Andijonda Yangi O‘zbekiston shukuhi har bir tuman, har bir mahallada sezilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 15-16 aprel kuni Andijon viloyatida bo‘ldi.

16 aprel kuni Buloqboshi tumanida davlatimiz rahbari raisligida Andijon viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.

Andijonda yangi O‘zbekiston shukuhi har bir tuman, har bir mahallaga kirib borayotgani qayd etildi. O‘tgan yili viloyatda 4 mingdan ziyod yangi tadbirkor ish boshlagan. 450 ming aholi ishli bo‘lgan. 

Viloyatda 1,5 million kvadrat metr turar joy va 850 ming kvadrat metr noturar joylar qad ko‘tardi. Buning hisobiga, o‘tgan yili savdo va xizmatlar 13 foizga, sanoat 7,5 foizga oshdi. 

Lekin hayot bir joyda to‘xtab turmaydi. Andijonda iqtisodiy salohiyat, yangi loyihalar va tashabbuslar ko‘p.

Yig‘ilishda kichik va o‘rta tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiya va eksportni ko‘paytirish, qurilish, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish borasidagi vazifalar muhokama qilindi.

Avvalo, 2025 yilda Andijon viloyatida kamida 6 foiz iqtisodiy o‘sishni ta’minlab, yalpi hududiy mahsulotni 105 trillion so‘mdan oshirish, 305 ming aholini band qilib, 150 ming odamni kambag‘allikdan chiqarish imkoniyati ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, Andijonda dastgohsozlik sanoati yaxshi shakllangan. Lekin ikki yilda viloyatga chetdan 1 milliard dollarlik asbob-uskunalar import qilingan. Agar ularni o‘zimizda tayyorlash o‘zlashtirilsa, iqtisodiyotga qo‘shimcha tushum, odamlarga ish o‘rni bo‘ladi. Bunday tashabbuskorlarni qo‘llab, sertifikat va zarur buyumlar olishiga ko‘maklashish kerak.  

Shuningdek, mashinasozlik-konstruktorlik ishlab chiqarish markazlari tashkil etiladi. Sanoat tarmoqlarida talab yuqori bo‘lgan import uskunalarning texnik ko‘rsatkichlari o‘rganilib, mahalliy korxonalarga muqobillari taklif qilinadi. Bunday uskunalarni mahalliylashtirish istagidagi tadbirkorlarga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi.

Viloyatdagi 13 ming gektar adirga suv chiqarib, bemalol ekin ekish mumkin. Lekin u yerlarga suv chiqarishda nasos ishlatish uchun elektrni narxi dehqonlarga og‘irlik qiladi. Shu bois quyosh paneli o‘rnatish uchun moliyaviy instrumentlar qo‘llanadi. Qo‘rg‘ontepada 300 gektar adirlikda sanoat usulida intensiv bog‘ va uzumzor barpo etilib, tadbirkorlarga tayyor holda taklif qilinadi.

Boshqa hududlardagi samarasiz issiqxonalar Andijonga ko‘chirilib, aholiga lizingga beriladi. Mahallalarga arzon urug‘ va mineral o‘g‘it yetkaziladi. 

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Baliqchi va Oltinko‘lda 5 gektardan issiqxona tashkil etib, 100 ta ehtiyojmand oilani daromadli qilgan. Endi bu Ulug‘nor, Paxtaobod, Xo‘jaobod, Marhamat va Andijon tumanlarida ham yo‘lga qo‘yiladi. Bunday zamonaviy issiqxonalarni namunaviy tashkil qilgan mahalla raislariga 100 foiz ustama beriladi.

Viloyatdagi sun’iy suv havzalarining atigi 23 foizida intensiv usulda baliq yetishtirilayapti, xolos. Osiyo taraqqiyot bankidan 15 million dollar jalb etib, 320 gektarda intensiv usulda baliq yetishtirish, 500 ta xonadon bilan kooperatsiya qilish loyihasi ishlab chiqilgan. Mutasaddilarga bu loyihani nazoratga olish, umuman, respublikada baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Andijonda turizm salohiyati ham yuqori. Xonoboddagi Kampirovot, Buloqboshidagi Shirmonbuloq, Xo‘jaoboddagi Tosh ota mahallalarida turizm maskanlari tashkil qilib, sayyohlarni ko‘paytirish imkoniyati bor. Bu yil sohada 125 million dollarlik 25 ta loyihani yakunlash, 3,5 million xorijiy va mahalliy sayyoh jalb qilib, turizm eksportini 200 million dollardan oshirish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda investitsiya va eksport masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu yil xorijiy investitsiyalar hajmi 3,1 milliard dollarga yetkazilishi, 1 milliard dollarlik 23 ta yirik, 321 ta kichik va o‘rta loyiha ishga tushirilishi qayd etildi. Eksportni 1,5 milliard dollarga, mahalliylashtirish hajmini 10 trillion so‘mga olib chiqish imkoniyati bor.

