Elga xizmat qilmoq – yuksak sharafdir

“Totuv el to‘zimas”. “Birlik bor joyda tiriklik bor”. “Do‘stlik – bemisl xazina”. “Ilmli elga nur yog‘ilar”. “Tanigan joyda bo‘y siylanar, tanimagan joyda to‘n siylanar”. “Ko‘p yashagan bilmaydi, ko‘pni ko‘rgan biladi”. “Yakka yog‘och uy bo‘lmas, yolg‘iz yigit biy bo‘lmas”. “Og‘a bo‘lar yigitning etak-yengi keng bo‘lar”.

Ushbu o‘git va hikmatlarning ayrimlari o‘zbek hamda qoraqalpoq xalqlarining purma’no maqollari hisoblansa, boshqalari Qoraqalpog‘istonning taniqli oqsoqoli, davlat va jamoat arbobi Qallibek og‘a Kamolovning ong-tafakkurida qariyb bir asr davomida charxlanib-sayqallangan ibratli fikrlar qaymog‘idir. Bu kabi durdona hikmatlar hurmatli oqsoqolimizning 2021 yili Nukusdagi “Bilim” nashriyoti chop etgan “El xizmatida” nomli salmoqli xotira kitobida ko‘plab uchraydi.

Ushbu kitob 1995 yili “Qoraqalpog‘iston” nashriyotida, 2018 va 2019 yillarda esa “Bilim” nashriyotida qoraqalpoq tilida uch marta qayta nashr etilgan. Har bir yangi nashr mazmunan boyitilib, muallifning mustaqillik davrida yurtimizda erishilayotgan ulkan yutuqlarga munosabati bilan izchil to‘ldirib borilgan.

Joriy yilda kitobning qayta ishlangan va to‘ldirilgan to‘rtinchi nashri o‘zbek tilida ilk bor chop etildi. Kitobda asosan Qallibek og‘a qoraqalpoq eliga rahbarlik qilgan XX asrning 60-80-yillarida yuz bergan voqea-hodisalar qalamga olingan. Mazkur xotiralarda Qoraqalpog‘istonning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy taraqqiyotiga oid ko‘plab tarixiy voqealar, muhim dalil va raqamlar qayd etilgan.

Qallibek Kamolov 1926 yili Orol dengizi bo‘yidagi “Terbenbes” degan makonda dunyoga kelgan va chorak asr davomida, ya’ni 1963-1984 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasiga rahbarlik qilgan, bir qator mas’ul vazifalarda ishlagan. Sobiq Ittifoq Oliy Soveti deputatligiga 6 marta saylangan, O‘zbekiston Oliy Sovetiga Qoraqalpog‘istondan vakil bo‘lgan. Qoraqalpog‘istonda xalq xo‘jaligini rivojlantirish yo‘lidagi uzoq yillik samarali xizmatlari uchun ko‘plab nufuzli davlat mukofotlari, xususan, 1973 yili “Sotsialistik Mehnat Qahramoni” unvoniga sazovor bo‘lgan.

Qallibek og‘a dunyo kezgan va hayotning baland-pastini ko‘rgan donishmand inson. Jahonning qariyb yigirmata davlatida bo‘lgan. Xususan, 1984-1986 yillarda diplomatik sohaga o‘tib, Ruminiyaning Konstansa shahridagi sobiq Ittifoq Bosh konsuli lavozimida ishlagan. Ustozga 1984 yili Birinchi darajali Favqulodda va muxtor elchi maqomi berilgan.

Eng muhimi, Qallibek og‘a shunchalik sermazmun hayot yo‘li va ulkan tajribaga ega bo‘lmasin, hamon yoshlardek g‘ayrat-shijoatga to‘la ekani oqsoqolning memuari – xotira kitobi sahifalaridan shundoqqina sezilib turadi. “Kuchni atrofda yuz berayotgan o‘zgarishlardan olayapman. Shiddatli islohotlar jarayonini kuzatib, hech bir muhim voqeani o‘tkazib yubormaslikka harakat qilayapman”, deydi oqsoqol.

Bugungi kunda hayot qanchalik tez o‘zgarayotganini ko‘rish, taqqoslash uchun uzoq joylarga borishga hojat qolmadi. Qoraqalpog‘istonda ham ishlar qizigandan-qizib ketdi. Ayniqsa, Mo‘ynoq shahri bu yangilanishlarning markazida bo‘lgani Qallibek og‘ani cheksiz hayrat va hayajonga soldi. So‘nggi yillarda qabul qilingan qarorlar Mo‘ynoq uchun najotbaxsh yo‘l bo‘ldi. Axir o‘z vaqtida bu yerdan hamma ko‘chib ketishni boshlagan, bor-yo‘g‘i, 13-14 ming aholi qolgan edi. Hozir esa 30 mingga yaqin kishi yashayapti. Bu yerda aeroport, stadion, sport majmuasi, amfiteatr va boshqa inshootlar paydo bo‘ldi, infratuzilma qayta tiklanib, tadbirkorlik rivojlanmoqda, hududning investitsiyaviy jozibadorligi ham ortmoqda. Odamlarning o‘zida maishiy turmushni yaxshilash, jonajon o‘lkaning gullab-yashnashiga hissa qo‘shish istagi kuchaydi.

