BMT: 2025-yilda global gumanitar inqirozga qarshi kurashish uchun 47 milliard dollar zarur

BMT jahon hamjamiyatini 2025-yilda gumanitar inqirozlardan jabrlangan 305 million kishiga yordam berish uchun 47 milliard dollar ajratishga chaqirdi.

Bu haqda BMTning Favqulodda vaziyatlarda yordam ko'rsatish bo'yicha koordinatori va BMTning yordam ko'rsatishni muvofiqlashtirish boshqarmasi rahbari Tom Fletcher 2025-yil uchun Global gumanitar sharh taqdimotida jurnalistlarga ma'lum qildi, deb xabar beradi report.az.

Uning ta'kidlashicha, global rejani 30 dan ortiq mamlakat va qochqinlar qabul qilingan to'qqizta mintaqada amalga oshirish uchun mablag' kerak bo'ladi.

Cheksiz to'qnashuvlar, iqlim o'zgarishi va uzoq yillik xalqaro gumanitar qonunlarga ochiqchasiga e'tibor bermaslik kelgusi yilda hayot uchun zarur yordamga muhtoj odamlar soni 305 millionga yetishini anglatadi, dedi u.

“Biz ko'p qirrali global inqirozga duch kelyapmiz va buning hisobini sayyoradagi eng zaif odamlar to'lamoqda. Mojarolar uzoqroq, shiddatli va shafqatsiz bo'lib bormoqda”, dedi Fletcher.

Oxirgi hisob-kitoblarga ko'ra, dunyo bo'ylab 123 millionga yaqin odam mojarolar tufayli o'z uyini tashlab ketishga majbur bo'lgan: “Ushbu guruh orasida bolalarga nisbatan huquqbuzarliklar rekord darajada. Men buni Sudanda ko'rganman. Har besh boladan biri mojaro zonasida yashaydi”.

“Gap G'azo, Ukraina, Sudan, Suriyadagi mojarolarning faqatgina shafqatsizligida emas, bu xalqaro gumanitar huquqni ataylab mensimaslik bilan ham bog'liq, dedi Fletcher.

BMT hisob-kitoblariga ko'ra, 2025-yilda ushbu maqsadlar uchun eng ko'p mablag' Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika (15,9 milliard dollar), Janubi-Sharqiy Afrika (11,9 milliard dollar), G'arbiy va Markaziy Afrikada (7,6 milliard dollar) yashovchi aholi uchun kerak bo'ladi.

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»

Powered by GSpeech