Bino va inshootlar qurilishida zamonaviy telekommunikatsiya infratuzilmasi majburiy etib belgilanishi kutilmoqda. Gap shundaki, bugungi kunga qadar yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarning ayrimlarida tegishli infratuzilma ko‘zda tutilmagani sababli qayta qurilish ishlarini olib borishga to‘g‘ri kelyapti. Shunday ovoragarchiliklarning oldini olish maqsadida yangi qurilishlarda zamonaviy telekommunikatsiya infratuzilmasi majburiy etib belgilanmoqda.
Ushbu tartib “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi qonun loyihasida nazarda tutilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan mazkur qonun loyihasi bilan aholiga va telekommunikatsiya sohasida faoliyat yurituvchi subyektlarga bir qator qulayliklar yaratilmoqda. Xususan, loyihaga ko‘ra, endi bank, to‘lov tizimi, to‘lov tashkiloti, elektron tijorat platformasi ilovalari orqali xizmatlarni ko‘rsatishda telekommunikatsiyalar sohasida faoliyat yuritish uchun litsenziya talab etilmaydi.
Ko‘p qavatli uylarda yashovchilarning arizasi bo‘lganda xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga binoda mavjud infratuzilmadan beg‘araz foydalanish imkoniyati yaratiladi. Operatorlarga telekommunikatsiya infratuzilmasi obyektlaridan birgalikda foydalanishga ruxsat beriladi.
Qayd etilganidek, qonun loyihasining ko‘plab normalari Konstitutsiyaga moslashtirilmoqda. Xususan, loyihaning 7-moddasi qonunchilikka muvofiq telekommunikatsiyalar sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilangan bo‘lsa, asosiy yo‘nalishlarning birinchi qismi Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratish ekanligi belgilab qo‘yildi.
Shu bilan birga, qonun loyihasi bilan qonunchilik texnikasidan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasi vakolatlarini ifodalovchi yangi modda kiritilmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi telekommunikatsiya infratuzilmasidan samarali foydalanish imkoniyatini yaratish orqali xizmatlar qamrovi va sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi qizg‘in bahs-munozara va savol- javoblardan so‘ng qabul qilindi.
M. Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 28.02.2024
- Ko'rishlar: 2338
- Chop etish