Lancet jurnalida e’lon qilingan tadqiqotga ko‘ra ayollar o‘limga sabab bo‘lmaydigan, biroq uzoq muddatli kasallanish va nogironlikka sabab bo‘ladigan sog‘lik muammolariga ko‘proq duch kelishadi. Ulardan farqli ravishda erkaklar erta o‘limga sabab bo‘luvchi kasalliklarga chalinishi xavfi yuqori.
Xalqaro miqyosda ayol va erkak salomatligi o‘rtasida jiddiy farqlar mavjud bo‘lib, salomatlik o‘rtasidagi farqlarni bartaraf qilish borasidagi oxirgi 30 yillik yutuqlar ham cheklangan miqdordaligicha qolmoqda.
Lancet jurnalida e’lon qilingan tadqiqotda ta’kidlanishicha, tayanch-harakat tizimi muammolari, ruhiy salomatlik muammolari va bosh og‘rig‘i kasalliklari kabi kasallik va nogironlikka olib keladigan, o‘limga olib kelmaydigan holatlar ko‘proq ayollarga ta’sir qiladi.
Shu bilan birga, yurak qon-tomir kasalliklari, nafas va jigar kasalliklari, yo‘l-transport hodisalari jarohatlari, koronavirus kabi erta o‘limga sabab bo‘luvchi holatlar erkaklarga ko‘proq xavf soladi.
Erkak-ayol sog‘ligidagi farqlar ularning yoshi kattalashgani sayin ortib boradi va ayollar ko‘proq yashagani uchun ham bu kasalliklar ta’sirida ularning nogironlikka chalinish darajasi yuqoriroq bo‘ladi.
Tadqiqotning bosh muallifi, Vashington universiteti Sog‘liqni saqlash o‘lchovlari va baholash instituti doktori Luisa Sorio Florning qayd etishicha, ayollar yomonlashgan sog‘liq bilan uzoqroq yashaydi. Ularni kasallanishga va nogironlikka olib keladigan holatlarni kamaytirish bo‘yicha qilinayotgan harakatlar cheklangan. Xuddi, shuningdek, erkaklar oxiri o‘limga olib keladigan kasalliklarga ko‘proq chalinmoqda.
Tadqiqotda ayollar va erkaklar kasalligiga va o‘limiga sabab bo‘ladigan 20 ta sabab jins, yashash hududi va yosh nuqtai nazaridan ko‘rib chiqildi.
Tahlillarda kasallanish va o‘lim holatlarining 20 ta sababi o‘rganilgan bo‘lsa, shundan 13 ta holatda, jumladan, koronavirus, yo‘l hodisalarida olingan jarohatlar, yurak kasalliklari, respirator va jigar kasalliklariga chalinish ko‘rsatkichi 2021 yilda erkaklarda ayollarga qaraganda yuqoriroq bo‘lgan.
Ayollarni qiynab keladigan kasalliklar orasida esa eng asosiylari bel og‘rig‘i, depressiya, bosh og‘rig‘i, suyak va mushak og‘riqlari, Alsgeymer kasalligi, OIV va OITS ekani aniqlandi.
Bu muammolar erta o‘limdan farqli ravishda hayot davomida kasallik va nogironlik bilan yashashga sabab bo‘ladi.
Endigi vazifa esa kasalliklar va erta o‘lim holatlariga qarshi kurashish, ularni davolashda erkak va ayollarga alohida yondashuvni yo‘lga qo‘yishdan iborat.
Kun.uz
- Qo'shildi: 06.05.2024
- Ko'rishlar: 1548
- Chop etish