12 oktyabr kuni Moskvada “Yevroosiyo makonida inson huquqlarini himoya qilish muammolari: Ombudsmanlar o‘rtasida eng maqbul amaliyotlar almashinuvi” mavzuida Beshinchi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Xalqaro anjumanning birinchi yalpi majlisida nogironlar huquqlarini himoya qilish borasidagi xalqaro va milliy tajriba muhokama qilindi.
Ilmiy-amaliy konferensiyaning ikkinchi yalpi majlisi ekologiya sohasidagi inson huquqlari mavzusiga bag‘ishlandi. Shu munosabat bilan Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili Tatyana Moskalkova yer yuzida aholi sonining jadal ortib borishi, bir qator davlatlar va mintaqalar iqtisodiyotining izchil rivojlanishi hamda ishlab chiqarish va iste’mol hajmlarining keskin ortishi kabi omillar atrof muhit holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi. T.Moskalkova qayd etganidek, «Ekologiya muammolari — ilgari faqat alohida hududlargagina xavf tug‘dirgan bo‘lsa, endilikda transmilliy va global ko‘lam kasb etmoqda».
O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Cpikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov bugungi kunda ekologik tahdidlar – bir tomondan, hozirgi davrga xos global xatarlar hisoblansa, ikkinchi tomondan, inson huquqlari sohasidagi jiddiy muammolar qatoriga kirishiga e’tiborni qaratdi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi o‘z tarixida ilk bor musaffo, sog‘lom va barqaror atrof muhit – bu inson huquqlarining uzviy qismi, deb e’tirof etgani hamda bu sohada Maxsus ma’ruzachi maqomini ta’sis qilgani xuddi shu omillar bilan izohlanadi.
Bu o‘rinda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 48-sessiyasida Insonning sog‘lom va toza atrof muhitga ega bo‘lish huquqi to‘g‘risida, shuningdek BMT Kengashining Iqlim o‘zgarishlari sharoitida inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisini 3 yil muddatga tayinlash haqida alohida rezolyusiyalar qabul qilganini ta’kidlash lozim.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish, atrof muhitni muhofaza qilish va bioxilma-xillikni asrab-avaylash ishlariga katta e’tibor qaratilayotgani juda muhimdir. O‘zbekiston tomoni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida ushbu yo‘nalishda quyidagi yangi tashabbuslarni ilgari surdi:
birinchi tashabbus – O‘zbekiston 2022 yilda Orolbo‘yi hududida, ya’ni Nukus shahrida «yashil» energetika bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda yuqori darajadagi xalqaro Forum o‘tkazadi;
ikkinchi tashabbus – mamlakatimiz Bioxilma-xillik bo‘yicha Global hadli dasturning yaqin istiqbolda qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlaydi va kelgusida Bioxilma-xillik konvensiyasi ishtirokchilarining yig‘ilishlaridan birini o‘z hududida qabul qilishga tayyor;
uchinchi tashabbus – BMT shafeligida global ekologik siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini batafsil muhokama qilish maqsadida 2023 yili O‘zbekistonda Atrof muhit bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuqori darajadagi Oltinchi Assambleyasini o‘tkazish taklif qilindi;
to‘rtinchi tashabbus – ana shu Assambleyada BMTning yangi ekologik siyosati asoslarini tashkil etishga qaratilgan Butunjahon ekologiya xartiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surish mo‘ljallanmoqda.
Onlayn shaklda tashkil etilgan an’anaviy tadbirda xalqaro tashkilotlar, Yevroosiyo makonidagi inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, Ombudsmanlar, parlamentlar a’zolari, akademik hamjamiyatlar vakillari va fuqarolik jamiyati institutlari faollari qatnashdi.
Xalqaro anjuman yakunida ishtirokchilarning taklif va tavsiyalari asosida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning rezolyusiyasi qabul qilindi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 13.10.2021
- Ko'rishlar: 3578
- Chop etish