“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun davlat organlari va davlat muassasalariga jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.
Qonunda jismoniy va yuridik shaxslar davlat organlariga murojaat etish huquqiga ega ekani kafolatlangan. Murojaat etish huquqi ixtiyoriy amalga oshiriladi. Hech kim biron-bir murojaatni himoya qilishga yoxud unga qarshi qaratilgan harakatlarda ishtirok etishga majbur qilinishi mumkin emas.
Murojaatlar og‘zaki, yozma yoxud elektron shaklda, arizalar, takliflar va shikoyatlar tarzida bo‘lishi mumkin.
Davlat organlari murojaatlarni ko‘rib chiqishda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari talablariga rioya etishi, ularning to‘liq, xolisona va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi uchun choralar ko‘rishi zarur. Jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari, erkinliklari tiklanishini hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha davlat organlari xodimlari o‘z vakolatlari doirasida choralar ko‘rishi shart.
Adliya vazirligida «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonun talablarining bajarilish holati hamda tizimda bu borada rahbarlarning shaxsiy javobgarligini yanada oshirishga qaratilgan seminarda shu haqda gap bordi.
Seminarda adliya organlari va muassasalari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar tanqid qilindi. Erishilayotgan natijalar va sohani rivojlantirishga oid kelgusidagi rejalar ko‘rib chiqildi.
N.Abduraimova,
O‘zA
- Qo'shildi: 28.11.2024
- Ko'rishlar: 692
- Chop etish