Kitobda muallifning hayotiy muammolarga, jumladan, til, adabiyot va tarix fanlariga oid fikr-mulohazalariga ham keng o‘rin berilgani bejiz emas. Qallibek og‘a o‘zining ko‘p yillik boy hayotiy tajribalaridan kelib chiqib, bugungi yosh avlod vakillarini munosib tarbiyalash bo‘yicha bildirgan qimmatli takliflari va foydalari maslahatlari kitobning dolzarbligi hamda ma’naviy ahamiyatini yanada oshirgan.

Qallibek og‘aning 22 fasldan iborat “El xizmatida” kitobini mutolaa qilish asnosida alohida e’tiborimni tortgan ayrim jihatlarga qisqacha to‘xtalaman.

Birinchi jihat – o‘zbek xalqining asl farzandi, atoqli davlat va jamoat arbobi, taniqli adibva jurnalist Sharof Rashidov shaxsiga nisbatan cheksiz mehr va sadoqatga yo‘g‘rilgan munosabat. Qallibek og‘a: “Sharof og‘ani o‘zim uchun dunyodagi eng qadrdon inson, g‘amxo‘r do‘st va ulug‘ ustoz deb bildim”, deya e’tirof etadi. Sharof Rashidov haqida har gal o‘zining xolis fikrlarini bayon etar ekan, “Har bir inson – o‘z davrining farzandi”, degan haqiqatni uqtiradi.

Ikkinchi jihat – Qallibek og‘aning qalb qo‘ridan yaralgan ushbu kitobida balqib turgan vatanparvarlik va millatparvarlik tuyg‘ulari kitobxonni aslo befarq qoldirmaydi. Muallif “o‘zbek – o‘z og‘am” der ekan, vatanparvar inson sifatida O‘zbekiston davlati va o‘zbek xalqining hurmat-ehtiromini joyiga qo‘ysa, Qoraqalpog‘iston zamini va qoraqalpoq xalqining tarixini o‘rganish, milliy tili, madaniyati va san’atini rivojlantirish haqida astoydil qayg‘urishi orqali o‘zining haqiqiy millatparvarligini namoyon etadi.

Kitobda Qoraqalpog‘iston Respublikasida ilm-fan rivojining bugungi holati va istiqbollari haqida ham atroflicha so‘z yuritilgan.Jumladan,“bizda yuridik fanga haligacha e’tibor yetarli emas. Bu soha bo‘yicha respublikamizda sanoqli fan doktorlari bor. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Qoraqalpog‘iston bo‘limida yuridik fanlar sektori tashkil etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi”,deb yozgan Qallibek og‘a.

Uchinchi jihat – muallifning ayol zotiga, xotin-qizlar, bolalar va oilaga nisbatan mehr-muhabbat, e’tibor hamda chuqur g‘amxo‘rlikka yo‘g‘rilgan munosabati har qancha tahsinga sazovor. Qallibek Kamolov o‘zining yurt og‘asi sifatida qoraqalpog‘istonlik xotin-qizlar turmush tarzini obod etish, ayollarning davlat va jamiyat hayotidagi faolligini oshirish borasidagi sa’y-harakatlari xususida ko‘plab misollar keltirgan. Kitobning “Qoraqalpoq xotin-qizlari” nomli bobi to‘liq shu mavzuga bag‘ishlangan.

El orasida: “Bir uyni yetti erkak to‘ldirolmaydi, bir ayol to‘ldiradi”, degan naql bor. Kitobda ayni mavzuda bayon etilgan o‘nlab maqolu hikmatlar bilan muallifning o‘z turmush o‘rtog‘i to‘g‘risida yozgan samimiy dil izhorlari o‘rtasida ajib bir hamohanglik bor. Qallibek og‘a 70 yildan ortiq vaqtdan buyon umr yo‘ldoshi bo‘lib kelayotgan suyukli rafiqasi haqida so‘z yuritar ekan: “Lyubov Semyonovna rahmatli otamga sidqidildan xizmat qilib, uning duosini olgan. Mening barakali mehnat qilib, rahbar sifatida kamolga yetishimda umr yo‘ldoshimning xizmatlari juda katta ekanini alohida ta’kidlashni burchim deb bilaman”, deya e’tirof etgan.

Binobarin, “El xizmatida” kitobi, bir tomondan, tajribali el og‘asi, ikkinchi tomondan, yuksak madaniyatli bir oilaning ibratli yetakchisi qalamiga mansub ekani bilan, ayniqsa, ahamiyatli va foydalidir. 2017 yilda «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan, 100 yosh bilan yuzlashayotgan Qallibek Kamolovning umri bardavom bo‘lsin!

“El xizmatida” kitobining o‘zbekcha nashri muborak bo‘lsin!

Hurmatli oqsoqolimizni ijod zavqi hech qachon tark etmasin!

Akmal SAIDOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 

Spikerining birinchi o‘rinbosari

Manba: O‘zbekiston RespublikasiOliy MajlisiQonunchilik palatasi

"Nuroniy" gazetasi

 

 

Powered by GSpeech