Tashvishli holat
Xalqimiz bolajon. Ota-ona borki, o‘z farzandini ardoqlaydi, avaylaydi. Biroq so‘nggi yillarda ayrim ota-onalar va tarbiyachilar bolalarni urib kaltaklamoqda, hatto tan jarohati yetkazish holatlari ham uchrab turganligi nihoyatda tashvishlanarli holatdir. Bunday noxush xabarlar ommaviy axborot vositalarida ham tarqalmoqda.
Qayd etish kerakki, keyingi yillarda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari ko‘payib bormoqda. Ularning oldini olish, jabrlanuvchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilishning amaldagi huquqiy mexanizmlari yetarli darajada samarali emas edi.
Xalqaro tashkilotlarning tadqiqotlariga ko‘ra, dunyoda 1 milliardga yaqin bolalar jismoniy, jinsiy, ruhiy zo‘ravonlikka va g‘amxo‘rlikdan mahrumlikka duch kelishadi, jabrlangan bolalarning 80 foizi bu haqda hech kimga xabar bermaydi.
Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari ko‘paymoqda.
2021 yilda bolalarga nisbatan 1831 ta jinoyat sodir etilgani ma’lum bo‘lgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 20 foizga oshib, 2194 taga yetgan. Ushbu davrda bolaning jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlar soni 334 tadan 395 taga oshgan. Bunday jinoyatlarning aksariyati Farg‘ona (719), Samarqand, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida qayd etilgan.
So‘nggi uch yilda 2000 nafardan ortiq fuqaro sud qarori bilan ota-onalik huquqidan mahrum etilgan. Shundan 86 foizi ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlaganlik uchun javobgarlikka tortilgan.
Shuning uchun bu illatning oldini olish, unga qarshi samarali kurashish maqsadida O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati 15 avgust kuni bo‘lib o‘tgan majlisda «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunni ma’qulladi. Hujjat bilan zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan bolalarga himoya orderini berish tartibi belgilandi. U ichki ishlar organlari tomonidan 30 kungacha muddatga beriladi va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga yoki uning qonuniy vakiliga vakolatli davlat organi ishtirokida topshiriladi.
Zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining yoki uning qonuniy vakilining arizasiga ko‘ra, agar tahdid hali bartaraf etilmagan bo‘lsa, himoya orderining amal qilish muddati jinoyat ishlari bo‘yicha sud tomonidan 1 yilgacha uzaytirilishi mumkin.
Bolalar sodir etilgan zo‘ravonlik oqibatida yetkazilgan moddiy zararni qoplash va ma’naviy zararni qoplash talabi bilan sudga murojaat qilish, shuningdek, zo‘ravonlik masalalari bo‘yicha davlat organlariga bevosita yoki qonuniy vakil orqali murojaat qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Qonun ota-onalarning mas’uliyatini oshiradi. Unda ota-onalar bolalarning hayoti va sog‘lig‘ini asrashlari, ularga g‘amxo‘rlik qilishlari va zararli ta’sir ko‘rsatadigan axborotdan himoya qilishlari kerakligi nazarda tutilgan. Hujjatda bolalarni tarbiyalash jarayonida ularni jismoniy jazolash alohida taqiqlangan.
Qonunda birinchi marta zo‘ravonlik xavfi ostida bo‘lgan bolalarning 12 toifasi (yetimlar, qarovsiz bolalar, aqli zaif bolalar, fohishalik, tilanchilik bilan shug‘ullanuvchi bolalar, ta’lim va tarbiya talablariga javob bermaydigan sharoitlarda bo‘lgan bolalar, kam ta’minlangan oilalar farzandlari) aniq belgilanmoqda.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan, zo‘ravonlik xavfi ostida bo‘lgan bolalarni aniqlash, ularning hisobini yuritish va zarur hollarda ularga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha individual choralar ko‘rilishini ta’minlashga yordam beradi.
Choralarga tajovuzkor xulq-atvorni tuzatish va jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarning huquqlarini cheklash dasturlari kiradi.
Agentlik tomonidan jabrlanuvchilarga bepul yordam ko‘rsatish uchun kechayu kunduz ishlaydigan ishonch telefoni ham tashkil etiladi.
Hujjat bilan, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik shakllariga berilgan ta’riflar soni 3 tadan (jismoniy, jinsiy, ruhiy) 6 taga (g‘amxo‘rlik qilmaslik, ekspluatatsiya, bulling) oshirildi.
Umuman olganda, bolalarni himoya qilish, ularning huquq va manfaatlarining ta’minlanishi jamiyatning bugungi va ertangi kunini belgilovchi masala sanaladi. Shunday ekan, bu oila—mahalla—jamiyat hamkorligini talab qiladi. Tizimni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish bilan bolalarni zo‘ravonlikning turli ko‘rinishlaridan asrash bo‘yicha ko‘plab muammolarga yechim topsa bo‘ladi.
Alisher JALILOV,
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Yakkasaroy tuman sudining raisi.
- Qo'shildi: 06.11.2024
- Ko'rishlar: 893
- Chop etish