Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizning XXI bob, 120-moddasida xalq deputatlari Kengashiga uning deputatlari orasidan qonunga muvofiq saylanadigan rais boshchilik qilishi, viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari Kengashining raisi lavozimini egallashi mumkin emasligi mustahkamlab qo‘yilgan.
Konstitutsiyamizning ushbu moddasiga ko‘ra, xalq deputatlari Kengashlarining vakolatlari muddati besh yil bo‘lib, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq ayni bir viloyat, tuman, shahar xalq deputatlari Kengashining raisi etib saylanishi mumkin emas.
Ayni kunlarda joylarda yangilangan xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining ilk sessiyalari o‘tkazilib, hokimlar o‘z lavozimlariga tasdiqlanmoqda. Shu bilan birga, mahalliy Kengashlarga raislar saylanmoqda. Bu jarayonda yuqoridagi konstitutsiyaviy normalarga amal qilinayotgani e’tiborga molik.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Odil Tojiyev quyidagilarni qayd etdi:
— Demokratik taraqqiyot sari yana bir katta qadam tashlanmoqda. Mamlakatimiz tarixida ilk marotaba viloyat Kengashlariga hokimlar raislik qilishi amalda bekor qilinib, viloyat Kengashi deputatlari orasidan saylangan deputat viloyat Kengashiga raislik qilishni boshladi. Bu xalqimiz bilan maslahatlashib, 2023 yilda referendum asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning yana bir muhim normasining amalda qo‘llanilganini ko‘rsatadi.
Viloyat Kengashiga raislik qilish insondan, eng avvalo, katta hayotiy tajriba talab qiladi. Bu lavozimdagi shaxs xalq dardini o‘z dardi deb biladigan, hayot sinovlarida toblangan, tegishli hududdagi masala va muammolarni yaxshi biladigan, odamlar orasida katta obro‘ga ega, shu bilan birga, kun tartibiga dolzarb masalalarni qo‘ya oladigan shaxs bo‘lishi lozim.
Xalq deputatlari Samarqand, Jizzax, Navoiy va Xorazm viloyatlari Kengashlari sessiyalarida viloyat Kengashi raislari saylandi. Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatar ekanmiz, o‘sha viloyatdagi jamoatchilik, hamkasblarimiz ilk saylangan Kengash raislari haqida ijobiy fikrlar bildirayotgani kishini quvontiradi. Ayrim raislarning faoliyatini yaqindan kuzatganim uchun ham to‘g‘ri tanlov bo‘layotganini aytishni joiz deb bilaman, — deydi O.Tojiyev.
Darhaqiqat, mahalliy Kengashlar va hokimlarning vakolatlari alohida-alohida qilib belgilab qo‘yilgan. Bu esa ushbu organlar mas’uliyati va javobgarligini oshiradi, vazifalar takrorlanishining oldini oladi. Hokimlarning mahalliy Kengashlarga raislik qilish amaliyotidan voz kechilgani mahalliy vakillik organlari xalq nomidan muhim siyosiy qarorlarni mustaqil qabul qilishiga, hokimliklar faoliyati ustidan ta’sirchan kengash va deputatlik nazorati o‘rnatilishiga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA
- Qo'shildi: 07.11.2024
- Ko'rishlar: 918
- Chop etish