“Bernama”: Islom sivilizatsiyasi markazi – Yangi O‘zbekistonning ma’naviy va ilmiy yuksalishi ramzi

O‘lkamiz hududi asrlar davomida jahon tamaddunining muhim markazlaridan biri sifatida islom madaniyati va ilm-fani rivojida beqiyos o‘rin tutib kelgan. Buyuk mutafakkirlar, allomalar va muhaddislar yetishib chiqqan bu zaminda boy ma’naviy meros shakllangan. Ana shu ulkan merosni asrab-avaylash, uni chuqur o‘rganish va keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugungi kunda nafaqat milliy, balki xalqaro ahamiyatga ega ilmiy-ma’rifiy maskan sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Mazkur sivilizatsion makon Malayziya milliy axborot agentligi – “Bernama” tomonidan ham keng yoritildi. Agentlik ta’kidlashicha, an’anaviy muzeylardan tubdan farq qiladigan, “Sivilizatsiya, shaxslar, kashfiyotlar” tamoyili asosida tashkil etilgan ushbu markaz tarixni oddiy voqealar yig‘indisi emas, balki uzviy bog‘liq jarayon sifatida namoyon etadi.

Ekspozitsiyalar izchil joylashtirilgan: dastlab islomdan oldingi davr, so‘ng Birinchi va Ikkinchi Renessans bosqichlari, keyin Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti davri ko‘rsatiladi. Shu orqali Uchinchi Renessans g‘oyasi ochib beriladi.

Eng diqqatga sazovor qismlardan biri – “Sivilizatsiyalar devori” insoniyat tafakkuri va ilmiy taraqqiyotini uzluksiz, turli davrda ijod qilgan buyuk allomalar kashfiyotini zamonaviy texnologiya bilan bog‘liq namoyish etadi. Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek kabi mutafakkirlar merosi alohida yoritilgan.

“Bernama” ma’lumotiga ko‘ra, markazda eng zamonaviy texnologiya keng qo‘llangan. Virtual va kengaytirilgan reallik, sun’iy intellekt hamda gologramma yordamida qadimiy qo‘lyozmalar “jonlantiriladi”, tarixiy ilmiy muhit raqamli shaklda qayta tiklanadi. Tomoshabin bevosita jarayon ishtirokchisiga aylanadi, buyuk olimlar bilan virtual muloqot qilib, ilmiy tajriba muhitini his etadi.

Markazda yosh avlodga alohida e’tibor qaratilgan. “1001 ixtiro” laboratoriyasi orqali bolalarda ilm-fan, texnika va muhandislikka barvaqt qiziqish uyg‘otish maqsad qilingan. Bu esa kelajak avlodning intellektual salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, majmua faqat ko‘rgazma maydoni emas, balki yirik ilmiy-ta’lim maskani ham hisoblanadi. Bu yerda 200 000 dan ziyod kitob joylashgan kutubxona, restavratsiya laboratoriyalari, xattotlik maktabi va zamonaviy raqamli arxiv faoliyat yuritadi. Hududda qator nufuzli xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari joylashgani xalqaro ilmiy markaz ahamiyatini yanada oshiradi.

Umuman, xorij matbuoti majmuani Markaziy Osiyodagi eng yirik madaniy-ilmiy loyihalardan biri sifatida baholamoqda. Taniqli tahlilchilar islom sivilizatsiyasi ilmiy merosini zamonaviy texnologiya orqali jahonga taqdim etuvchi yangi platforma deb atagan. Ko‘pchilik madaniy diplomatiya va turizm salohiyatini oshirishga xizmat qiluvchi strategik ob’ekt sifatida ta’riflamoqda. Xalqaro miqyosda yuqori bahoga sazovor bo‘lgan markaz 2026-yil arxitektura va dizayn sohasidagi nufuzli “Prix Versailles” mukofoti muassislari tomonidan “Eng go‘zal muzeylar” ro‘yxatiga kiritildi.

Xulosa qilib aytganda, Islom sivilizatsiyasi markazi tarixiy meros, zamonaviy texnologiya va ilm-fan uyg‘unlashgan noyob majmua sifatida Yangi O‘zbekistonning ma’naviy-intellektual taraqqiyotga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlari samarasidir.

Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA

Powered by GSpeech