Eng koʻp qanday maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgani aytildi

Oʻzbekistonda joriy yilning I choragi davomida jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan 162 665 nafar shaxsga nisbatan 138 557 ta maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqildi.

Koʻrib chiqilgan ishlar natijasida 105 418 nafar shaxsga nisbatan maʼmuriy jazolar qoʻllanildi. Bu haqda Oliy sud xabar berdi.

Qayd etilishicha, yarashgani munosabati bilan 19 201 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikdan ozod etildi. Koʻrilgan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarning aksariyatini

  • mayda bezorilik,
  • ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik,
  • avtomobil transportida yoʻlovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shugʻullanish,
  • elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish,
  • haqorat qilish,
  • transport vositalari haydovchilarining yoʻl harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi,
  • savdo yoki xizmat koʻrsatish qoidalarini buzish,
  • jamoat joylarida alkogol mahsulotini isteʼmol qilish,
  • transport vositalarini mastlik holatida boshqarish,
  • sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanishi mumkin boʻlgan ashyolarni olib yurish bilan bogʻliq maʼmuriy huquqbuzarliklar tashkil etadi.

Apellyatsiya tartibida 1 924 nafar shaxsga nisbatan 1 632 ta maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqildi. 637 nafar shaxsga nisbatan birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 577 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari oʻzgartirildi.

Kassatsiya tartibida 2 540 nafar shaxsga nisbatan 2 380 ta maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqildi. 1 021 nafar shaxsga nisbatan birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 625 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari oʻzgartirildi.

Oliy sudning Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan taftish tartibida 467 nafar shaxsga nisbatan 420 ta maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqildi. 102 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 83 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari oʻzgartirildi.

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»

Powered by GSpeech