Oliy Majlis delegatsiyasi YEXHT Parlament Assambleyasining yozgi sessiyasida ishtirok etmoqda

Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi R. Alimov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi delegatsiyasi Buxarest (Ruminiya)da bo‘lib o‘tayotgan YEXHT Parlament Assambleyasining yozgi sessiyasida ishtirok etmoqda.

Tadbirda YEXHTning 53 ta ishtirokchi davlatidan 300 dan ortiq parlament aʼzolari va hamkorlik bo‘yicha sheriklar ishtirok etmoqda.

Sessiya doirasida Terrorizmga qarshi kurashish maxsus qo‘mitasi majlisi hamda Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi muammolariga bag‘ishlangan seminar ham o‘tkazildi. Assambleyaning uchta qo‘mitasi yig‘ilishlarida esa ishtirokchi davlatlar tashabbus qilgan rezolyutsiya loyihalari ko‘rib chiqilmoqda.

Sessiyada parlament aʼzolari YEXHT PAning Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligida ilk bor tashabbus qilingan “Mintaqaviy hamkorlik va parlament muloqotini rivojlantirish orqali Markaziy Osiyo mintaqasida iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligining ko‘p qirrali oqibatlarini bartaraf etish” rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatladilar.

Mazkur rezolyutsiya jahon hamjamiyatini mintaqaning ekologik muammolariga jalb etish, Orol ekologik inqirozi oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan hamkorlikdagi harakatlarni ishlab chiqishda muhimligi taʼkidlandi. Rezolyutsiyada O‘zbekiston hukumati tomonidan kelishilgan loyihalarni amalga joriy etish bo‘yicha ko‘rilayotgan tizimli chora-tadbirlar ijobiy baholandi.

Sessiya kun tartibidan YEXHT makonidagi nizolarni hal etish, ekologiya,  inson huquqlarini muhofaza qilish, saylov jarayonini tashkil etish bo‘yicha tajriba almashish, shuningdek, qator tashkiliy va kadrlar masalalarini hal etish, jumladan, byudjetni tasdiqlash va tashkilotning mansabdor shaxslarini saylash kabi masalalar o‘rin olgan.

YEXHT PAdagi turkiy tilli davlatlar delegatsiyalarining uchrashuvi ham o‘tkazildi. Unda tomonlar Assambleya maydonida hamkorlikni chuqurlashtirish masalalarini muhokama qildilar.

YEXHT PA sessiyasi joriy yilning 4 iyuliga qadar davom etadi.

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY MAJLISI SENATI

Powered by GSpeech