Har yili Andijondan Qirg‘izistonga 200 million dollarlik eksport bo‘layapti. Chegaradan 5 ming dollarlikkacha bo‘lgan mahsulotni qo‘lda olib o‘tishga ruxsat berilgani natijasida yana millionlab dollarlik tovar sotilayapti. O‘zaro savdoni kengaytirish uchun Qo‘rg‘ontepa va Xo‘jaobodda erkin savdo va sanoat zonalari tashkil qilish taklifi bildirildi. 

Viloyatdagi 360 ta bo‘sh va samarasiz ko‘chmas mulkni qulay shartlarda auksionga chiqarib, tadbirkorlik loyihalariga zamin yaratish muhimligi ta’kidlandi.  

Suv oqimi yuqori bo‘lgan ariq va kanallarida 75 megavatt quvvatga ega kichik va mikro GESlar qurish imkoniyati bor. Bunda qatnashadigan tadbirkorlarga 3 yil imtiyozli davr bilan 7 yilga 12 foiz stavkada kredit beriladi.

Qurilish va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha ham vazifalar ko‘p. Xususan, bu yil 9 ming 700 xonadonli 245 ta ko‘p qavatli uy quriladi. Bu sohada 10 ming nafar aholining bandligi ta’minlanadi. Ming kilometrdan ziyod yo‘l va ko‘priklar ta’mirlanadi. 

Xonobod – Andijon magistral suv quvurining quvvati yetishmasligi sababli 6 ta tumandagi 510 ming aholiga suv yetkazib berishda muammolar bor. Shu bois Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida ushbu quvurning 2-tarmog‘ini qurish zarurligi ta’kidlandi. 

Qo‘shni davlatlar bilan bog‘lovchi yo‘llarning o‘tkazuvchanligini oshirish, Andijon shahri bilan tumanlar o‘rtasida jamoat transportini rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Ijtimoiy yo‘nalishlar aholi turmushida bevosita aks etadi. Andijonda bu yil yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti ulushi 40 foizga yetkaziladi. 15 ming nafar texnikum bitiruvchisining bandligi ta’minlanadi. 6 ming talaba dual ta’lim bilan qamrab olinadi. Oliy ta’limning muhandislik, tibbiyot, iqtisodiyot, agrar yo‘nalishidagi 4 ta ta’lim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.

Shu maqsadda, jumladan, tibbiyot ta’limi va turizmini rivojlantirish, mahallalarda tunu kun xizmat ko‘rsatadigan xususiy tibbiyot punktlarini ko‘paytirish choralari belgilandi.

Ma’lumki, salohiyati va ko‘nikmasini oshirgan maktab direktorlarini rag‘batlantirish yo‘lga qo‘yilgan. Endi bu tizim texnikumlarda ham joriy qilinadi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan har yili Bobur shahrida rassomlar festivali o‘tkaziladi. G‘oliblarga Prezident sovg‘asi sifatida avtomobil berilishi e’lon qilindi.

– Bugun Andijon rivojini yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha eng muhim vazifalarni belgilab oldik, barcha masalalarga to‘xtalib, viloyat uchun zarur mablag‘larni ham hal etdik, – dedi Shavkat Mirziyoyev. Agar barchamiz bir bo‘lib, hamjihat bo‘lib ish olib borsak, yutuqlarimiz yanada ko‘payadi, biz zabt etolmaydigan marraning o‘zi bo‘lmaydi, Andijon yanada obod bo‘ladi. 

Yig‘ilishda Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar va boshqa mutasaddilar o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha axborot berdi. Viloyat hokimi, 16 ta shahar va tuman hokimi aholi va tadbirkorlarni har kuni eshitib, hozirgi sur’atni saqlab qolishi, dunyodagi iqtisodiy tebranishlar sharoitida favqulodda mas’uliyat olishi lozimligi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng davlatimiz rahbari Buloqboshi tumanidagi “Fayz-M” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Mamlakatimizda xomashyoni qayta ishlab, qo‘shilgan qiymat yaratishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Mazkur korxona ham mato to‘qish, bo‘yash va tayyor trikotaj ishlab chiqarish yo‘nalishidagi yirik loyihalardan biri.

