AOKAda Biznes-ombudsman devoni tomonidan brifing tashkil etildi. Unda 2023 yil davomida tadbirkorlar faoliyatida o‘tkazilgan tekshiruvlar tahlili haqida ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlar Biznes-ombudsman tomonidan muvofiqlashtirib kelinmoqda.
2023 yilda nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlar faoliyatida jami 124 ming 123 ta tekshiruv o‘tkazilgan bo‘lib, shundan 2 ming 399 tasi kelishilgan holda, qolgan 121 ming 724 tasi xabardor etilgan holda o‘tkazilgan.
O‘tkazilgan tekshiruvlarning 78 foizi yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatiga asosan, 22 foizi xavfni tahlil etish natijalariga asosan o‘tkazilgan. Biznes-ombudsmanga nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshiruvlarni kelishish uchun “Yagona davlat nazorati” axborot tizimiga kiritilgan jami 4 ming 703 ta buyurtmadan 2 ming 399 tasi kelishilgan. Qolgan 2 ming 304 tasi tekshiruv o‘tkazish uchun qonuniy asoslar mavjud bo‘lmagani sababli rad etilgan.
Tadbirkorlar faoliyatida 2023 yilda amalga oshirilgan tekshiruvlar soni 2022 yil davriga nisbatan 42 ming 914 taga kamaygani kuzatildi.
Tekshiruvlar qonuniyligi yuzasidan o‘tkazilgan monitoring doirasida aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 1 ming 303 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy jazo hamda 70 nafar xodimga intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.
2023 yilda tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan eng ko‘p takrorlangan huquqbuzarliklar yuzasidan “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi orqali tahlil qilinganda 62 ming 530 ta holatda soliq qonunchiligiga rioya qilmaslik, 14 ming 300 ta holatda yong‘in xavfsizligi talablariga rioya qilmaslik, 1 ming 299 ta holatda ekologiya talablariga rioya qilmaslik hamda 1 ming 254 ta holatda sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya qilmaslik holatlari aniqlangan.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA
- Qo'shildi: 15.02.2024
- Ko'rishlar: 2354
- Chop etish