Ba’zida ijtimoiy tarmoqlarda bolalarga nisbatan turli ko‘rinishdagi zo‘ravonlik va tazyiq holatlari ro‘y bergani aks etgan tasvirlarga ko‘zimiz tushib, dilimiz xira tortadi. Bu kabi vaziyatlarni bartaraf etish eng dolzarb masalalardan biridir.
Endilikda bolalarni zo‘ravonlik shakllaridan himoya qilish maqsadida ularga ham himoya orderi berilishi ko‘zda tutilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Loyihada bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar, ularning vakolatlari aniq belgilab berilyapti. Bunda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya tomonidan muvofiqlashtirilishi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi komissiyaning ishchi organi, qolaversa, qonun ijrosini ta’minlash bo‘yicha vakolatli organ etib belgilanishi taklif etilmoqda.
Shuningdek, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik shakllariga ta’rif berilib, ularni sodir etishni taqiqlash, qonunga binoan ta’qib qilishning huquqiy asoslarini mustahkamlash ko‘zda tutilmoqda.
Qonun loyihasi bilan ilk bor yangi institut — bolalarga himoya orderi berish taklif etilyapti. Order vakolatli organ tomonidan zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining qonuniy vakiliga yoki bolani o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxsga hamda zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining o‘ziga beriladi.
Fraksiya a’zolari ta’kidlaganidek, qonun loyihasi bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga murosasiz munosabatda bo‘lish, zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga xizmat qiladi.
M.Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 31.05.2024
- Ko'rishlar: 1484
- Chop etish