Bu yerda yiliga 4 million 200 dona, 50 turdagi mahsulotlar tayyorlanadi.  Mingga yaqin fuqaro ish bilan ta’minlangan.  Xodimlar malakasini oshirish ham e’tiborda. Buning uchun dizaynerlik markazi tashkil etilgan.

Turkiya, Germaniya va Xitoydan keltirilgan ilg‘or uskunalar ish unumdorligi va mahsulotlar sifatini ta’minlamoqda. Tayyor kiyim-kechaklarning katta qismi eksportga yo‘naltiriladi. Yillik eksport salohiyati 6 million dollarga yetgan.

Prezidentimiz ishlab chiqarish jarayonini va tayyor mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi. Sifat ko‘rsatkichlari ustida ishlab, qo‘shilgan qiymatni oshirish va eksport geografiyasini kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon shahridagi “Imkoniyatlar olami” hududiy ijtimoiy xizmatlar markazida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Mamlakatimiz Konstitutsiyasi, aholini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi asosida insonni qadrlash ko‘lami kengaydi, bu sohadagi xizmatlar ehtiyojmandlarga yaqinlashtirilmoqda. Ayni yo‘nalishdagi ishlarning davomi sifatida shu yil 3 fevralda “Nogironligi bo‘lgan bolalarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Uning ijrosi doirasida ilk bor Andijonda “Imkoniyatlar olami” hududiy ijtimoiy xizmatlar markazi ishga tushdi.

Qariyb 5 gektar maydonga ega muassasada ma’muriyat, faollar zali, inklyuziv ta’lim va kasbga o‘rgatish binolari, bolalar maydonchasi, sport majmuasi va suzish havzasi mavjud.

Bu yerda nogironligi bor bolalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga qatnov asosida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi. Jumladan, ijtimoiy va tibbiy reabilitatsiya xizmati, kasbga yo‘naltirish, xorijiy tillarni o‘qitish xizmatlari hamda kambag‘al oilalar bolalari uchun qo‘shimcha ta’lim xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.

Markazda 60 nafardan ziyod xodim faoliyat yuritadi. Ijtimoiy himoyaga muhtojlarni aniqlash hamda bu yerga yo‘naltirish «Inson» markazlari tomonidan amalga oshiriladi.

Prezident yurtimizda ilk bor tashkil etilgan erta aralashuv xizmati bilan tanishdi. Bu bo‘lim chaqaloqlikdan uch yoshgacha bo‘lgan bolajonlarni parvarishlashga ixtisoslashgan. Shu vaqtgacha bunday yoshdagi bolalar faqatgina ota-onasi qaramog‘ida bo‘lgan. Maxsus bog‘chalarga esa faqatgina 3 yoshdan keyin qabul qilingan. Endilikda homiladorlik vaqtida nogironlik xavfi aniqlansa, onalarga shu binoda xizmat ko‘rsatiladi. Bu ularning farzandlariga bo‘lgan e’tiborini mustahkamlashda ko‘maklashadi. Shuningdek, ular uchun psixologik maslahatlar beriladi.

Prezidentimiz markazdagi qo‘shimcha ta’lim xizmatiga mo‘ljallangan binodagi sharoitlar bilan tanishdi. U yerda nogironligi bor bolalarning maktabdan tashqari dars qilishlari, ilm olishlari, internetdan foydalanishlari uchun imkoniyatlar yaratilgan. Bundan tashqari, kambag‘allik reyestridagi oilalar farzandlari ham kelib, ingliz, rus, koreys va boshqa tillarni o‘rganishi mumkin. 

Ta’kidlash o‘rinliki, yilning o‘tgan davrida Andijon viloyatida 10 mingga yaqin kambag‘al oilalarning farzandi bog‘chalarga joylashtirildi, qariyb 29 ming nafariga tibbiy ko‘mak ko‘rsatildi, 20 ming nafari ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olindi. Bu esa ularning “oyoqqa turib”, ish bilan band bo‘lishiga yordam beradi. 

Markazda kunduzgi parvarish xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda nogironligi bo‘lgan insonlar jismoniy va aqliy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullantiriladi. Ularga ijtimoiy xodimlar qarab turishi natijasida oilasidagilarning "qo‘li bo‘shab", ishlashi mumkin bo‘ladi.

