Byudjet mablag‘larini ortiqcha sarf-xarajat qilish holatlari ko‘paygan

2024 yil 3 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2023 yildagi hamda 2024 yilning birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqdilar.  

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri J.Qo‘chqorov bo‘ bo‘yicha ma’lumot berdi.  

Dunyoda davom etayotgan global siyosiy hamda iqtisodiy tebranishlarga qaramasdan mamlakatda keng qamrovli islohotlarning izchil davom ettirilishi, tadbirkorlar uchun qulay muhit va imkoniyatlar yaratilayotgani, fiskal va monetar siyosatning o‘zaro muvozanatli olib borilishi O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror o‘sish sur’atlarini ta’minlash imkoniyatini bermoqda.  

O‘tgan davrda tadbirkorlar faolligining oshishi hamda investitsiyaviy faollikning kuchayishi iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida ijobiy o‘sish sur’atlari barqarorligini ta’minlashga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.  

Xususan, 2023 yil yakunlariga ko‘ra, yalpi ichki mahsulotning hajmi 2022 yilga nisbatan 6 foizga, iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlari bo‘lgan xizmat ko‘rsatish 6,8, qurilish 6,4 hamda sanoat 6, tadbirkorlik sub’ektlarining soni 10,6 foizga o‘sgan. Shuningdek, inflyatsiya darajasi belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari darajasida qayd etilib, tashqi savdo aylanmasi 62,6 milliard dollarga teng bo‘ldi.  

Majlisda qayd etilganidek, 2023 yil yakunlari ijrosida Davlat byudjeti daromadlari o‘tgan yilga nisbatan 115,0 foizga, Davlat byudjeti xarajatlari 118,8 foizga bajarilgan. Davlat byudjeti mablag‘larining 48,8 foizi ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirishga sarflanib, ushbu xarajatlarning 89,1 foizi ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, shuningdek uy-joy bilan ta’minlash dasturlarini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan.  

Jumladan, 2023 yilda ta’lim-tarbiya sohasida islohotlarni yanada chuqurlashtirish, ta’lim standartlari va dasturlarini takomillashtirish, umumta’lim maktablari, professional ta’lim muassasalari va oliy o‘quv yurtlarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash masalalariga katta e’tibor qaratildi. Ijtimoiy soha xarajatlarining 44,6 foizi yoki 61,2 trillion so‘mi yo‘naltirildi. Davlat-xususiy sherikchiligi asosida tashkil etilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlariga 2,7 trillion so‘m subsidiyalar uchun mablag‘ ajratilgan. Buning natijasida, o‘tgan yil yakunida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 27,2 mingni tashkil etib, unda qamrab olingan bolalarning soni 2 169,5 ming nafarga yetdi.  

Shu bilan birga kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi, moddiy yordam va kompensatsiya to‘lovlari uchun 2023 yil davomida Davlat byudjetidan 19,2 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan. Ijtimoiy nafaqa oluvchi oilalar o‘rtacha soni 2 203,7 mingga, ijtimoiy nafaqa oluvchi oilalar soni jami oilalarga nisbatan 22,6 foizni tashkil etgan.  

Majlisda byudjet mablag‘larini ortiqcha sarf-xarajat qilish holatlari ko‘paygani qayd etilib, ayrim xato va kamchiliklarga e’tibor qaratildi. Hisobot davrida xarajatlar uchun byudjetdan yetarlicha mablag‘lar ajratilishiga qaramasdan ayrim vazirlik va idoralar xarajatlar rejasini past darajada ijro etganligi deputatlarning haqli e’tiroziga sabab bo‘ldi.  

Jumladan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Sog‘liqni saqlash, Sport, Qishloq xo‘jaligi hamda Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirliklarida xarajatlar rejasi to‘liq ijro etilmagan.  

Qizg‘in muhokamalar davomida deputatlar Hukumatni Davlat byudjetining ijrosida natijadorlikka erishishga alohida e’tibor qaratish, mas’ul vazirliklar va idoralar rahbarlari zimmasiga byudjetdan yo‘naltirilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishiga shaxsiy mas’uliyat va javobgarlik yuklatish hamda ta’sirchan choralar ko‘rish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi.  

Majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2023 yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot yuzasidan qarori qabul qilindi.  

***

Deputatlar shu kunning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2024 yil birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ham ko‘rib chiqdi.  

Majlisda ta’kidlanganidek, dunyoda davom etayotgan siyosiy va iqtisodiy noaniqliklar kuzatilayotgan sharoitda mamlakatimizda 2024 “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da ham yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlari ta’minlanib, yalpi ichki mahsulot hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,2 foizni, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish 6,5 foizni, asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmining o‘sishi esa 74,5 foizga tashkil etgan. Davlat byudjeti daromadlari tushumi rejaga nisbatan 111,3 foizga oshirib bajarilgan.  

Mamlakatimizda aholining daromadlari va turmush darajasini oshirib borish siyosatiga amal qilingan holda Davlat byudjeti ijtimoiy xarajatlarining 89,5 foizi ijtimoiy sohani rivojlantirish va aholini ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash xarajatlariga yo‘naltirilgani, aholini uy-joy bilan ta’minlash hamda aholi bandligi darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganini deputatlar yurtimizda ijtimoiy davlat prinsiplariga amal qilinayotganligining namunasi sifatida baholadi.  

Deputatlar erishilgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda ayrim xato va kamchiliklarga ham e’tibor qaratdi. Hisobot davrida vazirlik va idoralar tomonidan xarajatlar rejaga nisbatan past darajada ijro etilgani deputatlarning e’tirozlariga sabab bo‘ldi.  

Xususan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan eshitish moslamalari, bolalarni va tug‘ish yoshidagi ayollarni profilaktik maxsus preparatlar bilan bepul ta’minlash hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilash bo‘yicha ajratilgan mablag‘larning sarflanishi yuzasidan yetarlicha ishlar amalga oshirilmagan.  

Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan talabalar turar joylari uchun ajratilgan mablag‘lar 8,4 foizga ijro etilgan. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan cho‘l, tog‘li va tog‘oldi hududlarda cho‘llanish va qum ko‘chishi, tuproqning suv va shamol eroziyasining oldini olish hamda ekologik muhitni yaxshilash maqsadida himoya o‘rmonlarini (ihota) barpo etish xarajatlari 1,2 foizga, hayvonot va o‘simlik dunyosi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va chiqindilarni utilizatsiya qilish joylarining davlat kadastrlarini yuritish xarajatlari 15 foizga bajarilgan.  

Transport vazirligi tomonidan ob’ektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qo‘yilmalarga ajratilgan mablag‘lar 16 foizga ijro etilgan xolos.  

Qizg‘in muhokamalarda deputatlar vazirliklar va idoralar tomonidan keyingi choraklarda davlat byudjeti mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish, byudjet xarajatlari natijadorligini oshirish, davlat va rivojlantirish dasturlari ijrosini ta’minlash borasida tizimli choralar ko‘rilishi yuzasidan taklif va tavsiyalar berdi.  

Majlis yakunida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2024 yil birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.  

O‘zA

Powered by GSpeech