AOKAda o‘tkazilgan brifingda Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili Axborot xizmati rahbari Dilnoza Yusupova yarim yillik faoliyat to‘g‘risida ma’lumot berdi:
Joriy yilning 1-yarmida Bolalar ombudsmani nomiga 885 ta murojaat kelib tushdi.
Bu 2024 yilning shu davriga nisbatan deyarli 2 barobarga, ya’ni 47% ga oshgan.
O‘z navbatida, 665 ta murojaat Bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, 160 tasi tegishliligi bo‘yicha yuborilgan, 60 ta murojaat takroriy bo‘lganligi tufayli ko‘rilmasdan qoldirildi, nazoratga olingan 61 ta murojaat esa ijobiy hal qilindi.
Shuningdek, murojaatlarning 20 tasi voyaga yetmagan shaxslar tomonidan yo‘llangan.
Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili 21 marotaba shaxsiy qabul o‘tkazilib, qabullar davomida 87 nafar fuqaro murojaati qabul qilindi.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi yuzasidan davlat organlari va tashkilotlarga 6 ta ta’sir hujjatlari, ya’ni 1 ta ogohlantirish, 3 ta xulosa va 2 ta sud hujjati ustidan protest keltirish to‘g‘risida iltimosnoma kiritildi.
O‘z navbatida, murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida bolalarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 2 ta jinoyat ishi hamda 5 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atildi. Bolaga jismoniy jazo qo‘llaganligi hamda o‘z kasbiy faoliyatiga sovuqqonlik bilan qaraganligi uchun 3 nafar pedagog xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.
Shuningdek, Bola huquqlari bo‘yicha vakil so‘rovlari asosida tergov organi tergovga qadar tekshiruvni to‘liq o‘tkazmaganligi tufayli jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish haqidagi 3 ta qaror prokuror tomonidan bekor qilinib, qayta o‘rganish uchun yuborilgan, farzandiga nisbatan ota-onalik majburiyatini bajarmaganligi yuzasidan 2 ta shaxsni ota-onalik huquqidan mahrum qilish bo‘yicha taqdimnoma kiritildi.
2) monitoring faoliyati yo‘nalishida bola o‘z ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan muassasalarga jami 8 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirilib, muassasada saqlanayotgan bolalar bilan 120 dan ortiq yakka va jamoaviy uchrashuv hamda suhbatlar o‘tkazildi.
Shuningdek, Internet tarmog‘i monitoringi davomida aniqlangan bola huquqlarining buzilishiga oid 185 ta holat mutasaddi davlat organlari bilan hamkorlikda tekshirilgan va bundan 60 ta holat bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka oid bo‘lib, o‘rganish natijasida 16 ta jinoyat ishi hamda 22 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atildi.
O‘z navbatida, davlat organlari va tashkilotlar faoliyatida monitoringlar natijasida aniqlangan bola huquqlari buzilishi yuzasidan jami 5 ta ta’sir hujjati – 1 ta taqdimnoma, 1 ta ogohlantirish va 3 ta xulosa kiritildi.
Bundan tashqari, fuqarolarning murojaatlari va bolaga qarshi jinoyatlarga oid sud xabarnomalari asosida Bola huquqlari bo‘yicha vakil va uning kotibiyati xodimlari 20 ta fuqarolik, jinoyat va ma’muriy ishlar yuzasidan sudlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi.
3) Bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan murojaatlarni ko‘rib chiqish, bolaning manfaatlari buzilganligi holatlarini o‘z tashabbusiga ko‘ra tekshirish bilan bog‘liq materiallarni umumlashtirish asosida Vazirlar Mahkamasiga 5 ta, Ichki ishlar vazirligiga 4 ta so‘rov xatlari kiritildi;
Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiyasi yig‘ilish muhokamasida ko‘rib chiqish uchun 13 ta masalaga oid takliflar kiritildi;
Inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar so‘rovlari yuzasidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaziga O‘zbekistonda bola huquqlari ta’minlanishining ayrim holatlari yuzasidan 12 ta ma’lumot kiritildi.
4) 2025-yilning fevral-mart oylarida Bola huquqlari bo‘yicha vakilning 2024 yilda bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan rioya etilishi holati haqidagi dastlabki ma’ruzasi Oliy Majlis palatalarining majlislarida ko‘rib chiqildi.
