot yo‘li, boy ijodiy merosi interaktiv usulda bir nechta xorijiy tillarda sayyohlarga taqdim etiladi.

Davlatimiz rahbari Amudaryoning ikki sohilida joylashgan Xorazm va Qoraqalpog‘iston elini Xudoi taoloning o‘zi taqdirdosh qilib yaratganini ta’kidladi. Shu bois Xorazmda turizmni rivojlantirish Qoraqalpog‘iston bilan hamohang ravishda, yagona konsepsiya asosida amalga oshiriladi. Buning uchun “Xorazm – Qoraqalpog‘iston” turizm halqasi loyihasi ishlab chiqiladi. “Urganch – Gurlan – Mang‘it” avtomobil yo‘li to‘liq rekonstruksiya qilinadi.

So‘nggi yillarda Xiva shahriga temir yo‘l tortilib, yangi vokzal qurildi, “Buxoro – Urganch – Xiva” temir yo‘li to‘liq elektrlashtirildi. 2026 yilda ushbu yo‘nalish bo‘ylab Jaloliddin Manguberdi nomi bilan ataladigan zamonaviy tezyurar poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Yaqin kelajakda bu tezyurar poyezdlar Nukusgacha boradi.

Prezidentimiz marosimda qatnashayotgan xorijlik mehmonlarni ham qutlab, hamkor ellarga hurmat va ezgu tilaklarini bildirdi.

– Bugun dunyodagi murakkab vaziyatga qaramasdan, O‘zbekiston o‘z yo‘lidan dadil bormoqda. Xalqimiz tinchlik va farovonlik, do‘stlik va hamkorlik, bunyodkorlik ruhi bilan yashamoqda. Bizning har bir maqsad-rejamiz, har bir islohotimiz odamlarimiz hayotini yaxshilashga, ularni rozi qilishga qaratilgan va bu ishlarimiz, inshoolloh, bardavom bo‘lgay. Aminmanki, siz, azizlar bilan fidokorona mehnat qilib, Xorazm va Qoraqalpog‘istonni dunyodagi eng go‘zal va obod, ilm-fan va innovatsiyalar, madaniyat va san’at yanada rivojlangan zaminga aylantiramiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Marosim katta konsert namoyishi bilan yakunlandi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV,

Ahmadjon SHOKIROV,

O‘zA maxsus muxbirlari

Powered by GSpeech