O‘zbek xalqi – bolajon xalq. Ammo ba’zan bolalarni qadrlamayotgan, ularning huquqlarini poymol qilayotganlar ham uchraydi.
O‘zbekistonda bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 avgustda "Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni e’lon qilingan.
Bugun mamlakatimizda bolalar huqiqini himoya qilish yo‘nalishida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Shu kabi masalalar xususida bugun “Debat Xoll” media markazida “Bolalar huquqlari himoyasi” mavzusida navbatdagi sessiya bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi mutaxassislari, Ichki ishlar vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakillari hamda jurnalistlar ishtirok etgan sessiyada ota-onalarning farzand bilan munosabatidagi muvozanat, harakatlarini nazorat qilish, bolalar huquqlarini himoyalash yo‘lidagi olib borilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi.
– Mamlakatimizda bolalar tomonidan sodir etiladigan jinoyat ancha kamaygan. Maktabga bormayotgan o‘quvchilar soni ham keskin pasaygan.
Oilalardagi zo‘ravonlikka kelsak, bunday holatlar yo‘q, demayman, bor! Biz ana shu zo‘ravonliklarning oldini olish uchun katta mahallalarda ikkitadan, kichik mahallalarga esa bittadan profilaktika inspektorini biriktirganmiz. Biror oilada zo‘ravonlik holatlari kuzatilganda, o‘sha oilani ro‘yxatga olib, turli suhbatlar o‘tkazyapmiz, – deydi O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisning xotin-qizlar va oila masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Gulnora Yo‘lchiyeva.
"Yangi parlament shakllanishi bolalar huquqlarini ta’minlash borasida yangiliklar olib kelishi mumkinmi? Bolalarga nisbatan oilada zo‘ravonlik kuzatilsa, qanday choralar ko‘riladi?" kabi savollar ham ayni sessiyada o‘rtaga tashlandi.
– Mamlakatimiz butunjahon farovonlik indeksida 16 pog‘ona ilgariladi, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova – Bu O‘zbekistonda neonatal o‘limning qisqarishi, maktabgacha ta’limga bolalar qamrovi 27 foizdan 76 foizgacha o‘sganligi, boshlang‘ich ta’limga esa 2 million bolaning qamrab olinganligi (98%) hamda bolalar mehnatini butkul tugatilganligi bilan izohlanadi. Mamlakatimizda so‘nggi yillarda 50 dan ortiq qonun bolalar manfaatini himoya qilish yo‘lida chiqarilgan. 400 dan ortiq qonunosti hujjatlar tayyorlangan.
Tadbirda oilada zo‘ravonlikdan aziyat chekkan shaxslarga ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmat sifatini takomillashtirish, xotin-qizlarning huquqlari kafolatlarini ta’minlash masalalarida ham fikrlar bildirildi.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 10 mayda imzolangan "Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq IIB, ya’ni 102ga zo‘ravonlik bo‘yicha kelib tushgan murojaatlar shahar profilaktika inspektori tomonidan nazoratga olinadi.
Agar ona o‘z bolasi bilan uyida qolishiga imkoniyat bo‘lmasa, yoki qolishni istamasa, har bir tuman tibbiyot birlashmalarida ko‘maklashuv markazlari tashkil etilgan. Unda ona va bola 3 kungacha qolish imkoniyatiga ega. Agar ayol yoki bola 3 kundan keyin ham uyiga qaytishni istamasa, ijtimoiy himoya markazlarida 6 oy davomida qolib, psixologik, tibbiy, huquqiy yordamlar olish imkoniyatiga ega. Ular uyga qaytgach, profilaktika inspektori tomonidan 6 oy davomida zo‘ravonlik qaytarilmasligi uchun qat’iy nazoratga olinadi, – deya ma’lumot berdi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti bosh inspektori Nazokat Tojiyeva.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA
- Qo'shildi: 24.10.2024
- Ko'rishlar: 843
- Chop etish