Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Falastin bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Francheska Albaneze Isroil va uni qurol bilan ta’minlovchi davlatlarni G‘azodagi ommaviy qotilliklarni to‘xtatishga chaqirdi.
Albaneze X ijtimoiy tarmog‘ida Isroilning G‘azodagi pala-partish va shafqatsiz hujumlariga aloqador post e’lon qildi.
«Qanchadan-qancha bolalar ota-onalari va buvilari bilan birga ochlikdan o‘lgan, tiriklayin yoqib yuborilgan yoki G‘arbda ishlab chiqarilgan bombalar portlab ketganidan keyin plastik paketlarga solindi?» — dedi maxsus ma’ruzachi hamda Isroil va uni qurol bilan ta’minlovchi davlatlar to‘xtatilishi kerakligini ta’kidladi.
2023 yil 7 oktyabrdan beri Isroilning G‘azo sektoriga uyushtirgan hujumlarida halok bo‘lgan falastinliklar soni 52 243 nafarga yetdi, deyiladi Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligining bayonotida.
Birgina so‘nggi 24 soat ichida isroilliklarning eksklavdagi hujumlarida 51 kishi halok bo‘ldi, yana 115 kishi yaralandi.
19 yanvarda kuchga kirgan sulh bitimining buzilishi ortidan Isroil armiyasining 18 martdan beri uyushtirgan hujumlarida qurbon bo‘lganlar soni 2151 nafarga, yaradorlar soni 5598 nafarga yetdi.
2023 yil 7 oktyabrdan buyon Isroilning G‘azo sektoriga uyushtirgan hujumlarida yaralangan falastinliklarning umumiy soni 116 ming 432 nafarga yetdi.
Qayd etilishicha, halok bo‘lganlarning jasadlari hali ham vayron bo‘lgan binolar ostida qolmoqda.
Kun.uz
- Qo'shildi: 28.04.2025
- Ko'rishlar: 88
- Chop etish