O‘zbekistonda davlat tomonidan ta’minlanadigan protez moslamalari va reabilitatsiya vositalarining turlari 18 tadan 30 taga kengaytiriladi.
“Muhtoj shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
2024 yil 1 maygacha davlat tomonidan kafolatlangan tarzda ta’minlanadigan protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalarining turlari 18 tadan 30 taga kengaytiriladi.
2024 yil 1 maydan protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari xaridi uchun davlat tomonidan muhtoj shaxslarga qoplab beriladigan mablag‘lar miqdorini bozor konyunkturasidan kelib chiqib o‘rtacha 3 baravargacha, ayrim vositalarning turlari esa 10 baravargacha oshiriladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning protez moslamalari va reabilitatsiya vositalariga muhtojligi alohida tibbiy xulosa rasmiylashtirmasdan nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma asosida belgilanadi.
Nogironlik guruhiga ega bo‘lmagan pensiya yoshidagi shaxslarning protez moslamalari va reabilitatsiya vositalariga muhtojligi to‘g‘risidagi tibbiy xulosa “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimida rasmiylashtiriladi.
2024 yil 1 maygacha Toshkent shahri va Samarqand viloyatida, 2024 yil 1 oktyabrgacha respublikaning boshqa barcha hududlarida muhtoj shaxslarni protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari bilan vaucher asosida ta’minlash tartibi joriy etiladi.
Kun.uz
- Qo'shildi: 29.02.2024
- Ko'rishlar: 2310
- Chop etish