BMT: 2050 yilga kelib qurg‘oqchilik dunyo aholisining 75 foiziga ta’sir ko‘rsatishi mumkin

5 iyun – Jahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni

Har yili 5 iyun Jahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni sifatida nishonlanadi.

Ushbu sanada barcha ekologlar, atrof-muhit muhofazasi tashkilotlari jahon hamjamiyati e’tiborini ekologik muammolarga jalb qiladi, shuningdek sohaga siyosiy qiziqishni, ayni yo‘nalishdagi tegishli qadamlarni rag‘batlantirishni targ‘ib etadilar.

1972 yil 5 iyun kuni inson muhiti muammosi bo‘yicha Stokgolm konferensiyasi boshlangan.

Bosh Assambleya o‘z rezolyutsiyasida BMT tizimidagi davlatlar va tashkilotlarni har yil shu kuni atrof-muhitni asrash va yaxshilashga sodiqligini tasdiqlovchi tadbirlar o‘tkazishga chaqiradi.

2024 yil Jahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni “Bizning diyor. Bizning kelajak”, “Vaqtni orqaga qaytara olmaymiz, lekin o‘rmonlarni o‘stirishimiz, suv manbalarini, sog‘lom tuproqni tiklashimiz mumkin. Biz yer bilan tinchlik o‘rnatishga qodir avlodmiz”, shiorlari ostida o‘tkazildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (YUNEP) boshchiligida 1973 yildan beri muntazam o‘tkazib kelinayotgan bu kun endilikda butun dunyo bo‘ylab millionlab odamlar sayyoramizni muhofaza qilishda ishtirok etadigan eng yirik global ekologik platformaga aylangan.

Joriy yil Saudiya Arabistoni tadbirlarga mezbonlik qildi. 2024 yil BMT Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi qabul qilinganiga 30 yil to‘ladi. Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, yer yuzi ekologiya tizimi xavf ostida, o‘rmon, quruqlikdan tortib, qishloq xo‘jaligi yerlari va ko‘llar – insoniyat bilan bog‘liq tabiiy bo‘shliqlar qaytarib bo‘lmaydigan holatga yaqin.

Konvensiyasiga ko‘ra, sayyoramizda yerning 40 foizi degradatsiyaga uchragan va bu jami aholining yarmiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. 2000 yildan beri qurg‘oqchilik davomiyligi 29 foiz oshdi. Agar shoshilinch choralar ko‘rilmasa, 2050 yilga kelib qurg‘oqchilik dunyo aholisining 75 foizdan ko‘proq qismiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Yerni qayta tiklash BMTning ekologiya tizimini tiklash o‘n yilligi (2021-2030) shartlaridan biridir. Mazkur o‘n yillikning maqsadi har bir qit’a va okeanda ekotizim degradatsiyasining oldini olish, ushbu jarayonni to‘xtatish va qaytarishdir.

BMT shu asrda global isishni 1,5°C dan past darajada ushlab turish va 2030 yilga kelib, yillik issiqxona gazi chiqindisini ikki barobar kamaytirish zarurligini ta’kidlamoqda. Harakat qilinmasa, havoning xavfsiz darajadan yuqori ifloslanishi o‘n yil ichida 50 foiz oshadi va 2040 yil suv ekotizimiga kiruvchi yelim chiqindi miqdori uch barobar ortadi.

Jahon atrof-muhit kuni munosabati bilan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ekotizim buzilishiga qarshi kurashni kuchaytirishga chaqirdi.

– Ifloslanish, iqlim betartibligi va biologik xilma-xillik yo‘qolishi sog‘lom yerni cho‘lga, gullab-yashnagan ekotizimni o‘lik hududga aylantirmoqda, – dedi u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida. – Mamlakatlar buzilgan ekotizimni tiklash bo‘yicha majburiyatini bajarishi kerak. Harakatsizlik juda qimmatga tushadi.

YUNESKO ham atrof-muhit ifloslanishining halokatli oqibatiga e’tibor qaratdi:

– Tabiat azob chekmoqda. Okean yelim idish bilan to‘lgan. Qurg‘oqchilik, o‘rmon yong‘ini va toshqin butun yer yuzidagi hayotga tahdid solyapti. Bugun qilgan ishimiz ertaga dunyomizni qutqarishi mumkin. Tabiat bilan murosa qilish vaqti keldi.

Bir so‘z bilan aytganda, Jahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni barchani sayyoramiz oldidagi mas’uliyat naqadar kuchli ekanini eslatib turadi. Har bir inson turmush tarzi haqida o‘ylashi, ekologiya muvozanatini saqlashga hissa qo‘shishini talab etadi.

G.Sattorova, O‘zA

Powered by GSpeech