Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

BMT rezolyutsiyasi parlamentlar uchun muhim siyosiy, huquqiy yo‘nalish bo‘ladi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 2026-yil 24-iyul kuni «Ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlar rolini kuchaytirish» nomli rezolyutsiya qabul qilindi. Uning mazmun-mohiyati, ahamiyati haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulchehra Tojiboyeva o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

— BMT Bosh Assambleyasining «Ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlar rolini kuchaytirish» rezolyutsiyasi bugungi murakkab va tez o‘zgarayotgan dunyoda parlamentlarning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni va mas’uliyatini yana bir bor aniq belgilab berdi.

Mazkur hujjat haqida to‘xtalganda, avvalo, bir jihatga e’tibor qaratish lozim: ijtimoiy rivojlanishni ta’minlash faqat iqtisodiy o‘sish yoki ijtimoiy to‘lovlarni ko‘paytirish bilan cheklanmaydi. Uning zamirida insonning munosib hayot kechirishi, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi, mehnat qilishi, sifatli ta’lim olishi va jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi uchun zarur sharoitlarni yaratish kabi keng qamrovli vazifalar mujassam.

Rezolyutsiyada belgilangan kambag‘allikka barham berish, to‘liq va samarali bandlikni ta’minlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratish hamda ijtimoiy moslashuvga erishish kabi ustuvor yo‘nalishlar bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Chunki insonning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi, munosib mehnat qilishi va jamiyatda teng imkoniyatlardan foydalanishi uning hayot sifatini belgilaydi. Shu ma’noda mazkur xalqaro yondashuv O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning inson qadri va ijtimoiy adolat tamoyillariga asoslangan mazmuni bilan uyg‘un ekanini alohida ta’kidlash o‘rinli.

Rezolyutsiyaning eng muhim jihatlaridan biri parlamentlarga milliy qonunchilikni ijtimoiy taraqqiyot maqsadlari nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish vazifasi yuklatilganidir. Bu bejiz emas. Chunki parlamentning asosiy vazifasi faqat qonun qabul qilishdan iborat emas. Har bir qonunning ortida inson taqdiri, oila farovonligi, ish o‘rni, ta’lim, sog‘liq, ijtimoiy himoya va kelajak masalasi turibdi. Shuning uchun qonun ijodkorligida «bu norma inson hayotiga qanday ta’sir qiladi?» degan savol doimo asosiy mezon bo‘lishi kerak.

Parlament aholi murojaatlarini o‘rganish, joylardagi muammolarni tahlil qilish, parlament nazoratini kuchaytirish orqali ijtimoiy siyosatning amaldagi natijadorligini baholaydi. Eng muhimi, fuqarolarning muammosi qonunchilik tashabbusiga, qonunchilik tashabbusi esa aniq yechimga aylanishi kerak.

Rezolyutsiyada sifatli va inklyuziv ta’lim ijtimoiy taraqqiyotning muhim poydevori sifatida e’tirof etilgani ham katta ahamiyatga ega. Bugun ta’limga kiritilgan sarmoya — bu ertangi taraqqiyotga kiritilgan sarmoya. Ayniqsa, yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish, ularni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash, xotin-qizlarning iqtisodiy va ijtimoiy faolligini oshirish, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun teng imkoniyatlarni kengaytirish — barqaror va adolatli jamiyat qurishning muhim shartlari.

Yana bir muhim masala — raqamli transformatsiya va sun’iy intellektning jadal rivojlanishi. Texnologiyalar inson hayotini yengillashtirishi, yangi ish o‘rinlari va imkoniyatlar yaratishi bilan birga, yangi huquqiy va ijtimoiy xatarlarni ham yuzaga keltirmoqda. Shu sababli parlamentlar oldida inson huquqlari, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, raqamli xavfsizlik, sun’iy intellektdan mas’uliyatli foydalanish va raqamli tafovutni qisqartirishga qaratilgan mustahkam huquqiy mexanizmlarni yaratish vazifasi turibdi.

Rezolyutsiyada 2025-yil aprel oyida Toshkent shahrida Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasi o‘tkazilgani va Toshkent deklaratsiyasi qabul qilingani alohida e’tirof etilgani ham O‘zbekiston uchun muhim ahamiyatga ega. Bu bir tomondan mamlakatimizning parlamentlararo muloqotdagi faol ishtiroki va xalqaro parlament diplomatiyasidagi nufuzi ortib borayotganini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan, Toshkentda ilgari surilgan inson manfaatlari, barqaror taraqqiyot va ijtimoiy adolatga qaratilgan tashabbuslarning xalqaro maydondagi ahamiyatini namoyon etadi.

Menimcha, mazkur rezolyutsiyaning eng muhim g‘oyasi shundaki, parlament jamiyatdagi o‘zgarishlarni kuzatib turuvchi emas, balki ularni qonunchilik orqali harakatga keltiruvchi muhim kuch bo‘lishi lozim. Bugun odamlar parlamentdan faqat yangi qonunlar emas, balki hayotida seziladigan natijalarni kutmoqda. Yaxshi qonun — bu qog‘ozda qolib ketadigan hujjat emas, balki insonning huquqini himoya qiladigan, uning imkoniyatlarini kengaytiradigan va hayotini yaxshilaydigan samarali mexanizmdir.

Shu nuqtai nazardan, BMTning mazkur rezolyutsiyasi parlamentlar uchun muhim siyosiy va huquqiy yo‘nalish vazifasini o‘taydi. U bizga ijtimoiy taraqqiyotning haqiqiy mezoni iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilangina emas, balki insonning o‘z hayotidan roziligi, munosib mehnat qilishi, sifatli ta’lim olishi, teng imkoniyatlarga ega bo‘lishi va o‘z kelajagiga ishonch bilan qarashi bilan o‘lchanishini yana bir bor eslatadi.

Shu bois, parlamentning har bir tashabbusi, har bir qonuni va har bir nazorat tadbiri markazida inson manfaati turishi zarur. Zero, kuchli parlament — bu faqat samarali qonun qabul qiladigan parlament emas, balki jamiyatning ovozini eshitadigan, muammoni ko‘radigan va uning yechimi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladigan parlamentdir.


      Muhtarama Komilova yozib oldi.

O‘zA

Nashr sanasi 20.08.2026 Ko'rishlar 95
Ulashish