Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘tkazildi. Unda jamiyat hayotida muhim bo‘lgan bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.
Xususan, xalq vakillari ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqdi.
Mazkur qonun loyihasi bilan bir qator qonunlarga o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi, yolg‘iz keksa hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, xotin-qizlar va bolalarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning tegishli moddalari qo‘shimcha normalar bilan to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasida vakolatli organ etib belgilab qo‘yilmoqda.
O‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga shahar yo‘lovchilar transportidan (taksidan tashqari) bepul foydalanish huquqi berilmoqda.
Shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga qilingan homiylik mablag‘larini soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanmaydigan xarajatlar jumlasiga qo‘shish nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, uning hududiy bo‘linmalari tomonidan xotin-qizlar va bolalarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, og‘ir ahvolga tushib qolgan va og‘ir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar, shuningdek, oilalar manfaatlarini ko‘zlab fuqarolik va ma’muriy sudlarga arizalar, shikoyatlar, da’volar kiritilganda davlat bojini to‘lashdan ozod qilish belgilanmoqda.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
***
Majlisda bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi asosida ishlab chiqilgan —“O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, qonun loyihasi hozirgi globallashuv sharoitida O‘zbekiston suvereniteti va hududiy yaxlitligini muhofaza qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilash zaruratidan kelib chiqadi.
Qonun loyihasi bilan, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishi nomaqbul deb topish asoslari va tartibi belgilanmoqda.
Mazkur shaxslar tomonidan O‘zbekistonning davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga zid bo‘lgan; davlatlararo, ijtimoiy, milliy, irqiy hamda diniy adovatni keltirib chiqaruvchi; O‘zbekiston xalqining sha’ni, qadr-qimmatini yoki tarixini tahqirlovchi mazmundagi ommaviy chiqishlar qilish yoxud harakatlar sodir etish ularni O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishi nomaqbul deb topish uchun asos bo‘lishi belgilanmoqda.
Shuningdek, mazkur toifadagi chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga besh yil davomida O‘zbekistonga kirish, banklarda hisobvaraq ochish, ko‘chmas mulk sotib olish, davlat mulkini xususiylashtirishda ishtirok etish, moliyaviy va shartnomaviy munosabatlarga kirishishni taqiqlash taklif etilmoqda.
Qonun loyihasida mamlakatda bo‘lishi nomaqbul deb topilgan shaxslarni deportatsiya qilish asoslari va tartibi ham nazarda tutilgan.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.
***
Majlisda ko‘rib chiqilgan yer uchastkalaridan samarali foydalanish hamda sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ham qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Ta’kidlanganidek, joriy yilning o‘tgan davrida prokuratura va ichki ishlar organlari hamda boshqa idoralar bilan birgalikda yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash, noqonuniy foydalanish holatlariga qarshi kurashish bo‘yicha o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida 5 ming 968 ta holat aniqlangan. Bu kabi salbiy holatlarni bartaraf etish va ularning oldini olish maqsadida mazkur qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Ushbu qonun loyihasi bilan yer to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzganlik bilan bog‘liq qilmishlar uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda. Xususan, Jinoyat, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Jinoyat-protsessual kodekslarida yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish bilan bog‘liq jinoyatlar prokuratura organlarining tergoviga taalluqli ekanligi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, Iqtisodiy va Fuqarolik protsessual kodekslari cudlarda o‘zboshimchalik bilan egallangan davlat egaligidagi yer uchastkalarini qaytarish hamda noqonuniy qurilmalarni buzib tashlashga oid ishlarni ko‘rib chiqishning alohida tartibini belgilovchi normalar bilan to‘ldirilmoqda. Shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari fuqarolik va iqtisodiy sudlarga yer to‘g‘risidagi qonun buzilishi bilan bog‘liq ariza kiritganda davlat bojidan ozod etilishi belgilanmoqda.
Deputatlarning qayd etilishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi yer resurslaridan oqilona va maqsadli foydalanilishini ta’minlashga, yerlarni noqonuniy egallab olishning oldini olishga, yer qonunchiligiga rioya qilishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
***
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqilgan navbatdagi hujjat — “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlarini yanada mustahkamlash bo‘yicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bo‘ldi.
Qonun loyihasi bilan ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolani qonunga xilof ravishda diniy ta’lim olish jarayoniga jalb qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash, bunda O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasini qo‘shimcha bandlar bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.
Ya’ni, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bola qonunga xilof ravishda diniy ta’lim olish jarayoniga jalb qilinsa, BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha jarimaga tortiladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, BHMning 15 baravaridan 25 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi tayinlash belgilanmoqda.