Mazkur bo‘limda parvarishlanayotgan fuqarolar bunday g‘amxo‘rlik tufayli hayotga qaytganini aytib, davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

– Bu e’tibor zamirida sizning sog‘lig‘ingiz, yaqinlaringizning dardu tashvishlari bor. Ko‘nglingiz ochilib, hayotga umid uyg‘onganini ko‘rib, xursand bo‘ldim. Bunday g‘amxo‘rlikni yanada kengaytirib boramiz. Sizlardan faqat sabr-toqat, ishonch va harakat zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ijtimoiy xizmatlar markazida sport majmuasi ham bor. Unda nogironligi bor bolalar uchun mo‘ljallangan badantarbiya xonasi, suv havzasi tashkil etilgan. E’tiborli jihati, mashg‘ulot qurilmalari AQSH va boshqa xorijiy davlatlardan keltirilgan bo‘lib, adaptiv sportga mo‘ljallangan. Suv havzasi ham bolalarning yoshiga monand alohida qulayliklarga ega. 

Davlatimiz rahbari imkoniyati cheklangan bolalarni sog‘lomlashtirish, katta yoshdagi insonlarni o‘ziga mos hunar va mashg‘ulotlarga jalb etish muhimligini ta’kidladi.

Prezidentimiz Andijon viloyatidagi ijtimoiy xizmatlar markaziga tashrifi chog‘ida sport sohasi va olimpiya harakatiga oid taqdimot bilan ham tanishdi.

Bugungi kunda yurtimizda 10 milliondan ziyod aholi ommaviy sport bilan shug‘ullanmoqda. Tumanlarda, ta’lim va mehnat jamoalarida turli musobaqalar o‘tkazilmoqda.

Endi bu ko‘rsatkichni 15 millionga yetkazish maqsad qilib qo‘yilgan. Buning uchun “Mahalla ligasi”, “Maktab ligasi”, “Talabalar ligasi”, “Vazir kubogi” va “Kasaba uyushmalari kubogi” kabi musobaqalar tashkil etiladi.

Shu yil 13 fevral kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida sportchi yoshlarni saralash va mahoratini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi. Shunga muvofiq, seleksiya, sport ta’limi va olimpiya tizimini yangi bosqichga olib chiqish ishlari boshlangan.

Bunda hududlardagi 254 ta sport maktabi, olimpiya yo‘nalishlariga ixtisoslashgan 56 ta sport maktabi milliy terma jamoalarga asosiy zaxira bo‘ladi. Joylardan saralangan yoshlar tana antropometriyasi va qobiliyatidan kelib chiqib, maqsadli tayyorlanadi.

Ularni pishitib borish uchun yiliga ikki marta “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalar tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Viloyat bosqichi g‘oliblari har yili dekabrda Olimpiya shaharchasida o‘tkaziladigan “Prezident Olimpiadasi”da ishtirok etadi. Musobaqa g‘oliblari uy, avtomobil kabi qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Birinchi va ikkinchi o‘rinni olgan sportchilar Respublika olimpiya va paralimpiya markaziga qabul qilinadi.

Prezidentimiz sport ta’limida vertikal tizimni takomillashtirib, ilg‘or uslub va yondashuvlarni  tatbiq qilish zarurligini ta’kidladi. Sport maktablarining natijadorligini oshirish, qobiliyatli yoshlarni yetuk sportchilar etib tarbiyalash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Davlatimiz rahbari Andijon viloyatiga tashrifi davomida hududda investitsiya loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirayotgan xorijiy kompaniyalar vakillari bilan uchrashdi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, bu yil Andijonda quvvati 24 megavatt, keyingi yil yana 20 megavatt bo‘lgan jami 763 ta kichik va mikro GESlarni ishga tushirish rejalashtirilgan. 

Xitoy kompaniyalaridan biri viloyatda mikro GESlar uchun kerakli uskunalarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi. Qayd etilganidek, qurilgan GESlarga 1 yil davomida bepul servis xizmati ko‘rsatiladi. 

Kuni kecha Bobur shahrida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilishi e’lon qilingan edi. Ko‘plab sarmoyadorlar shahar qurilishida ishtirok etishga qiziqish bildirmoqda. 

Jumladan, xitoylik investor 250 million dollar investitsiya hisobiga zamonaviy majmua qurmoqchi. Loyihaga muvofiq, 55 gektar hududda biznes markazi, mehmonxona, savdo markazlari va 3 ming xonadonga mo‘ljallangan uy-joy quriladi.

Uchrashuvda shu va boshqa loyihalar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Davlatimiz rahbari mutasaddilarga investitsiyalarni ko‘paytirish, investorlar bilan yaqindan ishlab, zarur sharoitlarni yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi yakunlandi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbirlari

O‘zA

Powered by GSpeech