Ma’lumot uchun: Bola huquqlari bo‘yicha vakilning 2024 yilgi ma’ruzasini ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan Oliy Majlis Senatining 2025 yil 18-martdagi 101-son qarori qabul qilingan hamda unda ma’ruzadagi takliflarni amalga oshirish bo‘yicha davlat organlariga topshiriqlar belgilangan.
Bola huquqlari bo‘yicha vakilning bolaga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olishga doir faoliyatiga ko‘maklashish bo‘yicha maxsus ekspert guruhi tarkibi shakllantirildi.
6) Bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirishga oid 21 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalariga takliflar berildi.
Davlat organlari faoliyatini monitoring va tahlil qilish asosida davlat organlari va tashkilotlarga bola huquqlariga oid 11 ta tahliliy axborot kiritildi, mutasaddilar bilan hamkorlikda 2 ta qonun loyihasi ishlab chiqildi.
7) Bola huquqlari sohasida milliy qonunchilik va xalqaro standartlarni targ‘ib qilish, bola manfaatlari himoyasiga oid 1664 ta media-material jamoatchilikka e’lon qilindi. Shundan, bosma gazeta va jurnallarda 8 ta maqola, radio va televideniyeda 40 ta chiqish, elektron OAVlarda 160 ta rasmiy munosabat bildirilib, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar va Telegram kanallar orqali 1050 ta materiallar taqdim etildi.
8) Bola huquqlari himoyasi sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish yo‘nalishida qator tadbir va loyihalar tashkil etildi. Jumladan, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda 2025-yilning may oyidan “Bola huquqlari” malaka oshirish onlayn kursini ishlab chiqish va joriy etish yuzasidan amaliy loyiha olib borildi.
Mazkur kursning maqsadi - huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari, shuningdek, ijtimoiy xodimlar, pedagog va psixologlarning bola manfaatlarini ishonchli ta’minlash bo‘yicha malakasini oshirish; bola manfaatlari yo‘lida o‘zaro idoralararo ishlash mexanizmini samarali amalga oshirish institutsional salohiyatini shakllantirishdir.
Shuningdek, YEXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari va boshqa mutasaddilar uchun maxsus treninglar sikli loyihasi olib borilib, xususan, IIV tizimidagi tergovchilar va prokurorlar uchun hamda ta’lim sohasi vakillari uchun 2 ta amaliy trening tashkil etildi.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil MDHga a’zo davlatlarning Bola huquqlari bo‘yicha vakillari bilan izchil hamkorlik doirasida xorijiy davlat hududida turli ijtimoiy murakkab vaziyatda qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lgan bolalarni Vatanga qaytarish, zo‘ravonlikdan himoya qilish va uni sodir etgan shaxsga qonuniy chora ko‘rish, bolani vasiylikka berish, uning shaxsiga oid hujjatlarini rasmiylashtirish, bolaga tibbiy xizmat va ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatishga oid 15 ta holat o‘rganilib, Bolalar ombudsmanlarining o‘zaro hamkorlikdagi sa’y-harakatlari natijasida ijobiy hal etildi.
Xususan, ota-onasi va boshqa yaqinlari tomonidan berilgan murojaatlar asosida 5 nafar bola xorijdan O‘zbekistonga olib kelindi, 1 nafar bola o‘z yurtiga, Rossiya Federatsiyasiga qaytarildi.
Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Bolalar ombudsmanlari hamkorligidagi choralar natijasida RFning turli hududlarida qarovsiz qolib ketgan 16 nafar bolaga bo‘lib turgan manzilida barcha zarur shart-sharoitlar ta’minlanib, so‘ng ular O‘zbekistonga qaytarildi.
Bu Bolalar ombudsmanining 2025-yilning dastlabki yarim yildagi faoliyatiga doir ma’lumotlar haqida qisqacha tanishdingiz. Bola huquqlari bo‘yicha vakil bola manfaatlari himoyasi sohasida o‘z faoliyatini davom ettiradi.
Rasmiy xabarlar Telegram kanali
- Qo'shildi: 15.07.2025
- Ko'rishlar: 168
- Chop etish