Shuningdek, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolani qonunga xilof ravishda diniy ta’lim olish jarayoniga jalb qilishga, ya’ni bolani ro‘yxatdan o‘tkazilmagan yoki litsenziyaga ega bo‘lmagan tashkilotlar yoxud maxsus diniy ma’lumoti bo‘lmagan va diniy tashkilotlarning O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha markaziy boshqaruv organining ruxsatisiz diniy ta’lim berayotgan shaxslar ixtiyoriga diniy ta’lim olishi uchun topshirishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo‘yilmoqda.
Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi bolalarning ta’lim olish sohasidagi huquqlarini himoya qilish, ularning komil inson bo‘lib yetishishiga, diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari qurboniga aylanishining oldini olishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
***
Majlisda deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan — “Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham muhokamalar markazida bo‘ldi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda psixologiya yo‘nalishida maslahat berish, onlayn va oflayn formatda seminarlar o‘tkazish orqali xususiy tartibda psixologik yordam ko‘rsatish faoliyati keng tarqalyapti. Biroq, mamlakatimiz qonunchilik tizimida ushbu ijtimoiy munosabatlarning huquqiy asoslari belgilanmagan.
Xususiy tartibda psixologik yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslarga, psixolog yordam ko‘rsatish sifati va mazmuniga hamda psixologning xulq-atvoriga nisbatan talablar nazarda tutilmagan. Psixologik faoliyat bilan shug‘ullanish sohasini boshqarish va nazorat qilish tartibi mavjud emas. Mazkur qonun loyihasi esa aynan aholiga psixologik yordam ko‘rsatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilganligi bilan ahamiyatli.
Qonun loyihasi bilan mamlakatimizda aholiga psixologik yordam ko‘rsatishni huquqiy jihatdan tartibga solish, jumladan, psixologik yordam ko‘rsatish borasidagi asosiy tushunchalarning mazmunini huquqiy jihatdan mustahkamlash, aholiga psixologik yordam ko‘rsatishning asosiy prinsiplari, vazifalari, turlari, shakllari hamda standartlari belgilanmoqda.
Bunda, psixologik yordam ko‘rsatish standartlari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi hamda psixologik yordam ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxs rahbari psixologiya sohasida oliy ma’lumotga ega bo‘lishi kerakligi nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, psixologik yordam ko‘rsatish sohasi ishtirokchilarining huquq va majburiyatlarini belgilash, bepul psixologik yordam ko‘rsatiladigan shaxslar toifalarini aniqlashtirish, aholiga psixologik yordam ko‘rsatish sohasidagi professional uyushmalari faoliyatining huquqiy asoslarini yaratish ko‘zda tutilyapti.
Bundan tashqari, ta’lim tashkilotlarida psixologik yordam ko‘rsatish, ushbu sohadagi tadqiqot va ilmiy tajribalar o‘tkazish masalalari hamda psixologik yordam ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan psixologik yordam ko‘rsatganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralari belgilanmoqda.
Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks psixologik yordam ko‘rsatish tartibini buzganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qo‘shimcha normalar bilan to‘ldirilmoqda. Endilikda, psixologik yordamni bunday huquqqa ega bo‘lmagan shaxs tomonidan ko‘rsatish yoxud psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha qonunlarda belgilangan cheklovlarga rioya etmaslik fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish bilan bog‘liq ishlar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rib chiqilishi taklif etilmoqda.
Taklif etilayotgan qonun loyihasining qabul qilinishi aholiga psixologik yordam ko‘rsatish sohasining huquqiy asoslarini yaratilishi, fuqarolarning psixologik yordam olishga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, xususiy amaliyot olib borayotgan psixologlarning qonuniy faoliyat olib borishi ta’minlashga xizmat qiladi.
Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
***
“Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 11-moddasiga qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Mazkur qonun loyihasi bilan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan turar joy bilan ta’minlashda mazkur ko‘chmas mulklarni ularning nomiga rasmiylashtirish bo‘yicha notarial harakatlarni amalga oshirish jarayonida davlat bojini to‘lashdan ozod qilish belgilanmoqda.
Amaldagi qonunga ko‘ra, uy-joylar Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyat markazlarida joylashgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari, agar boshqa aholi punktlarida joylashgan bo‘lsa bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida davlat boji to‘lanishi belgilangan.
Shu munosabat bilan, qonun loyihasining notarial harakatlar amalga oshirilganda davlat bojini to‘lashdan ozod etish to‘g‘risidagi 11-moddasi “yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar – ularga davlat tomonidan ikkilamchi bozordan olib berilgan uy-joylar ularning nomiga rasmiylashtirib berilganligi uchun”, degan qo‘shimcha band bilan to‘ldirilmoqda.
Munozaralar davomida xalq vakillari mazkur qonun loyihasining ahamiyatiga to‘xtalib, unda nazarda tutilayotgan ayrim normalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Ushbu hujjat yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani, uning hayotga tatbiq etilishi esa ming-minglab bolalarni orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishga turtki bo‘lishini alohida qayd etdilar.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
O‘zA
- Qo'shildi: 26.06.2024
- Ko'rishlar: 1480
- Chop etish